O‘zbekistonga Saudiya Arabistoni podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih boshchiligidagi delegatsiya keldi

Iqtisodiyot 18:45 / 23.01.2021 9504

Saudiya Arabistoni podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih boshchiligidagi delegatsiya Buxoro shahriga keldi.

Bugun, 23 yanvar kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov saudiyalik mehmonlar bilan uchrashdi.

«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, tadbirda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilingan.

Tashrif dasturi bo‘yicha mehmonlar 24 yanvar kuni Sirdaryo viloyati Shirin shahrida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilish ishlari boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etadi.

2020 yil mart oyida Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi bilan hamkorlikda Shirin shahrida 1 500 MVt quvvatga ega elektr stansiyasini qurish bo‘yicha 1 milliard 200 million dollar miqdorida investitsiya shartnomalari imzolangan edi.

Mazkur loyiha bo‘yicha 2020 yil 10 avgust kuni O‘zbekiston prezidentining qarori qabul qilingan.

Qarorga muvofiq, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «The International Company for water and power projecs» (Saudiya Arabistoni) (investor) va «Acwa Power Sirdarya» MChJ (Loyiha kompaniyasi) o‘rtasidagi Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya bitimi tasdiqlangan.

O‘tgan yilning fevralida O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov ASWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan boshchiligidagi Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazgani xabar qilingandi.

Loyiha doirasida samaradorligi 60 foizdan yuqori H/J sinfidagi eng zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari qo‘llaniladi.

Elektr stansiyasi yiliga 10 milliard KVt soatdan ortiq elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, tabiiy gazning yillik tejash darajasi 2  milliard kubdan oshadi.

Ma'lum qilinishicha, «ACWA Power» kompaniyasining to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyalari hisobiga Buxoro va Navoiy viloyatlarida qiymati 1 milliard dollarga teng, quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini bunyod etish bo‘yicha yangi investitsiya bitimi imzolanishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: