2019 yil 13 apreldagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi ishlab chiqildi va ilk bor tajriba-sinov tariqasida o‘sha yilning 1 oktyabridan Sirdaryo viloyatida joriy etildi. Tizim muvafaqqiyatli deb topilgach, 2020 yil sentyabridan dekabriga qadar butun respublikada yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu masala yuzasidan Kun.uz savollariga Moliya vazirligi departament direktori Nodir Musliddinov javob berdi. Quyida vazirlik vakilining javob va mulohazalari soddalashtirilgan ko‘rinishda taqdim etiladi.
«Texnikani aldab bo‘lmaydi». Ijtimoiy reyestr aholiga nima uchun kerak?
2020 yilga qadar ijtimoiy nafaqalar, ya'ni 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi va kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam mahalallar tomonidan tayinlanib kelingan. Bunda bir qator muammolar paydo bo‘lgan. Masalan, arizachidan daromadlari, mol-mulki, oila a'zolari ishlaydigan joydan ma'lumotlar talab qilingan. Bundan tashqari, murojaatni ko‘rib chiqish jarayoni uchun uzoq vaqt sarflangan. Ariza va ma'lumotlarni kichik komissiya ko‘rib chiqar, u taxminan 5 kishilik edi. Hujjatlar nafaqaga to‘g‘ri kelsa, ushbu komissiya arizachining uyiga borib, uning moddiy va mulkiy sharoitini o‘rganib chiqardi. Bunday baholashda komissiyalar tomonidan har xil yondashuvlar va inson omili yuqori bo‘lgan. Bu esa korrupsion holatlar hamda aholining noroziliklariga olib kelgan.
Shuni bartaraf etish uchun chet el tajribasini o‘rgandik. U yerda muhtoj oilalarni aniqlash avtomatlashgan va shaffof mexanizmlar asosida aniqlanayotganiga guvoh bo‘ldik. Biz ham shu yo‘l – to‘g‘ri, deb xulosa qildik. Chunki raqamlashtirilgandan keyin, texnikani aldab bo‘maydi, unga iltimos qilib bo‘lmaydi. «Bunga nafaqa tayinlagin, bunisiga tayinlamagin», deb bo‘maydi.
2019 yilda YUNISEF va Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonalari bilan birgalikda «Yagona ijtimoiy reyestr»ni ishlab chiqishni boshlaganmiz. Birinchi bosqichda, tizimning moliyaviy xarajatlarini YUNISEF o‘z zimmasiga oldi. Bizga YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan ajratilgan grant mablag‘lari hisobidan xorijiy kompaniya jalb etildi. 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasining 308-qaroriga asosan, bu tizim tajriba-sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida ilk marotaba faoliyatini boshladi va yaxshi natijalarga erishildi.
Yangi tizimning qanday afzalliklari bor?
Mazkur tizim bo‘yicha fuqaro hech qanday ma'lumotni yig‘ishi shart emas. Faqatgina ariza bilan o‘zi va oila a'zolarining pasport nusxalari (nikoh va tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomalar) taqdim etiladi. Arizani mahallaga beradi. Mahalla arizani qabul qiluvchi va uni jamlab pensiya jamg‘armasining tuman bo‘limiga taqdim etuvchi organ vazifasini bajaradi. Arizani qanoatlantirish yoki rad etish bo‘yicha hech qanaqa qaror qabul qilmaydi.
Reyestr orqali elektron tarzda nafaqalar kimga tayinlangani yoki rad etilgani, rad etilishining sabablarini ham ko‘rish mumkin. Bu yerda hammasi shaffof.
Dasturga fuqaroning pasport seriyasi va shaxsiy identifikatsiya raqamlari kiritiladi va shunda unga tegishli barcha qolgan ma'lumotlar avtomatik ravishda chiqadi. Hozirda tizim 9ta vazirlik va idoralar elektron bazasiga ulangan. Ayni paytda ulardan 20 turdagi ma'lumotlar olinyapti.
Misol uchun, Soliq qo‘mitasidan ish haqi yoki mulkiy daromadlar to‘g‘risida ma'lumot olinadi. Pensiya jamg‘armasi, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Kadastr, mehnat organlari bilan ham hamkorlik qilyapmiz.
Tizimning o‘ziga xos tomoni shuki, arizachining ijtimoiy holati nafaqa oluvchi tartibiga to‘g‘ri kelsa, yagona reyestr unga nafaqani avtomatik tarzda o‘zi tayinlaydi. Agarda to‘g‘ri kelmasa, rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Har ikki holatda ham arizachi SMS orqali xabardor qilinadi.
Yana bir jihat, bu tizim Moliya vazirligi va «Xalq banki» bilan bog‘langan, tayinlangan nafaqalar bo‘yicha avtomatik ravishda to‘lov «vedomost»ini va to‘lov topshiriqnomasini tuzadi. Shakllantirilgan to‘lov «vedomost»ini to‘g‘ridan to‘g‘ri bankka jo‘natadi, to‘lov topshirmasini esa g‘aznachilikka taqdim etadi. G‘aznachilik to‘lov topshirmasi bo‘yicha to‘lovni moliyalashtirgandan keyin pul to‘g‘ri «Xalq banki»ga chiqib ketadi. Keyin to‘lash ishlari boshlanadi. Odamlar hech qayerga bormaydi, hech kimga telefon qilmaydi. Pulni plastikda ham, naqd shaklda ham olish mumkin. Hammasi nafaqa oluvchining xohishiga qarab bo‘ladi.
Qanday hollarda nafaqa tayinlash rad etiladi?
- Bir oilaning kishi boshiga to‘g‘ri keladigan daromadi mehnatga haq to‘lash bo‘yicha eng kam miqdorining 0,527 baravaridan (1 fevraldan boshlab bu 393,8 ming so‘m) kam bo‘lgan oilalarga Ijtimoiy nafaqa tayinlanadi.
- Agar oila a'zolari nomida bittadan ortiq ko‘chmas mulki, ya'ni o‘zi yashab turgan uyidan boshqa yana ko‘chmas mulki bo‘lsa.
- Ishlab chiqarilganiga 10 yil to‘lmagan mashinasi bo‘lsa. Undan yuqori bo‘lsa, mumkin.
- Ikkita va undan ortiq mashinasi bo‘lsa.
- Oila a'zosi hech qayerda rasman band bo‘lmasa, jamoat ishlari ishtirokchisi bo‘lmay, ishda ishlash uchun mehnat organlariga murojaat qilib, ish izlayotgani to‘g‘risida ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa ham ijtimoiy nafaqa berish rad etiladi.
Arizalar soni cheklanganmi?
To‘g‘ri, ilgari mahalla tomonidan ajratilgan pulga qarab arizalar olinar edi. Bunda muhtojroq oila qolib ketib, undan sharoiti nisbatan yaxshiroq oilaga nafaqa tayinlash holatlari bo‘lishi mumkin edi.
Endilikda mahalla vakillarida ariza qabul qilish bo‘yicha hech qanaqa chegara yo‘q. Agarda, nafaqa olish huquqi bor deb topilgan oilalar soni haqiqatda ajratilgan mablag‘larga nisabatan ko‘p bo‘lsa, u holda dastur avtomatik ravishda eng muhtojlarni tanlab, qolganlarni keyingi oyga o‘tkazadi.
Lekin, oxirgi vaqtda bunaqa holat bo‘lmadi. Sababi, Prezidentimiz farmonlariga muvofiq nafaqa olishi mumkin bo‘lgan oilalar soni 2 baravarga oshirilib, bu yo‘nalishda ajratilayotgan mablag‘lar miqdori sezilarli ravishda oshgan.
2020 yilning boshlanishigacha 595 ming oila nafaqa olib turgan bo‘lsa, prezident qaroriga asosan, 2020 yilda nafaqa oluvchilar soni 2 barobarga oshirilib 1 million 200 ming oila nafaqa olish huquqiga ega bo‘ldi.
«Temir daftar» bilan yagona reyestr birlashtiriladi
Hozirgi holat reyestrning birinchi qadami. Ayni paytda mazkur tizim orqali faqat nafaqalar tayinlanyapti.
Davlatimiz rahbari, parlamentga murojaatlarida «Temir daftar» bilan yagona reyestr birlashtiriladi, 30 turdagi ijtimoiy xizmatlar yagona reyestr orqali elektron ravishda amalga oshiriladi», deb aytdilar. Shu topshiriqdan kelib chiqib, «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» dasturlari Yagona ijtimoiy reyestr bilan o‘zaro bog‘lanadi, davlat ijtimoiy xizmatlari raqamlashtiriladi.
Davlat tomonidan aholiga juda ko‘p turdagi ijtimoiy yordamlar ko‘rsatiladi. Lekin ularning yaxlit bazasi yo‘q. 2021 yil davomida shunday turdagi ijtimoiy yordamlar bazasi bir joyga jamlanadi.
Yagona ijtimoiy reyestr loyihasi uchun 30 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan
Bu loyihani amalga oshirishda oila tarkibi to‘g‘risida elektron ma'lumotda zaruriyat paydo bo‘ldi. Shunda FXDYo arxividagi hujjatlarni raqamlashtirish uchun juda ko‘p ishchi kuchi jalb qilindi. Ya'ni bu ish ustida 2000 nafardan ortiq mutaxassis ishladi. 2000 mingtadan oshiq kompyuter sotib olindi. Chunki vaqt juda ham qisqa edi. 4 oyni ichida shu ishni amalga oshirish kerak edi. Bunga davlat budjetidan prezident qarori bilan 30 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Juda katta ish qilindi.
Yagona ijtimoiy reyestr tizimi prezident qarori bilan 2020 yil sentyabrdan dekabrga qadar bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida joriy etildi. 2021 yilning yanvar oyida ijtimoiy yagona reyestr orqali respublikaning barcha hududlarida 3 turdagi nafaqalar inson omilisiz to‘liq tayinlab kelinmoqda.
Islombek Umaraliyev suhbatlashdi