Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yashovchi K.A. 2021 yil 17 yanvar kuni tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti.
U 2021 yilning 15 yanvar kuni soat 10:00da sinfdoshi A.Q. va uning turmush o‘rtog‘i G.A. telefon orqali o‘zlarining “Qurashayx” qishlog‘idagi yashash uyiga chaqirganliklari uchun K.A. fuqaro A.Q.ning yashash uyi ayvoniga kirgan vaqtida uni urib, oyoq-qo‘llarini arqon bilan bog‘lab, yuz, bosh va son sohalariga tayoq bilan qasddan urib, ro‘zg‘or kapgirini uy ichida yongan holatdagi temir pechda qizdirib, K.A.ning qorin sohasiga bir necha marta bosib kuydirishganini aytgan hamda ushbu holat bo‘yicha qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Tibbiy ma'lumotnomaga asosan K.A.da “bosh miya chayqalishi, boshning tepa va chap chakka sohasida qon quyilishi, boshning peshona sohasida ezilib yirtilgan yarasi, qorin pastki sohasi kuygan jarohati va boshqa tan jarohatlari” mavjudligi qayd qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Yakkabog‘ tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 1-qismi (qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida A.Q. ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan vaqtida uning turmush o‘rtog‘i G.A. jabrlanuvchi K.A. bilan muloqotda bo‘lib kelganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, K.A. 2021 yil 15 yanvar kuni shifoxonaga murojaat qilgan vaqtida yuqoridagi janjalni yashirgan holda, otdan yiqilib, uni ot sudrab ketganini ma'lum qilgani hamda birinchi yordamni olib, shifoxonadan chiqib ketgani aniqlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda.