Valutafurushlikka qonunan ruxsat berish rejada yo‘q - MB raisi o‘rinbosari

Iqtisodiyot 19:28 / 22.01.2021 9453

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev Kun.uz muxbirining  valutani sotish yoki sotib olish xizmati litsenziya asosida xususiy sektorga berilishi borasidagi savoliga javob qaytardi.

Ma'lum qilinishicha, bu hali noma'lum jarayon. Chunki banklarning o‘zi yetarli darajada faoliyat yuritmoqda.

«Hozirda litsenziya asosida xususiy sektorga berish masalasi ko‘zda tutilmagan. Chunki banklarimizning o‘zi yetarli. Hammasi xususiy. Ularning barchasi tijorat bo‘yicha oldi-sotdi qilib kelyapti.

Buni bosqichma-bosqich ko‘rib boraverishimiz kerak. Mana masalan, navbatdagi bosqichda banklarga valutani o‘z hisobiga sotib olib, keyin mijoziga sotish imkoniyatini yaratyapmiz.

Bu sekin-sekin rivojlantirib boriladi. Lekin hozirgi paytda xususiy sektorga buni berish ko‘zda tutilmagan. Zarurat bo‘lsa bu masala yana ko‘riladi. Chunki banklarning o‘zi eplab turibdi. Har kuni vaziyat o‘zgaradi, yangiliklar bo‘ladi. Islohotlar qilib borilaveradi. Bir narsani qat'iy, yo‘q unday bo‘ladi yoki bu bunday bo‘ladi, deb aytish juda qiyin.

Ko‘p hisob-kitoblar, tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, buni Rossiya yoki Qog‘ozog‘iston misolida aytsam, ularda qaytib yana bankka olib berilgan vaziyatlar bo‘lgan. Ya'ni, birinchi xususiy sektorga berilgan. Keyin undan qaytib faqat banklar qilsin, deyilgan. Ma'lum bir jinoyat bilan bog‘liq elementlari va boshqa har xil sabablar bo‘lgani uchun shunday», – dedi tashkilot rasmiysi.

Ma'lumot uchun, 2017 yil 2 sentyabrda O‘zbekiston prezidenti «Valuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzolagan edi. Hujjatda yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valutasini erkin sotib olish va sotish hamda o‘z mablag‘larini o‘zining xohishiga ko‘ra erkin tasarruf etish huquqlarini ro‘yobga chiqarishni to‘liq ta'minlashi belgilangan.

Avvalroq, O‘zbekistonda xorijiy valutalar kursi keskin oshishi ortidan ko‘pchilik banklar sotuvda cheklovlar o‘rnatayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Bunga nisbatan Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov bu kabi cheklovlar qo‘yilgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning yanvar-oktyabr oylarida jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan chet el valutasi miqdori 3,7 milliard AQSh dollarini tashkil etib, avvalgi yilning mos davriga nisbatan 25 foizga yoki 744 million dollarga oshgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: