O‘zbekiston banklarida joriy etilayotgan «islom darchalari» nimani anglatadi?

Iqtisodiyot 20:32 / 22.01.2021 39610

«Islom taraqqiyot banki» guruhi tarkibiga kiruvchi «Xususiy tarmoqni rivojlantirish islom korporatsiyasi» (ICD) O‘zbekiston tijorat banklarida islom moliya darchalari («islom darchalari») ochish yuzasidan muzokaralar olib borayotganligi, ushbu masalada bir nechta bank bilan shartnomalar imzolanganligi haqida xabar berilgan edi.

Quyida islom darchalari nima ekanligi va ular qanday faoliyat olib borishi yuzasidan ma'lumot beriladi.

«Islom darchalari»

Islom bankchiligi rivojlanishi natijasida an'anaviy banklar tomonidan ham bu sohaga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Natijada, ushbu moliya muassasalari o‘zlarining mavjud infratuzilmalaridan foydalangan holda «islom darchalari» deb ataladigan bo‘linmalarni ishga tushira boshladi.

Mazkur tashabbus, islom bankchiligiga talab yuqori bo‘lgan joylarda an'anaviy banklar uchun yangi imkoniyatlar taqdim etdi. Biroq «islom darchalari»ni ochmoqchi bo‘lgan banklar o‘z tarkibida islom fiqhi, islom moliyasi va huquqi bo‘yicha olimlar/ekspertlar, hamda bank ishi mutaxassislari bo‘lgan mustaqil shariat qo‘mitasiga ega bo‘lishlari kerak.

Islom moliyasi tamoyillari asosida faoliyat yuritish uchun, ya'ni mijozlarga islom moliya mahsulot va xizmatlarini taklif qilish va bitimlarni islom moliyasi talablariga muvofiq ravishda tayyorlash ana shu shariat qo‘mitasi qarorlari asosida va nazorati ostida amalga oshiriladi. Aks holda bunday darchalar faoliyatini islom moliyasi tamoyillariga mos deyish mumkin bo‘lmaydi.

«Islom darchasi» – an'anaviy moliya muassasalari qoshida maxsus bo‘linma/filial yoki shoxobcha shaklida tashkil etiladi. Bunday shoxobchalarni tuzishdan asosiy maqsad – an'anaviy bank muassasalari mahsulot va xizmatlaridan emas, balki o‘z diniy qarashlari tufayli islom moliyasi tamoyillari doirasida faoliyat yurituvchi moliya muassasalari bilan ishlashni afzal ko‘ruvchi mijozlar ehtiyojini qondirish va shu orqali bor mijozlarni saqlab qolish, hamda bankka yangi mijozlar jalb qilish. An'anaviy banklarning islom darchalari ochishdan yana bir maqsadi to‘laqonli islom banklari bilan raqobat imkoniyatlarini oshirishdir.

«Islom darchalari»ning shariat bo‘yicha talqini

Islom moliyasidan yaxshi xabardor bo‘lgan ulamolar «islom darchalari»ni an'anaviy banklarda muayyan talablar asosida ochishga ruxsat berishgan. Ayrim ulamolar esa «islom darchalari»ni boshqaradigan an'anaviy banklarga biroz shubha bilan qaraydilar, chunki mazkur muassasalarning maqsad va vazifalari islom bankchiligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish emas, balki faqat qo‘shimcha daromad olish deb hisoblashadi.

Bundan tashqari, an'anaviy banklar daromadlarining katta qismi sudxo‘rlikka asoslangan faoliyat turlari hisobidan hamda halol bo‘lmagan biznes loyihalarni moliyalashtirish hisobiga olinishi xavotir darajasining yanada oshishiga sabab bo‘ladi.

Biroq aksariyat ulamolar daromad manbalari tahlil qilinishi va «toza» qismi islom darchasiga sarmoya qilinishi joiz ekanligini ta'kidlashadi. Daromadlarning «toza» qismi deganda moliya muassasasining foiz hisobiga yoki shariat nuqtai nazaridan taqiqlangan boshqa faoliyat turlaridan (masalan, mast qiluvchi ichimliklar yoki tamaki ishlab chiqaruvchi korxonalarga kiritilgan sarmoyadan) olgan daromadlari emas, balki boshqa, ya'ni Islom dinida taqiqlanmagan faoliyat turlaridan olgan daromadlari ko‘zda tutiladi.

Bank amaliyoti bilan yaqindan tanish bo‘lgan moliyachilarga ma'lumki, an'anaviy banklar nafaqat foiz asosida taqdim etiladigan qarzlar (kreditlar), balki mijozlarga xizmat ko‘rsatish, valuta ayirboshlash kabi islom dini nuqtai nazaridan halol bo‘lgan faoliyat turlaridan ham daromad olishadi. Shunday qilib, daromad manbalari o‘rganib chiqilgandan so‘ng, «toza» mablag‘lar «islom darchalari» orqali shar'iy nuqtai nazaridan ruxsat etilgan loyihalarga yo‘naltirilishi mumkin. Bu yerda asosiy vazifa an'anaviy bank amaliyotlari va «islom darchalari»  amaliyotlari bir-biriga aralashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Buni ta'minlash uchun «islom darchalari» doirasida islom moliyasi tamoyillariga mos bo‘lgan standartlar, hisob-kitob va hisobot shakllari qabul qilinadi va qo‘llanadi, ya'ni barcha buxgalterlik hisob-raqamlar, o‘tkazmalar, korrespondentlik raqamlari, xullas barcha amaliyotlar alohida olib boriladi.

Xo‘sh, «islom darchalari» faoliyat ko‘rsatishi uchun umumiy qabul qilingan ko‘rsatmalar qanday? Quyida ba'zi asosiy ko‘rsatmalarni e'tiboringizga havola qilamiz:

§ Aksiyadorlar, direktorlar kengashi va bank rahbariyati tomonidan islom moliyasi bo‘yicha mutaxassislar tavsiyalari asosida «islom darchasi» konsepsiyasini qabul qilish;

§ Maxsus Shariat kengashi (Shari’a supervisory board – SSB) tashkil etish va uning ko‘rsatmalariga qat'iy rioya qilish;

§ Bank doirasida islom moliyasi bo‘yicha muvofiqlashtirish ishlarini amalga oshirish, jumladan bankda foydalaniladigan dasturlarni islom moliyasi talablariga moslashtirish, tadqiqotlar va treninglar tashkil qilish;

§ Islom moliyasi talablariga muvofiq bo‘lgan bank siyosatini ishlab chiqish, shunga mos infratuzilma qurish va uni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab turish;

§ Islom darchalarida ishlaydigan xodimlarning islom banklari axloq kodekslariga rioya qilishlarini ta'minlash;

§ Shariatga muvofiq boshqaruv siyosatini qo‘llash.

§ Islom moliyasi tamoyillariga to‘liq mos keladigan mahsulotlar va xizmatlarni joriy qilish;

§ Shaffoflik siyosatiga amal qilish (albatta bu mijozlarga aloqador shaxsiy ma'lumotlarga emas, balki hisob-kitoblar tizimiga tegishli), islom moliyasi tamoyillariga mos bo‘lgan standartlarni, hamda hisob-kitob va hisobot shakllarini tatbiq qilish va qo‘llash.

Turli moliya muassasalarining tajribasidan kelib chiqqan holda shuni aytish mumkinki, «islom darchalari»ni ochish asosan ikki xil usulda amalga oshiriladi:

A) Mustaqil bo‘linma/filiallar tashkil etish

Bunda, an'anaviy banklar islom darchasi sifatida to‘laqonli bo‘linma/filial tashkil etishi va uning faoliyatini bankning boshqa an'anaviy faoliyatidan to‘liq ajratishi talab qilinadi. Ushbu usul Malayziyada keng tarqalgan bo‘lib, boshqa mamlakatlarda ham ommalashib bormoqda.

B) Markazlashtirilgan bo‘linmalar tuzish

Ushbu usul qo‘llanganda, bank markazlashtirilgan islom biznesi bo‘limini tashkil etadi, ya'ni o‘z binosida alohida bo‘lim sifatida «islom darchalari»ni ishga tushiradi va islom moliyasi mahsulot va xizmatlarini taqdim etaveradi.

Jahongir Imomnazarov
«Islom moliyasi» loyihasi asoschilaridan,
hamda «Islamic Business and Finance» kompaniyasi hamta'sischisi va direktori

Ko‘proq yangiliklar: