Tanqidga munosabat: Chortoqdagi chekka hududda bu yil yangi maktab quriladi

O‘zbekiston 22:32 / 21.01.2021 3928

Maqolada Namangan viloyati Chortoq tumanining chekka hududida joylashgan Beshtol va Qumriobod mahallalaridagi o‘quvchi bolalarning 10- va 39-maktablar filiallarida sifatli bilim olishi uchun umuman sharoit yo‘qligi haqida so‘z boradi.

Viloyat XTB 10-maktab filialidagi holat bo‘yicha quyidagilarni ma'lum qildi:

«Maktab binosi Chortoq tumanidagi Bog‘iston qishlog‘ida joylashgan 10-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabining filiali hisoblanib, 40 o‘rinli ushbu bino 1990 yilda aholining talablaridan kelib chiqqan holda, atrofdagi maktablarning uzoqligi sababli aholi tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan.

Hududdagi mavjud 68 ta xonadonda 17 yoshgacha 107 nafar, shundan 81 nafar maktab yoshidagilar istiqomat qiladi. Hozirgi kunda massivda yashovchi 1-sinfdan 4-sinfgacha bo‘lgan 21 nafar o‘quvchi ushbu binoda, yuqori sinf o‘quvchilari 10-, 39-umumiy o‘rta ta'lim maktabiga qatnab ta'lim olmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 20 dekabrdagi «2021–2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4936-son qarori 5-ilovasiga asosan, 2021 yilda Buloqboshi massivida budjet hisobidan ajratilgan 12,5 mlrd so‘m mablag‘ evaziga 330 o‘rinli yangi, zamonaviy maktab qurish hamda hududdagi barcha maktab yoshidagi o‘quvchilarni jalb etish rejalashtirilgan.

Xulosa o‘rnida, mazkur hududda 330 o‘rinli zamonaviy maktab qurilishini bildiramiz».

Ta'kidlash lozim, Kun.uz muxbiri Beshtol va Qumriobod mahallalarida bo‘lganida fuqarolar hududda yangi maktab qurilishi bo‘yicha tuman hokimligi ko‘p yillardan beri va'da berib kelishi, amalda esa bunday bo‘lmaganini bildirishgandi.

Ko‘proq yangiliklar: