2020 yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 13,1 foizga kamaydi

Iqtisodiyot 14:12 / 21.01.2021 7001

Davlat statistika qo‘mitasi axborotiga ko‘ra, tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 15,2 milliard AQSh dollarini (13,4 foizga kamaygan), import hajmi 21,1 milliard AQSh dollarini (12,8 foizga kamaygan) tashkil qilgan.

2020 yil davomida O‘zbekistonning tashqi savdodagi asosiy sherigi sifatida Xitoy qayd etilgan. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 6,43 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan. Shundan 1,93 milliard AQSh dollari eksport ulushiga, 4,5 milliard AQSh dollari import ulushi ekanligi ma'lum qilingan. O‘rtadagi salbiy saldo – 2,57 milliard dollar.

O‘tgan yil davomida O‘zbekistonning savdo sheriklari orasida Rossiya ikkinchi o‘rinda (o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 5,6 milliard AQSh dollari ,shundan eksport 1,5 milliard AQSh dollari, import 4,1 AQSh dollari) qayd etilgan. Keyingi pog‘onalarda Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Turkiya, Qirg‘iziston, Germaniya joy olgan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 10ta yirik hamkor davlatlar orasidan faqat 2tasi bilan (Qirg‘iziston va Afg‘oniston) aktiv tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 8ta davlatlar bilan passiv tashqi savdo balansi qayd etilgan, ya'ni ulardan import qilish eksportga qaraganda ko‘p kuzatilgan.

Tashqi savdo aylanmasining 2020 yil iyul hamda avgust oylarida keskin o‘sishi kuzatilgani oltin eksportining oshgani bilan izohlangan.

2020 yilning iyul–sentyabr oylarida Markaziy bank 34,9 tonna oltin eksport qilganligi haqida ma'lumot berilgandi. Bu ochiqlangan ma'lumot bo‘yicha, O‘zbekiston tarixidagi rekord oltin eksporti hisoblanadi.

Avvalroq, joriy yilning 14 yanvar kuni «2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining eksport salohiyatini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolanganligi va joriy yil davomida eksport salohiyatini tiklash va kengaytirish bo‘yicha ishlar haqida ma'lumot berilgandi.

Ma'lumot uchun, 2019 yilning yanvar-dekabr oylari yakuni bo‘yicha respublikaning tashqi savdo aylanmasi 41,75 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: