Markaziy bank valuta kurslarining so‘mga nisbatan qiymatini belgiladi, bunda AQSh dollari tarixda ilk marta 10 ming 500 so‘mlik chiziqdan o‘tgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Valuta liberallashuvi
2017 yil 2 sentyabrda prezidentning PF-5177 sonli «Valuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birlamchi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingandi.
Farmonga ko‘ra, «yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valutasini erkin sotib olish va sotish hamda o‘z mablag‘larini o‘zining xohishiga ko‘ra erkin tasarruf etish huquqlarini ro‘yobga chiqarishni to‘liq ta'minlash» bu jarayondagi birinchi ustuvor vazifa qilib belgilangan.
2017 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda dollar kursi 3251,06 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yil oxiriga kelib, 1 dollar – 8 120 so‘m 7 tiyin etib belgilandi. Valuta konvertatsiyani liberallashtirish siyosati tufayli 2017 yilda dollar kursi 50 foizga devalvatsiya qilindi.
2017 yildan 2021 yilgacha o‘sish
Aynan shu paytdan boshlab tahlil qilinganda, O‘zbekistonda dollar kursining 2017 yildan to 2021 yilgacha oshib borishi qariyb 30 foizga yetgan. Masalan, 2018 yil boshida bir AQSh dollari 8139 so‘mni tashkil etdi. 2018 yil iyun oyi oxirida AQSh dollari kursi 12,3 so‘mga tushdi va 7871,66 so‘mni tashkil qildi.
2018 yil noyabr oyida dollar kursi 1 dollar 8277,53 so‘mni tashkil etdi. 2018 yil yakunida dollar kursi 2017 yilga nisbatan 157 so‘m, 53 tiyinga qimmatlashdi.
2019 yil boshida dollar kursi 8384,94 so‘mni tashkil etdi. 2019 yil oxiriga kelib, 9510,99 so‘mga teng bo‘ldi. 2019 yil oxirida dollar kursi yil boshiga nisbatan keskin qimmatlashdi, yil davomida dollar 1126 so‘m 5 tiyinga oshdi. Shunday qilib, 2019 yilda dollar 2018 yilga nisbatan 1,277 so‘m 49 tiyinga oshdi.
2020 yil boshida 1 dollar 9550,76 so‘mni tashkil etdi. Bir qator banklarda dollar olish 10 420 – 10 450 so‘mdan, sotish 10 500 so‘mdan taklif etildi.
2020 yil oxiriga kelib, dollar kursi yil boshiga nisbatan 869-899 so‘m yoki 949 so‘m 24 tiyinga, 2019 yilga nisbatan 989 so‘m 1 tiyinga qimmatlashdi.
2017 yilda valuta konvertatsiyasi liberallashgach, yil oxirida dollar kursi 8 120 so‘m 7 tiyin etib belgilangan edi. 2021 yil boshida 1 AQSh dollari 10 473,20 so‘mni tashkil qildi. O‘tgan 4 yilda dollarning so‘mga nisbatan qadri 2 ming 352 so‘m 5 tiyinga oshgan.
Kreditlardagi dollarlashuv
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyevning aytishicha, «iqtisodiyotda dollarlashuv darajasi yuqori, qariyb 50 foiz atrofida. 2021 yilda kreditlar bo‘yicha dollarlashuv darajasini 45 foizga tushirish vazifasi qo‘yilgan».
Avvalroq Kapital bozorini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i (ayni paytda direktor o‘rinbosari) Tursunboy Mahkamov O‘zbekiston iqtisodiyotida dollarlashuv darajasining yuqoriligi Markaziy bank monetar siyosati samaradorligini pasaytirishi, ayrim hollarda defoltga olib kelishi mumkinligi haqida aytgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotining dollarlashuv darajasi juda yuqori ekanini hamma tushunmoqda, ammo valuta xatarlari orasidagi farqni yo‘qotish uchun mamlakatda oltin-valuta zaxiralari yetarli ekani tufayli (2019 yil 1 yanvar holatiga 26,3 mlrd AQSh dollari) «bunga katta e'tibor berishmayapti».