Tashqi qarzni milliy valutada jalb etishga ko‘proq e'tibor qaratiladi – Davlat dasturi

Iqtisodiyot 16:45 / 18.01.2021 2020

«Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasida tashqi jalb etiladigan qarzlar tarkibida milliy valuta ulushini oshirish vazifasi ilgari surilmoqda, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, ushbu maqsadda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif qilinadi:

  • xalqaro moliyaviy konsultantlar va yuridik konsultantlarni yollash;
  • emissiya risolasini ishlab chiqish hamda suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish dasturini belgilash;
  • marketing tadbirlarini amalga oshirish, xususan, xalqaro investorlar bilan uchrashuvlar tashkil etish;
  • shakllangan buyurtmalar hajmi va moliyaviy konsultantlarning tahlillaridan kelib chiqib, yakuniy foiz stavkalarini belgilash va xalqaro moliya bozorida xorijiy yoki milliy valutadagi suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish nazarda tutiladi.

2020 yil 20 noyabr kuni moliya vaziri Timur Ishmetov Twitter’dagi akkaunti orqali O‘zbekiston tarixida ilk bor xalqaro moliya bozorlarida milliy valuta – so‘mda – 2 trillion so‘m hajmida suveren obligatsiyalar London fond birjasida joylashtirilganini ma'lum qilgandi.

Ma'lumot uchun, xalqaro obligatsiyalarning milliy valutada chiqarilishi valuta xatarlarini kamaytirishga xizmat qilish bilan birga kelajakda ichki moliya bozoriga, jumladan, davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bozoriga xalqaro investorlarni jalb qilish uchun zamin yaratadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta umumiy qiymati 1 milliard dollarga teng ikkita yevrobondlar transhini joylashtirgan. Qarz obligatsiyalarining to‘lov muddati 2024 va 2029 yil fevral oylariga belgilangan.

 

Ko‘proq yangiliklar: