Sayyorani eng ko‘p «ifloslantiruvchi» kompaniyalar ma'lum qilindi

Iqtisodiyot 18:55 / 18.01.2021 8849

Break Free From Plastic mustaqil tashkilotining hisobotiga ko‘ra, ketma-ket uchinchi yil Coca-Cola, PepsiCo va Nestle eng ko‘p ifloslanishga sabab bo‘lgan shirkatlar sifatida qayd etilgan. Yuqori beshlikda Unilever va Mondelez International ham bor.

Zararli plastikdan qanday qutulish mumkin?

Juda katta miqdordagi plastik yer kurrasini o‘ta ifloslantirishi hech kimga sir emas. Bunday xunuk holat, ayniqsa, janubiy dengizlarda dunyoning mashhur brendlarining bir martalik idishlaridan shakllangan ko‘p kilometrlik «orol»larda yanada ko‘proq ko‘rinadi.

Break Free From Plastic tashkiloti har yilgidek sayyorani ifloslantirayotgan brendlar haqidagi ma'lumotlarni yig‘ish, hisob-kitob qilish va hujjatlashtirish borasida fuqarolik tashabbusini o‘tkazdi. Dunyoning 55 mamlakatida 346494 dona plastik bo‘laklari topilgan va ularning aksari nomlari yuqoridagi zikr qilingan kompaniyalar mahsulotlarining qoldiqlari.

Dunyoning yetakchi brendlari bergan bayonot va va'dalarga qaramasdan vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarayotgani yo‘q. Dengizlar, okeanlar va o‘nlab davlatlarning sohillari atrof-muhitning plastikdan ifloslanishidan aziyat chekishda davom etmoqda.

Plastik chiqindilarni yig‘uvchi turli tashkilotlar bekorga ishlayotgandek tuyulmoqda. Yirik korporatsiyalar esa ishlab chiqarishda, aftidan, bir martalik plastik idishlardan foydalanishni bas qilmoqchi emas.

«Dunyoning yirik brendlari sayyoramizning plastikdan ifloslanishi muammosini hal qilishga bor kuchlari bilan harakat qilayotganlarini aytayotgan bo‘lsa-da, amalda ishlab chiqarish hajmini oshirishda davom etishmoqda», deydi plastikdan tozalash bo‘yicha global korporatsiyalarga qarshi kurashish harakati koordinatori Emma Pristlend.

Break Free From Plastic hisoboti ancha ishonchli. Unda isbotlangan va umumlashtirilgan 57 bet, hujjatlar va nashrlarga 65 havolalar mavjud. Bu kabi materiallarni o‘qish og‘ir, zero ular jahon brendlarining umuman mas'uliyatsizligidan guvohlik beradi.

Dunyodagi inqiroz bilan bog‘liq muammolarga qaramay, ko‘ngillilar plastik chiqindilarni to‘plash, tahlil qilish va qayta ishlashdek qiyin ishlarni bajarishda davom etishmoqda. 2020 yilda ko‘proq davlatlarda tekshiruv ishlari olib borildi va Coca-Cola ifloslantiruvchi sifatidagi peshqadamlikni mustahkamlashda davom etmoqda. Jahonning 51 mamlakatida asosan Coca-Cola mahsulotlarining chiqindilaridan iborat 13834 chiqindixonalar topilgan.

«Ketma-ket uchinchi yil ifloslantiruvchi kompaniyalar peshqadamligida ayni kompaniyalarni ko‘rishimiz bejiz emas. Transmilliy kompaniyalar jamiyatni aldab, borgan sari ko‘proq plastik ishlab chiqarishmoqda», deydi «Grinpis» tashkilotining Janubi-sharqiy Osiyo bo‘yicha koordinatori Ebigeyl Agilar.

Ko‘proq yangiliklar: