Birmingem va Manchester universitetlari o‘tkazgan yangi tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, tarkibida qattiq zarrachalar (PM) miqdori yuqori bo‘lgan havodan qisqa vaqt nafas olish ham odamlarning diqqatini jamlash va emotsiyalarni tushunish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa hatto do‘konga borish kabi kundalik ishlarni qiyinlashtirishi mumkin, deb yozmoqda MedicalXpress.
Tajriba ishtirokchilari sham tutuniga o‘xshash ifloslantiruvchi moddalarning yuqori konsentratsiyasi ta’sirida bo‘ldi. Ular ifloslangan havodan nafas olishdan oldin va nafas olganidan to‘rt soat o‘tgach kognitiv testlarni yechdi. Testlar ishchi xotira, tanlangan diqqat, hissiyotlarni aniqlash qobiliyati, psixomotor tezlik va diqqatning barqarorligini baholashga qaratilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, havoning ifloslanishi tanlangan diqqat va emotsiyalarni aniqlash qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunda ishtirokchilarning nafas olish usuli (normal yoki faqat og‘iz orqali) ahamiyatsiz bo‘lgan.
Taxminlarga ko‘ra, havo ifloslanishi yallig‘lanishni keltirib chiqarishi mumkin, bu esa odamlarning diqqatini jamlash va emotsiyalarni anglash qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Biroq ishchi xotira zarar ko‘rmaydi. Bu esa miyaning ayrim funksiyalari ifloslangan muhitga nisbatan chidamliroq ekanini anglatadi.
Kognitiv funksiyalar bizga har kuni kerak bo‘ladigan ko‘plab aqliy jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Bu ko‘nikmalar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq holda ishlaydi:
- Tanlangan diqqat — qarorlar qabul qilish va maqsadlarga erishishda yordam beradi. Tasavvur qiling: siz supermarketdasiz. Tanlab e’tibor berish tufayli kerakli mahsulotlarga diqqatingizni qarata olasiz, bu boshqa narsalarga chalg‘imaslik va kutilmagan xaridlardan tiyilishga yordam beradi;
- Operativ xotira — ma’lumotlarni vaqtinchalik saqlaydigan joy. U bir vaqtning o‘zida bir nechta narsa haqida fikr yuritish va eslab qolish kerak bo‘lgan vazifalar uchun zarur. Usiz kunni rejalashtirish yoki bir paytning o‘zida bir nechta odam bilan muloqot qilish qiyin bo‘lardi.
- O‘zidagi va atrofdagilarning emotsiyalarini tushunish qobiliyatini qamrab oluvchi ijtimoiy-hissiy idrok ijtimoiy maqbul xulq-atvorni shakllantirishga xizmat qiladi.
Havo ifloslanishi inson salomatligi uchun asosiy ekologik xavf omili bo‘lib, bevaqt o‘lim ko‘rsatkichlarining oshishiga olib keladi. Uning yurak-qon tomir va nafas olish tizimlariga salbiy ta’siri chuqur o‘rganilgan, shuningdek, tarqoq skleroz, alsgeymer va parkinson kasalligi kabi neyrodegenerativ kasalliklar bilan bog‘liqligi ham aniqlangan.
Eng xavfli ifloslantiruvchi modda PM2.5 hisoblanadi. 2015 yilda u bilan bog‘liq 4,2 million o‘lim qayd etilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti PM2.5 ning kunlik konsentratsiyasi 15 mkg/m3 dan, yillik konsentratsiyasini esa 5 mkg/m3 dan oshirmaslikni tavsiya qiladi.