Davlat budjeti xarajatlari shaffofligini oshirish uchun nimalar taklif qilinmoqda?

Iqtisodiyot 15:38 / 18.01.2021 4819

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablag‘larini tashqi auditdan o‘tkazish va baholash tizimi  joriy etilishi mumkin. Bu haqda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» davlat dasturi loyihasida ma'lumot berilgan.

Loyihada Budjet kodeksiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari loyihalari va ularning ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotlarni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan har yili tashqi auditdan o‘tkazish hamda baholash tizimini joriy etishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutiladi.

Shuningdek, budjet tizimi shaffofligini oshirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif qilinmoqda:

  • budjet tashkilotlari va davlat maqsadli jamg‘armalarining depozitlari, berilgan qarzlari va qarz majburiyatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘z veb-saytlarida chop etishni ta'minlash;
  • vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalarining daromad va xarajatlari, davlat ulushiga ega bo‘lgan tashkilotlar xaridlari, davlat subsidiya va grantlariga oid ma'lumotlarni o‘z veb-saytlarida e'lon qilish;
  • ma'lumotlar tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida mavjud emasligi, to‘liq joylashtirilmaganligi ustidan nazorat va jarimaga tortish Hisob palatasi tomonidan amalga oshirish nazarda tutiladi.

Ta'kidlanishicha, Moliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda davlat moliyaviy nazorati va ichki audit tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha ishlarni jadallashtiradi.

Dastur loyihasida rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib budjet qoidalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish masalalari ham muhokamaga havola etilgan. Xususan, umumiy fiskal taqchillikka yuqori chegaralarni hamda davlat qarzining maksimal chegarasini belgilash, umumiy fiskal balansini hisoblashda hukumat nomidan jalb qilingan va qayta kreditlangan tashqi qarz mablag‘larini inobatga olishni ta'minlashga qaratilgan budjet qoidalarni belgilash nazarda tutiladi.

Ushbu masala 2021 yilning 1 noyabriga qadar bajarilishi taklif qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: