Fransiyaning Limoj shahrida aloqa minorasi yoqib yuborilishi oqibatida 1,5 mln kishi aloqasiz, radio va televideniyesiz qoldi. Bu haqda Le Figaro nashri xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 11 yanvar kuni tunda noma'lum shaxslar balandligi 230 metrli minoraga o‘t qo‘ygan. Yong‘inni bir nechta o‘t o‘chirish brigadasi o‘chirishiga to‘g‘ri kelgan. Bir yarim million kishi radio, televideniye va Orange mobil operatori xizmatidan mahrum bo‘lgan.
Tez orada Le Populaire du Centre nashriga o‘zini 5G’ni bekor qilish qo‘mitasi deb nomlagan guruhdan maktub kelgan. Maktub mualliflari mazkur texnologiya xatarli ekani va unga qarshi kurashishlarini bildirishgan.
Limoj prokuraturaning ma'lum qilishicha, aslida ushbu minoradan 5G aloqasi uchun foydalanilmagan. Hodisa yuzasidan ish qo‘zg‘atilgani xabar qilinmoqda.
O‘tgan yil aprelda Buyuk Britaniyaning Liverpul, Birminghem va Melling shaharlarida yashovchilar 5G aloqasi koronavirus tarqatishi to‘g‘risidagi mish-mishlardan so‘ng uyali aloqa minoralariga o‘t qo‘yib yuborishgandi.