Twitter Trampni blokladi. Uning qaysi postlari birjadagi narxlarning «oyog‘ini osmondan qilib yuborgandi?»

Iqtisodiyot 12:36 / 15.01.2021 12483

Tramp prezidentlikka kelishdan avval Twitter'da juda faol edi. U AQSh prezidentiga aylangach ham bu tarmoqda faol bo‘lishdan to‘xtamadi. Shu darajada faol bo‘ldiki, hattoki ba'zi tayinlovlar rasman e'lon qilinishidan avval Trampning sahifasida paydo bo‘lardi. Shu sababli Tramp tvitter-prezident degan laqab ham orttirdi. Uning faolligi sabab Twitter ham yaxshigina mashhur bo‘ldi. Biroq o‘tgan yilgi prezidentlik saylovlari oldidan Twitter va Trampning «muhabbatiga darz ketdi».

Tramp AQSh prezidenti bo‘lgani uchun uning tvitlari shunchalik ta'sirli ediki, butun boshli dunyo birjalaridagi narxlarni o‘ynatib yuborardi.

Tramp dunyo iqtisodiyotiga bevosita ta'sir qiladigan yirik mamlakat prezidenti bo‘lgani uchun postlarini iqtisodchilar, investorlar diqqat bilan kuzatib borar, uning tvitlari bir necha marta neft narxlarini o‘ynatib yuborgan, butun boshli tadbirkorlarning kasod bo‘lishiga yoki boyib ketishiga olib kelgandi. Bunga Tramp tvitlarini imloviy va hatto tarixiy xatolar bilan yozishi ham xalaqit bermasdi. 9 yanvar kuni Twitter Trampning 88,7 million o‘quvchiga ega akkauntini blokladi. Chunki Trampning tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirgandi.

Twitter'dan keyin Facebook, Instagram va YouTube ham Trampni «qora ro‘yxat»ga tiqdi. Tsukerberg Trampning Facebook'dagi sahifasi kamida hokimiyat tinchlik yo‘li bilan topshirilgunga qadar ochilmasligini ma'lum qildi. Facebook asoschisi bu borada shunday dedi: «Bizning ijtimoiy tarmoqdan demokratik yo‘l bilan saylangan prezidentga qarshi qo‘zg‘olon qilishda foydalanishlariga yo‘l qo‘ymaymiz».

Trampning akkaunti bloklangach, Facebook va Twitter aksiyalari narxi keskin tushib ketdi. 8 yanvar kuni 267,57 dollar bo‘lgan Facebook aksiyalari 11 yanvar kuni 256,84 dollargacha arzonladi (taxminan 4 foiz tushish). 8 yanvar kuni 51,48 dollardan sotilgan Twitter aksiyalari 11 yanvar kuni 48,18 dollargacha arzonlagan (6,4 foizgacha tushish).

Trampni bloklash Mark Tsukerbergga ham qimmatga tushgan. U bir kunda 3,9 milliard dollar yo‘qotdi. Forbes ma'lumotiga ko‘ra, Tsukerbergning boyligi 94 milliard dollarga baholanmoqda.

«Tramp indeksi»

JPMorgan Chase tahlilchilari Tramp yozgan tvitlarni tahlil qilib, shunday xulosaga kelishdiki, uning «Xitoy», «milliard» va «tovar» degan so‘zlari bor tvitlari moliya bozorlariga eng ko‘p ta'sir qilgan. Bloomberg'ning yozishicha, moliyachilar Tramp yozgan tvitlaridan keyin AQSh davlat obligatsiyalari narxi qanday o‘zgarishini tahlil qilish uchun butun boshli «Tramp indeksi»ni hisoblab borishga majbur bo‘lgan. U yozgan 4 mingta postdan 146tasi bozordagi narxlarga ta'sir qilgan. Ularning ta'siri ayniqsa AQShning besh yillik obligatsiyalari narxida sezilgan.

Trampning postlari nafaqat AQSh ichki bozoriga, balki dunyo moliya bozorlariga ham ta'sir qilgan. Masalan, Tramp Xitoy mahsulotlariga yangi boj kiritilgani haqida post yozgach, Amerika va Osiyo moliya indekslari qiymati tushib ketgan. Forbes AQSh prezidentining eng shov-shuvli tvitlarini sanadi.

Qiruvchi samolyotlarga qilingan xarajatlar

Tramp nima yozgandi?

«F-35 [qiruvchilari] dasturi va unga qilinayotgan xarajatlar nazoratdan chiqib ketdi. Harbiy va boshqa sohadagi xarajatlarni bir necha milliard dollargacha kamaytirish mumkin va 20 yanvardan shunday qilinadi ham». 2016 yil 12 dekabr kuni.

Bozor qanday reaksiya bergandi?
Trampning bu postidan keyin qiruvchi samolyot ishlab chiqaruvchi Lockheed Martin kompaniyasi aksiyalari narxi 4,2 foizga tushib ketgan. Korxonaning bozor narxi esa umumiy 3,5 milliard dollarga arzonlagan. F-35 ishlab chiqarish bo‘yicha mas'ul Jyeff Babiyon prezidentning postiga javob berar ekan, sohadagi katta xarajatlar F-35 narxini tushirish uchun qilinganini aytdi. Bir tomondan Tramp ham o‘sha tvitini osmondan olib yozmaydi: 2017 yil F-35 ishlab chiqarish AQSh budjetiga 400 milliard dollarga tushgandi.

Tramp Amazon va Twitter'ga qarshi

Tramp nimalar yozgandi?

«Amazon soliqlarni vaqtida to‘lab borayotgan ulgurji savdo do‘konlar faoliyatiga jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda». 2017 yil 16 avgust.

«Saylovlardan ancha avval ham Amazon borasida e'tirozlarim bor edi. Ular boshqa korxonalardan farqli o‘laroq soliqlarni umuman to‘lamaydi yoki shtatlar darajasida juda kam to‘laydi. Amazon bizning pochta xizmatimizni o‘zining kureriga aylantirib olgan. Oqibatda minglab riteylerlarni biznesdan chiqarib tashlamoqda». 2019 yil 29 mart.

«Amazon AQSh pochta xizmatidan katta miqdorda qarzdor va bu pullarni amerikalik soliq to‘lovchilar gardaniga tashlab qo‘yishi emas, to‘lashi kerak. Gap bir necha milliard dollar haqida ketmoqda, tasavvur qilyapsizmi? Pochta rahbarlari esa buni sezmayapti ham (yoki sezishyaptimikin?)». 2018 yil 31 mart.

Bozor qanday reaksiya bergandi?
Tramp dunyoning eng boy odami va internet riteyler Amazon rahbari Jyeff Bezosga ko‘p marta «hujum qilgan». Lekin ayni yuqoridagi uchta post iqtisodiy jihatdan ham kuchli zarba bo‘lgan. Masalan, Trampning yuqoridagi birinchi tviti kompaniya aksiyalari narxi umumiy miqdorda 5,7 milliard dollarga (1,2 foiz) arzonlashiga sabab bo‘lgan. Ikkinchi tvit esa Amazon aksiyalarini 9 foizga arzonlashtirib yuborgan. Bu esa kompaniya bitta tvit sabab 66 milliard dollar zarar ko‘rdi degani. Pochta tariflari haqidagi Trampning uchinchi posti Bezos va uning kompaniyasiga 53 milliard dollar zarar keltirgan.

Tramp va Twitter «ertagi»

Tramp nima yozgandi?

«Twitter obro‘li respublikachilarga qarshi «ko‘rinmas» cheklovlar qo‘llamoqda, bu yaxshi emas. Biz tezda bu diskriminatsiya va noqonuniy harakatni tekshiramiz. E'tirozlar juda ko‘p». 2018 yil 26 iyul.

Bozor qanday reaksiya bergandi?
Tramp Twitter'ning aksiyalariga tarmoqning o‘zida yozilgan tvit orqali ta'sir ko‘rsatdi. Prezidentning bu postidan keyin Twitter'ning aksiyalari narxi 14 foizga arzonlab ketdi. Ma'lum bo‘lishicha, aynan shu post sabab 2018 yil ikkinchi kvartalida Twitter foydalanuvchilari soni 1 millionga kamaygan.

Biroq Twitter asoschisi Jyek Dorsining boyligi Tramp prezidentligi vaqtida 240 foizga oshgan (1,3 milliard dollardan 4,4 milliard dollargacha). To‘g‘ri, unga asosiy daromadni Twitter emas, Square to‘lov tizimi keltirgan. Tramp prezidentlikka kirishgan kunda Square narxi 1 milliard dollar bo‘lgan va oxirgi uch yilda uning narxi 370 foizga qimmatlagan. Hozir Square 3,6 milliard dollarga baholangan va bu Jyek Dorsining 80 foiz boyligini tashkil etadi.

Neft narxlarining o‘ynashi

Tramp nima yozgandi?

«Neft narxi haddan tashqari ko‘tarilib ketyapti. OPeKdagilar, iltimos, tinchlaning. Dunyo narxlar bunaqa ko‘tarilishini ko‘tara olmaydi». 2019 yil 22 fevral.

Bozor qanday reaksiya bergandi?
Trampning bu postidan keyin Brent markasidagi neft narxi 3 foizga arzonlab, 65 dollardan ham tushib ketdi. Biroz oldin esa bir barrel neft 2017 yildan buyon ilk marta 67 dollardan ko‘tarilgandi. WTI markasidagi neft esa 55,48 dollargacha tushib ketgan.

Tramp nima yozgandi?

«Umid qilamanki, ular neft qazib olishni kuniga 10 million barrelgacha kamaytirishadi, balki ko‘proq ham. Bu neft va gaz industriyasi uchun juda yaxshi ish bo‘ladi». 2020 yil, 2 aprel.

Bozor qanday reaksiya bergandi?
Bu tvitdan keyin faol neft bozori tezda reaksiya bildirdi. Brent neftining narxi 21 foizga qimmatlab, 30,38 dollarga yetdi. Ko‘p o‘tmay narx 36 dollargacha qimmatlashdi va bu oldingi savdolarga qaraganda 45,5 foiz qimmat degani edi.

Tramp va Xitoy

Tramp nima yozgandi?

«Oxirgi 10 oy davomida Xitoy AQShga 50 milliard dollarlik mahsulot uchun 25 foiz, 200 milliard dollarlik mahsulot uchun 10 foiz boj to‘lamoqda. Juma kuni 10 foiz 25 foizgacha ko‘tariladi. 325 milliard dollar...». 2019 yil 5 may.

Bozor qanday reaksiya bergandi?
Bu post dunyo moliya bozoriga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi: dunyo bozorining kampitalizatsiyasi 1,36 trillion dollarga arzonladi. Xitoy fond indekslari esa oxirgi uch yillikda eng past kunlik pasayish qayd etdi. Trampning 120ta so‘zdan iborat postidagi har bir so‘z investorlarga 13 milliard dollarga tushgan.

Tramp nima yozgandi?

«Savdo bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Bu muzokaralar davomida AQSh Xitoydan kirayotgan va qiymati 300 milliard dollar bo‘lgan boshqa turdagi mahsulotlarga ham 10 foiz qo‘shimcha boj qo‘ydi». 2019 yil 1 avgust.

Bozor qanday rekatsiya bergandi?
Bu postdan keyin nafaqat Xitoy, balki Amerika savdo indekslari ham pasayib ketdi. Dollar va oltin narxi esa qimmatladi. S&P 500 indeksi 2,8 foizga, Apple aksiyalari 4,3 foizga, Intel aksiyalari 3,4 foizga arzonladi. Trampning bu posti sabab dunyoning eng boy 500 nafar odami umumiy hisobda 2 foiz (117 milliard dollar) mablag‘ini yo‘qotgan. Eng ko‘p (3,4 milliard dollar) Jyeff Bezos yo‘qotdi.

Tramp nima degandi?

«Xitoy bilan katta kelishuv ostonasida turibmiz. Buni biz ham, ular ham xohlayapmiz». 2019 yil 12 dekabr.

Bozor qanday reaksiya bergandi?Trampning bu postidan so‘ng «kazinolar qiroli» Sheldon Adelsonning boyligi 1,2 milliard dollarga oshgan. Qizig‘i, u Trampning do‘sti. Adelsonga qarashli Las Vegas Sands kompaniyasi dunyodagi eng yirik kazinolar tizimini boshqaradi va Trampning Xitoy bilan kelishuv haqidagi postidan keyin kompaniya aksiyalari 4 foizga qimmatlagandi.

Ana shunaqa gaplar. Tramp prezidentlik saylovlarida yengilgach, ko‘plab investorlar yengil nafas olgan bo‘lsa kerak. Biroq bir narsani unutmaslik kerak: Trampning postlari iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ularni Tramp yozgani uchun emas, AQSh prezidenti yozgani uchun ta'sir qilgan. Chunki AQSh prezidentligi dunyodagi eng katta lavozim. Shunday ekan, Baydenning postlari ham hali ko‘p ko‘rsatkichlarni o‘ynatadi. Tramp ham hali internetga qaytadi. U sobiq prezident sifatida ham hali uzoq vaqt iqtisodiy va siyosiy voqeliklarga ta'sir qilib tursa kerak. Axir u mamlakat tarixidagi eng g‘alati prezident...

Ko‘proq yangiliklar: