SSV: O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoni skriningi yanada kuchaytiriladi

Jamiyat 13:56 / 15.01.2021 1878

Marosimda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxanova, JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Liann Kuppens, YuNFPAning O‘zbekistondagi vakili Yu Yu, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi kotibi Yoko Yamato ishtirok etdi.

«Taqdimot marosimida aytilishicha, ushbu loyiha Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magi bilan, BMT Taraqqiyot dasturi va YuNFPAning «Orol bo‘yi mintaqasidagi aholining ekologik, iqtisodiy zaifliklariga, shuningdek, aholi salomatligi masalalariga chidamliligini kuchaytirish» qo‘shma dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshiriladi. Shuningdek, loyiha Chirchiq shahrida bachadon bo‘yni saratoni skriningi bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan qo‘shma dasturning bir qismi sifatida hayotga tatbiq etiladi.

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, jahonda har yili 300 mingdan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratonidan vafot etadi. Dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadigan va keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi.

Kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa, bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratonidan keyin uchinchi o‘rinda va tug‘ish yoshidagi ayollar (15–44 yosh) orasida esa bachadon sartonidan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. 

2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan butun mamlakat bo‘ylab bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha keng qamrovli skriningni joriy etishni o‘z ichiga olgan saraton kasalligini nazorat qilish va oldini olish bo‘yicha milliy reja tasdiqlandi. Ushbu reja bachadon bo‘yni saratonini davolash va palliativ yordamni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlardan tashqari OPVga qarshi emlash va bachadon bo‘yni saratoni skriningi kabi birlamchi profilaktika tadbirlarini o‘z ichiga oladi.

Tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligiga berilgan uskunalar bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha mamlakat miqyosida skriningni tashkil etish bo‘yicha harakatlarni yanada jadallashtirishda muhim omil bo‘lishi aytildi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yildan boshlab OPVga qarshi vaksina  Milliy emlash kalendariga kiritilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, emlash evaziga kelajakda har yili 1100ta kasallanish va bachadon bo‘yni xastaligi bo‘yicha 600ga yaqin o‘lim holati kamayishiga erishiladi. 2050-2060 yillargacha aholining 90 foizi emlash bilan qamrab olinishi orqali O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoni kasalligi to‘liq bartaraf etilishiga erishiladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: