Viloyat markazidan 70-75 kilometr olisda joylashgan mahalla aholisini faqat tabiiy gaz yoki ichki yo‘llar emas, o‘nga yaqin muammo qiynayotgan ekan.
Yo‘q imkoniyat uchun soliqlar orttirilgan stavkada to‘lanyapti
Suhbat jarayonida murojaatchilar yer va molk-mulk solig‘ini qo‘shni qishloqqa nisbatan ko‘p to‘lashayotganini ta'kidlashdi. Sababi, «Qo‘shchinor» mahallasi hududi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 13 martdagi 68-sonli qaroriga asosan shahar posyolkasi toifasiga kiritilgan ekan. Biroq mazkur qishloqda shahar posyolkasi degulik imkoniyat ham, infratuzilma ham yo‘qligiga guvoh bo‘ldik.
«Svetimiz yo‘q, gazimiz yo‘q, yo‘limiz yo‘q, ammo solig‘imiz shahar toifasidagi posyolka bo‘lgani uchun yiliga 420 ming so‘m. Qo‘shni qishloq odamlari 310 ming so‘m soliq to‘lashadi. Bizning hech narsamiz bo‘lmasa ham 100 ming ortiqcha to‘laymiz. Mayli, nafaqa olyapmiz, soliqlarni o‘z vaqtida to‘laymiz. Biroq yo‘q narsa uchun ortiqcha soliq to‘lash jabr bo‘lyapti», deydi Qurbonboy Nosirov.
Aholi uyini isitish uchun daraxtlarni kesmoqda
Qishloqqa 1979 yilda tabiiy gaz tortib kelingan. 2010 yildan gaz kelmay qolgan va 2014 yilda butunlay uzilgan, asosiy quvurning katta qismi esa kesib ketilgan.
«Aslida qishlog‘imizdagi tabiiy gaz quvurlari odamlarning mablag‘i evaziga tortilgandi. 2014 yilda bizda gaz uzildi. Ammo 2014 yildan keyin tumanning tabiiy gaz yetib bormagan boshqa joylariga davlat mablag‘lari xarajat qilinib, gaz tortildi. Bizning qishloqda tayyor quvur bo‘lsa-yu, gaz bermasa, quvur yo‘q boshqa hududga esa gaz tortilsa. Buni qanday tushunish kerak?», deya kuyinadi qishloqning yoshi ulug‘laridan biri Umarqul Po‘latov.
Yana bir fuqaro Nasiba Bozorova esa hovlisida daraxt qolmagani, uyni isitish uchun kesib, o‘tin sifatida yoqishayotgani, mahallada bolalar bog‘chasi ham yo‘qligini aytib o‘tdi.
Qo‘shchinorliklar shamoldan qo‘rqishadi
Mahalla ahli shamol bo‘lishidan qo‘rqadi. Ko‘chalardagi simyog‘ochlarning aksariyati terakdan, qo‘lbola usulda yasab chiqilgan. Kuchliroq shamol bo‘lsa qulab tushishi hech gap emas. Ularning aytishicha, hatto 30-40 yil oldin qurilgan hovlilar uchun ham hali beton simyog‘ochlar o‘rnatilmagan.
Qurbonboy Nosirov svet muammosi haqida gapirdi.
«60 yoshga kiryapman, uy qurib chiqqanimga 40 yil bo‘lyapti, hali bizga svet uchun simyog‘och o‘rnatilmadi. Terak, toldan tiklab foydalanayapmiz. Shamol bo‘lsa o‘chadi. Ko‘ngilsiz hodisalar yuz berib, 3-4ta xonadon yonib ketdi ham», deydi u.
Shuningdek, hududda elektr energiyasi bilan bog‘liq yana bir muammo bor: qishloqning ma'lum bir qismi Samarqand, boshqa qismi esa Navoiy liniyasiga ulangan. Samarqand liniyasiga ulangan qismida sutkasiga 12 soatlab elektr energiyasida uzilishlar bo‘ladi. Holbuki, har ikki viloyatning hududiy elektr tarmoqlariga tegishli transformator yonma-yon joylashgan.
Shu qishloqda yashovchi Umrzoq Karimovning ma'lum qilishicha, qishloqni Navoiy liniyasiga ulash uchun 10 metr kabel kifoya qiladi. Agar buning imkoni bo‘lsa, 500ga yaqin xonadonda elektr energiyasi ta'minoti yaxshilanadi. U svet yo‘qligidan prezident murojaatnomasini ham ko‘rolmaganini aytib o‘tdi.
Duoga qo‘shilgan ko‘prik
«Qo‘shchinor» mahallasida yashovchi insonlar shifoxona uchun qo‘shni qishloqqa borishga majbur. Chunki, poliklinika qo‘shni qishloqda joylashgan. Piyoda borish mumkin bo‘lgan eng yaqin yo‘l ikki qishloqni bog‘lovchi ko‘prik orqali o‘tadi. Aylanib borishga esa 5-10 ming so‘m kira haqi zarur.
Ancha yillar oldin aholi hashar yo‘li bilan qurgan mazkur ko‘prik sel yuvishi oqibatida yaroqsiz holga kelib qolgan. Undan o‘tib qaytish uchun kattagina jasorat kerak.
Sherali Shonazarov bu xususida shunday deydi: «Ushbu ko‘prikdan shifoxonada ishlovchilar ham, u yerga boruvchi bemorlar ham o‘tishga majbur. Agar bu ko‘prikdan o‘tmaydigan bo‘lishsa, kuniga 10 ming so‘m sarflab, taksida borib-kelishlariga to‘g‘ri keladi. 500-600 ming so‘mga maosh olib ishlovchi ayollarimiz bor. Ular topgan pulini yo‘lkiraga sarflashadimi? Bu masala bo‘yicha bir necha marta tegishli joylarga murojaat qilganmiz. Kelib rasmga, videoga olib ketishadi, ammo natija yo‘q».
Aytishlaricha, qishloq nuroniylari o‘z duolariga «Shu ko‘prigimiz ustidan odam o‘tayotganida qulamasin», deya qo‘shib qo‘yisharkan.
Chiqindiga to‘la kanaldan aholi suv ichyapti
Sherali Shonazarovning ma'lum qilishicha, aholi qulash arafasida turgan ko‘prik ostidan oqib o‘tayotgan kanal suvini tashib, iste'mol qiladi. Aytishlaricha, chiqindixonaga aylanayozgan kanaldan turli hayvonlarning o‘ligi ham oqib kelarkan gohida. Ayrimlar iste'mol uchun yerosti suvidan ham foydalanar ekan.
Qo‘shchinorning yana bir muammosi – ichki yo‘llar ahvoli. Qishloqda ichki ko‘chalarning aksariyati xarob ahvolda. Yog‘inli kunlarda mashina tugul, piyoda yurish ham mushkul bo‘lishi ko‘rinib turibdi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, qishloq muammolari zanjirdek bir-biriga ulanib ketgan: gaz va elektr energiyasi yo‘qligi bois hovlisidagi daraxtni kesib, uyni isitmoqchi bo‘layotgan inson kanaldan tashib kelingan suvdan ichgani uchun kasal bo‘lsa, uni shifoxonaga olib borish zarur, ammo yo‘l abgor, ko‘prikning yarmi qulagan.
Qishloqda hokimni tanimaydiganlar bor
Qishloq aholisi tuman hokimi, sektor boshliqlari bu muammolarni kelib o‘rganmaganini aytib o‘tdi.
«O‘ziga yarasha muammolarimiz bor. Bularni hal qilish uchun deputatlarni sayladigu, ura-ura qilib nomzodlarni ko‘rsatib berdik. Viloyat deputati kelgan paytda «Qaysi muammomizni hal qilib berasiz?», deya so‘ragan edim. Shunda deputat «Men muammoni hal qiluvchi emasman, yetkazib beruvchiman» dedi. Bunday bo‘lsa biz o‘zimiz ham yetkazaveramiz tegishli joyga, deputat nimaga kerak?! Bu yerda sektor boshlig‘i, hatto hokim kimligini bilmaydigan fuqarolar ham bor», deydi Mavjuda Rahmatova.
Chetdan borib ko‘rgan odamga «Qo‘shchinor» mahallasida yashashning o‘zi qahramonlikdek tuyuladi. Aslida, bu qishloq aholisi ham o‘zlari istagandek umrguzaronlik qilishga, yorug‘ va issiq xonadonlarda yashashga, ravon yo‘llardan yurib, toza suv ichishga haqli. Faqatgina tegishli mas'ullar bu muammolarga e'tibor qaratishi, uning yechimi uchun harakat qilishlari zarur bo‘ladi.
Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri
Abror Ikromov, operator