O‘zbekiston milliy valutasi 2020 yilda AQSh dollariga nisbatan 10,1 foizga (9501 so‘m/doll.dan 10461 so‘m/doll.gacha) qadrsizlandi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Markaziy bank tarqatgan xabarga ko‘ra, yilning birinchi yarmida kuzatilgan 7,2 foiz qadrsizlanish joriy yilning birinchi yarmida pandemiya ta'sirida tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning o‘zgarishi, asosiy savdo hamkor davlatlar valutalarining keskin devalvatsiyasi natijasida devalvatsion kutilmalarning o‘sishi, shuningdek, ichki valuta bozorida chet el valutasiga bo‘lgan talabning o‘sishi kabi omillar ta'sirida yuz bergan.
Ta'kidlanishicha, yilning ikkinchi yarmida so‘mning almashuv kursi nisbatan barqaror dinamika kuzatilib, 2,7 foizga qadrsizlandi.
Markaziy bank ma'lumotiga ko‘ra, 2021 yilda milliy valutaning almashuv kursi ichki valuta bozorida vujudga keladigan talab va taklif asosida uzoq muddatli fundamental trend doirasida shakllanishi prognoz qilinmoqda.