Markaziy bank endi xorijiy valutalar kursini har kuni e'lon qiladi

Iqtisodiyot 15:25 / 12.01.2021 15183

Joriy yil 6 yanvar kuni o‘tkazilgan Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev xorijiy valuta kurslarining almashinuv qiymati bo‘yicha ma'lumotlar bosh regulyator tomonidan har kuni e'lon qilinishini aytdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Joriy yilning fevral oyidan boshlab valuta birjalari har kuni soat 10.00dan 15.00gacha doimiy ishlaydi. Birja ish kuni yakunlangandan, keyin Markaziy bank birjadagi o‘rtacha narxlardan kelib chiqqan holda, har kuni valuta kurslarini yangilab boradi», – degan u.

Hamroyevning ta'kidlashicha, Markaziy bank tomonidan shu yil amalga oshirilishi maqsad qilingan asosiy rejalardan biri – milliy valutaning chet el valutasiga qaramligini kamaytirish va inflatsiya darajasining 10 foizdan oshib ketmasligini ta'minlashdir. Shuningdek, tadbirkorlar tijorat banklaridan onlayn tarzda buyurtma berib to‘g‘ridan to‘g‘ri valuta xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

«Markaziy bank valuta bozorini erkinlashtirish borasida 2017 yilda dastlabki qadamlarni qo‘ygan edi. Prezidentning murojaatnomasida uni yangi bosqichga ko‘tarish oldimizga vazifa qilib qo‘yildi. Ya'ni tadbirkorlar uchun valuta xaridi yanada osonlashishi kerak», – degandi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov.

Prezident murojaatnomasida joriy yilda narx-navo o‘sishini 10 foizdan oshirmaslik Markaziy bank va hukumatning asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ta'kidlangandi.

Ma'lumot uchun, 2020 yil uchun inflatsiya darajasi 11,1 foizni tashkil etgani haqida xabar bergan edik.

Ko‘proq yangiliklar: