Iqtisodiyotda dollarlashuv darajasi 45 foizga tushiriladi – MB

Iqtisodiyot 21:32 / 12.01.2021 5722

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev 11 yanvar kuni AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida MB tomonidan joriy yilda iqtisodiyotda dollarlashuv darajasini kamaytirish masalalari haqida ma'lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Iqtisodiyotda dollarlashuv darajasi yuqori, qariyb 50 foiz atrofida. 2021 yilda kreditlar bo‘yicha dollarlashuv darajasini 45 foizga tushirish vazifasi qo‘yilgan», – dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Shuningdek, joriy yilda valuta bozorida yangicha onlayn platforma joriy qilish, tadbirkorlar va yuridik shaxslar uchun banklarda valuta oldi-sotdisini osonlashtirish rejalashtirilgani aytildi.

Avvalroq Kapital bozorini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i (ayni paytda direktor o‘rinbosari) Tursunboy Mahkamov O‘zbekiston iqtisodiyotida dollarlashuv darajasining yuqoriligi Markaziy bank monetar siyosati samaradorligini pasaytirishi, ayrim hollarda defoltga olib kelishi mumkinligi haqida aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotining dollarlashuv darajasi juda yuqori ekanini hamma tushunmoqda, ammo valuta xatarlari orasidagi farqni yo‘qotish uchun mamlakatda oltin-valuta zaxiralari yetarli ekani tufayli (2019 yil 1 yanvar holatiga 26,3 mlrd AQSh dollari) «bunga katta e'tibor berishmayapti».

Ma'lumot uchun, Markaziy bank raisi pul-kredit siyosatining 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari hamda inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida dollarlashuv masalalariga to‘xtalgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: