Indoneziyada Boeing 737 samolyoti halokatining ehtimoliy sababi ma'lum qilindi 

Jahon 10:53 / 11.01.2021 7362

Indoneziyaning Sriwijaya Air aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737-500 samolyoti halokatiga uning suvga urilishi sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Bu haqda Indoneziyaning transportdagi xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasiga tayanib Straits Times nashri xabar berdi.         
 
“Bu yakuniy xulosa emas. Dastlabki ma'lumotlar samolyot suvga zarb bilan urilishi oqibatida bo‘laklanib ketganini ko‘rsatmoqda”, deb ma'lum qilgan qo‘mita vakili Nurkaxio Utomo. 

Tergovchilarning fikricha, samolyot havoda bo‘laklanib ketmagan, aks holda uning bo‘laklari katta maydonga sochilib ketgan bo‘lardi.  

Ta'kidlanishicha, qidiruv-qutqaruv guruhi samolyot qulagan joyni va uning bo‘laklarini 23 metr suv ostida aniqlashgan. 

Avvalroq samolyot momaqaldiroq frontidan o‘tish vaqtida kuchli turbulentlik hududiga tushgani ma'lum qilingandi.

Samolyot 9 yanvarda Jakarta–Pontianak reysini bajarish vaqtida radarlar ekranidan yo‘qolib qolgandi. Shundan keyin mahalliy OAV samolyot halokatga uchraganini, guvohlar esa samolyot havoda portlab, Yava dengiziga qulaganini ma'lum qilishgan. 

Samolyotlar parvozini kuzatuvchi FlightRadar portali ma'lumotlariga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilganidan dastlabki 3 daqiqa davomida balandlikka ko‘tarilgan, so‘ngra 3,3 ming metr balandlikka yetganda bir daqiqadan kamroq vaqt ichida keskin 3 ming metr pastlagan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, samolyotda hammasi bo‘lib 62 kishi, jumladan ekipajning 6 a'zosi bo‘lgan. 

Ko‘proq yangiliklar: