Bayden MRBga rahbar tanladi. Bu – AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi

Jahon 21:18 / 11.01.2021 19057

«Elchi Berns inqiroz vaqtidagi faoliyati davrida sinalgan inson. U faoliyati davomida amerikaliklar xavfsizligi uchun yetarlicha xizmat qilgan», deyilgan Bayden jamoasining nomzod haqidagi bayonotida.

Agar Bernsning nomzodi tasdiqlansa, u MRBni boshqaradigan ilk diplomat bo‘ladi. Uilyam Berns 33 yil davomida AQSh davlat departamentida ishlagan va 2014 yil faoliyatini tugatgan. U rus va arab tillarida gaplasha oladi. Diplomat 2005-2008 yillarda AQShning Rossiyadagi elchisi bo‘lgan va bir vaqtning o‘zida Iordaniyada ham elchi bo‘lib ishlagan. U o‘z vaqtida Yaqin Sharq masalasida ko‘plab muzokaralarda qatnashgani aytiladi.

Berns 2008 yildan 2011 yilga qadar AQSh Davlat departamenti o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Diplomat bo‘laturib bunday darajaga chiqish har kimga nasib qilmaydi. U AQSh tarixida bu lavozimgacha ko‘tarilgan ikkinchi diplomat hisoblanadi.

«AQShning yashirin quroli»

Berns demokrat va respublikachi prezidentlar vaqtida ham ishlagan. 2013 yilda «Atlantik» jurnali uni «AQShning yashirin quroli» deb atagan va u mamlakat uchun muhim muzokaralarda qatnashganini ma'lum qilgandi. Berns bilan birga AQSh Davlat departamentida ishlaganlar uni sir boy bermaydigan siyosatchi deb ta'riflashgan. Shuningdek, uning kuchli tahlilchi ekani va jamoa uchun ishlay olishini ham maqtashgan.

Berns diplomat bo‘lmasa-da, atrofdagilarga sezilmaydigan darajada o‘z faoliyatini olib borib, odamlar orasiga «singib keta oladi». 2019 yil Berns «Yashirin kanal» nomli xotira kitobini chop etgan. Unda diplomat ma'lum vaqt Eron bilan muzokaralarda yashirin rol o‘ynagani haqida yozgan. U qatnashgan muzokaralardan keyin 2015 yil Eron bilan yadro kelishuvi imzolangan.

Washington Post tahlilchisi Devid Ignatusning aytishicha, AQShda Uilyam Berns diplomatlar ichida eng yaxshisi deb ataladi. Uning MRB rahbarligiga tayinlanishini qo‘llaydiganlar ham, qoralaydiganlar ham bor va ularning barchasi MRBda islohotlar kerak deb hisoblaydi.

AQSh siyosatchilari orasida ko‘pchilik MRB rahbarligiga uzoq vaqt maxsus xizmatlarda tahlilchi sifatida ishlagan Maykl Morell nomzodi ilgari surilishini xohlagan. U 2010-13 yillarda MRB direktorining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Bu vaqt davomida ikki marta rahbar vazifasini bajaruvchi bo‘lgan. U MRB rahbarlari faxriylari orasida mashhur. Amerikalik siyosatchilarning fikricha, MRBni ichidan biladigan odamgina uni isloh qila olishi mumkin.

Berns tayinlanishi ham ko‘pchilikni xursand qildi. MRB sobiq tahlilchisi Melvin Gudman Bernsning tayinlanishi MRBga yangi qon olib kirishi haqida aytadi. Uning fikricha, klassik razvedkachilarning haddan tashqari yopiq bo‘lishi va ish tarzi xodimlarning zo‘riqishiga olib keladi.

Bayden bejiz MRB rahbarini xizmat tashqarisidan tanlamagan. Ekspertlarning aytishicha, Berns tashkilotga mustaqil nigoh bilan qarashi mumkin. Yana bir jihat shuki, Bernsning uzoq vaqt Rossiya va Yaqin Sharq kabi AQSh, shuningdek, MRB uchun muhim bo‘lgan hududlarda ishlagani unga katta obro‘ olib kelgan. Bu esa diplomatga MRB rahbarligi lavozimida asqotishi mumkin.

Tramp bilan mojaro

MRBda islohotlar kerakligi oxirgi yillarda ayon bo‘lgandi. Chunki Tramp tashkilotni bir necha marta tanqid qilganiga qaramay, maxfiy ma'lumotlarni e'lon qilib yubordi.

MRBning hozirgi rahbari Jin Haspel OAV bilan deyarli aloqaga chiqmagan va bu AQSh bosh razvedka tashkiloti rahbari uchun noodatiy hisoblanadi. Biroq u prinsipialligi bilan ajralib turadi. Masalan, o‘tgan yil oktyabrda Haspel Tramp Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashishiga oid razvedka ma'lumotlarini oshkor qilishiga qarshi chiqqan. Chunki bu ma'lumotlarni Rossiyadagi amerikalik razvedkachilar aniqlagan va ularning e'lon qilinishi razvedkachilarning hayotiga xavf tug‘diradi.

Aynan Haspelning Tramp bilan munosabatdagi qat'iyati AQShning xavfsizlik borasidagi hamkorlari oldida hamon ishonchli ittifoqchi sifatida gavdalanishiga sabab bo‘lgan. Bu esa Haspel o‘z missiyasini sharaf bilan ado etganidan dalolat beradi.

Ko‘proq yangiliklar: