O‘zbekiston Markaziy banki 2021 yil 6 yanvarda «O‘zbekiston respublika valuta birjasi» aksiyadorlik jamiyati (O‘zRVB)ning savdo tizimida Markaziy bank obligatsiyalarining ayrim shartlar asosida birlamchi joylashtirilishini e'lon qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Unga ko‘ra, O‘zRVB savdo tizimida ochiq sotuv orqali MB bir donasining nominal qiymati bir million so‘m obligatsiyalarni yillik 14 foiz stavkada 2021 yil 6 yanvarda muomalaga chiqardi.
Ta'kidlanishicha, obligatsiyalarning umumiy chiqarilish hajmi 200 milliard so‘mni tashkil etib, muomala davri 182 kun etib belgilangan.
Kupon to‘lovlari quyidagi jadvalga asosan amalga oshiriladi:
- birinchi davr: 2021 yil 6 aprel;
- ikkinchi davr: 2021 yil 7 iyul.
Markaziy bank obligatsiyalarining joylashtirilishi nimani anglatadi?
Markaziy bank inflyatsion targetlash rejimi doirasida bank tizimi likvidligini samarali tartibga solish maqsadida qisqa muddatli pul-kredit operatsiyalari bilan bir qatorda Markaziy bank obligatsiyalaridan ham foydalanadi.
Bunda Markaziy bank obligatsiyalarining chiqarilishi va tijorat banklariga joylashtirilishi ular likvidligining qisqarishini bildiradi. Banklarning umumiy likvidligi belgilangan normativlarning bajarilishi va to‘lov tizimi uzluksizligini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan miqdordan ortib ketganda Markaziy bank obligatsiyalarni joylashtirish orqali ortiqcha likvidlikni yig‘ib oladi.
Markaziy bank obligatsiyalari banklar uchun daromad keltiruvchi aktiv bo‘lib, ularning joylashtirilishi tijorat banklari uchun daromad keltirmaydigan bo‘sh pul mablag‘larini daromad keltiradigan aktivga almashtirish imkoniyatini yaratishi orqali manfaatli hisoblanadi.
Nega 200 milliard so‘m miqdorida Markaziy bank obligatsiyalari chiqarilmoqda va ushbu hajm nimaga qarab belgilanadi?
Markaziy bank umumiy likvidlik darajasini doimiy ravishda kuzatib boradi va unda yuzaga keladigan ortiqchalik yoki taqchillikni bartaraf etish maqsadida qisqa muddatli pul-kredit siyosati operatsiyalarini amalga oshiradi.
Bunda Markaziy bank obligatsiyalari chiqariluv hajmlari banklararo pul bozoridagi stavkalar darajasi, operatsion maqsad, umumiy likvidlik tarkibidagi ortiqchalikni tahlillar asosida baholash va likvidlik prognozlaridan kelib chiqadi.
Shuningdek, obligatsiyalarga tijorat banklari tomonidan bo‘lgan talab ham obligatsiyalar chiqarilish hajmini belgilashga ta'sir etuvchi omillardan hisoblanadi.