Bozorlardagi narxlar: Vodiyda 30 ming so‘mdan oshgan bodring, qimmatlagan tuxum va sut

Iqtisodiyot 20:47 / 03.01.2021 20542

Jami 18 turdagi oziq-ovqat va meva-sabzavot mahsulotlarining o‘rtacha narxlari to‘plab, tartiblanib, o‘tgan haftadagi narxlarni solishtirish asnosida bozorlardagi aksariyat mahsulotlar narxida keskin o‘zgarish ko‘zga tashlanmayapti.

Oldingi haftada narxi pasayish tomon yuz tutgan bodring narxida yanada oshish kuzatildi. Vodiy bozorlarida bu sabzavotning eng sifatlisi kilogrammi 30 ming so‘mdan qimmatroqqa sotilmoqda. Buni issiqxonalarning gaz tarmog‘idan uzilgani hamda yangi yil dasturxoniga asosiy salatlar uchun bodring ishlatilishi bilan tushuntirish mumkin. Pomidor narxlarida esa aksincha, tushish kuzatilmoqda.

Biroz muddat avval oshib, so‘ngra narxi pasaygan tuxum narxi yana ko‘tarildi. Bu ham tuxum salatlarga va shirinliklar tayyorlashda ishlatilishi tufayli unga talab oshgani bilan izohlanishi mumkin. Sut narxida ham o‘sish kuzatilmoqda. Ayrim joylarda uning litri 6 ming so‘mga yetgan.

Shakar narxida ham sezilarli ko‘tarilish ro‘y bergan. Aksariyat joylarda bu mahsulot o‘rtacha 8 ming so‘mdan sotilmoqda. Qo‘qondagi bozorda 10 ming so‘mlik narxlarga ham guvoh bo‘lish mumkin.

Mandarinning kattasi kilogrammi 10-15 ming so‘mdan sotilayotgan bo‘lsa, aksariyat joylarda kichik va danaksiz mandarin 45 ming so‘mgacha savdoga chiqarilgan.

Go‘sht narxi hamon barqaror: joylarda mol go‘shti 55-65 ming so‘m oralig‘ida sotilayotgani, qo‘y go‘shti o‘rtacha 65-70 ming so‘m ekanligi qayd etildi.

Ko‘proq yangiliklar: