2021 yilda tadbirkorlikka o‘qitadigan 1000dan ortiq markaz tashkil etiladi - Iqtisodiyot vazirligi

Iqtisodiyot 15:12 / 30.12.2020 3320

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Saidqahhor Xolxo‘jayev 2021 yilda aholini tadbirkorlikka o‘qitish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagidagi fuqarolar uchun beriladigan mablag‘lar va imtiyozlar haqida ma'lumot berdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«2021 yilda tadbirkorlikka o‘qitadigan 1000dan ortiq markaz tashkil etiladi. Ularda o‘qib chiqqan fuqarolarga yordam berish maqsadida 1 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Buning uchun budjetdan 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 6 trillion so‘mdan ziyod kreditlar berish ko‘zda tutilgan.

Ikkinchidan, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishda asbob-uskunalar sotib olish ehtiyojiga ega bo‘lgan fuqarolarga 7 million so‘mgacha bo‘lgan subsidiyalar ajratiladi.

Shuningdek, dehqonchilik qilish xohishi bor fuqarolarga 10 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan yerlar beriladi.

Keyingi yilda 27 mingdan ortiq fuqarolarga ipoteka kreditlari olishida boshlang‘ich badallari va foiz stavkalariga subsidiyalar ajratish bo‘yicha 2,4 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu 2020 yilga nisbatan 2 yarim baravar oshiq degani.

Mazkur ishlarni amalga oshirishda vazirlik tomonidan birinchi navbatda o‘rta muddatga mo‘ljallangan kambag‘allikni qisqartirish strategiyasi konsepsiyasi ishlab chiqamiz. Xususan, 2021 yilda kamida 100 ta texnopark va kichik sanoat zonalari yaratish rejalashtirilgan. O‘z navbatida ularga yetarli miqdordagi infratuzilmani shakllantirish maqsadida davlat tomonidan 1,6 trillion so‘mlik mablag‘ yo‘naltiriladi», –– dedi vazir o‘rinbosari.

O‘zbekiston prezidentining Oliy Majlisga murojaatnomasida ham tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator vazifalar keltirilgan edi.  

Ko‘proq yangiliklar: