Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaati davomida kelasi yilda ham tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha yanada qulay sharoitlar yaratilishini ma'lum qildi.
Tadbirda turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalariga berilgan imtiyozlar kelgusi yil yakunigacha uzaytirilishi va 20 ming tadbirkorning 400 milliard so‘mlik yer va mol-mulk solig‘ini to‘lash muddatini yana bir yilga uzaytirish taklif etildi.
Bundan tashqari, 1 milliard so‘mgacha davlat xaridlari doirasida avans miqdori 30 foizga yetkazilib, tadbirkorlar qo‘shimcha 1,5 trillion so‘mgacha aylanma mablag‘larga ega bo‘ladi.
Ma'lum qilinishicha, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ularning soni qisqartiriladi hamda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqiladi.
«Xabaringiz bor, bundan 4 yil oldin tadbirkorlik sub'yektlarida tekshirishlar o‘tkazishga moratoriy e'lon qilgan edik. Buning natijasida o‘tgan davrda tadbirkorlar soni 2 barobar ko‘payib, 400 mingtaga yetdi.
Shuning uchun moratoriy muddatini yana bir yilga uzaytirishni taklif etaman.
Shu bilan birga, hukumat tomonidan bozorda teng raqobat muhitini yaratish va halol-pok tadbirkorlarni, takror aytaman, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlayotgan vijdonli tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirishga qaratilgan mexanizmlar joriy etiladi», dedi prezident.