Prezident murojaatnomasi: 2021 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti qanday o‘zgaradi?

Iqtisodiyot 21:34 / 29.12.2020 39268

2020 yil 29 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan bu galgi murojaatnomada ham ko‘p masalalar, xususan, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi rahbarlari, bozor ishtirokchilariga  kuchli messej berildi. Quyida murojaatnomada davlat rahbari tomonidan bildirilgan asosiy tezislar keltiriladi.

Kambag‘allikka qarshi kurashish 2021 yilning asosiy iqtisodiy masalasiga aylanadi.

1. 2021 yil 1 martdan boshlab, aholining minimal iste'mol xarajatlari e'lon qilinadi. Shuningdek, hukumat ijtimoiy kafolatlarni bir tizimga keltirib, ularni minimal me'yor darajalarida bosqichma-bosqich ta'minlash bo‘yicha dastur ishlab chiqadi.

Kambag‘allik muammosi haqida gapirish, uni rasmiy minbardan tan olish bosqichidan o‘tdik. Keyingi marrada kambag‘al aholi kim degan savolga javob berish zarur. Aholining minimal iste'mol xarajatlari mana shu masalaga oydinlik kiritadi. Bundan tashqari, eng kam iste'mol xarajatlarini e'lon qilib borish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi  39 moddasining to‘liq ijrosini ta'minlash uchun ham xizmat qiladi.

Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta'minot olish huquqiga ega. Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas. O‘zbekiston Konstitutsiyasi 39 moddasi.

2. Sotsial reyestr ishga tushadi. Kambag‘allik hisobini aniq yuritish va aholiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam berishni osonlashtirish uchun ijtimoiy reyestr ishga tushadi. Kelgusi yildan to‘liq ishga tushadigan «Ijtimoiy reyestr»da «temir daftar»dagi barcha ma'lumotlar qamrab olinib, ehtiyojmand oilalarga 30dan ziyod ijtimoiy xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatiladi. Aslida sotsial reyestrning joriy etilishi davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordamning haqiqiy egasiga borishi ham ta'minlanadi, negaki, barcha ro‘yxat va xizmatlar elektron, shaffof yuritilishi rejalashtirilgan.

Xususiylashtirish va transformatsiya jarayoni davom etadi.

1. Davlat kompaniyalarini transformatsiyalash jadallashtiriladi. Prezident iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish kerak, deb hisoblaydi. Kelgusi yilda «Navoiy kon-metallurgiya kombinati», «O‘zbekneftgaz», «O‘zbekgidroenergo», «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyatlari xalqaro moliya bozoriga chiqib, davlat kafolatisiz mablag‘ jalb etish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Joriy yilda Milliy bank va Ipoteka bank yevroobligatsiyalar chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Endi navbat davlat korxonalariga. Albatta yevroobligatsiya chiqarish uchun, avvalo, xalqaro reyting olish kerak.

Reyting olish davomida korxonalar faoliyati va ularning bozori to‘liq  o‘rganiladi. Ulardagi mavjud muammolar reyting agentliklari tomonidan baholanadi. Bu esa davlat kompaniyalarini yanada samaraliroq va ochiq-oshkora ishlashga undaydi.

Shuning uchun elektr energetikasi, neft-gaz va kimyo sanoati, mashinasozlikdagi yirik korxonalar hamda tijorat banklarini isloh qilishga Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda MacKenzie, Boston Consulting Group, Rothschild kabi xalqaro tan olingan kompaniyalar jalb etildi.

Ta'kidlanishicha, 2021 yilda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 32 ta yirik korxona va tarmoqni transformatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi. 

2. Davlat ulushlari sotiladi, xususiylashtirish jadallashtiriladi. Tarkibiy islohotlarning yana bir yo‘nalishi bu – davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishdir. Kelgusi yilda «Farg‘onaazot» va «Dehqonobod kaliy» zavodlari, «Koka-kola ichimligi» korxonasi, «Bildirsoy» va «Chorvoq» oromgohlari, «Ichan qal'a» va Hyatt Regency mehmonxonalari, «Poytaxt» biznes majmuasi, alkogol, yog‘-moy kabi tarmoqlardagi 83 ta yirik korxonadagi davlat ulushi sotuvga qo‘yilishi ma'lum qilindi. Albatta, bu kabi aktivlar ochiq va samarali sotilishi kerak. Bunga esa mamlakat rahbari ta'kidlaganidek, xalqaro moliyaviy va huquqiy maslahatchilar jalb etiladi.

Shavkat Mirziyoyevning ta'kidlashicha, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar soni kelgusi ikki yilda kamida 3 barobar qisqartiriladi.   

Albatta, davlat ulushi sotilish strategiyasi tanlanadi, ko‘p hollarda istiqbolli xaridorga ulushlar sotilishi mumkin. Masalan, davlat banklarini yirik strategik investorlarga sotilishi, avvalo ularning boshqaruv tizimi, ish uslublari va moliyaviy menejmentini takomillashtirish imkonini beradi. Ushbu masalada shaffoflik va faqat oshkoralikni yuqori darajada ta'minlash talab etiladi.

Bozorlarni monopoliyadan chiqarish ishlari jadal bo‘ladi.

1.  2021 yilda davlat va xususiy elektr stansiyalari, hamda iste'molchilar o‘rtasida elektr energiyasi ulgurji bozorini shakllantirish boshlanadi. Prezident nutqida tadbirkorlarni bu bozorlarga jalb etgan holda, ular tomonidan energiya mahsulotlarini import qilish orqali yoki mamlakat hududida ishlab chiqarib, erkin sotishi uchun imkoniyatlar yaratilishiga ishora mavjud. Bu bilan tez orada energiya resurslari tanqisligi muammosini bartaraf etish mumkin bo‘ladi.

2. Tabiiy gaz ta'minoti sohasida monopoliya bekor qilinadi, ishlab chiqaruvchi va importyorlar birjada gazni sotish, ulgurji iste'molchilar esa gazni sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Suyultirilgan gaz bozorida xususiy sektor ishtiroki kengaytirilib, uning importiga bojlar bekor qilinadi. Ushbu tashabbuslar ham mamlakatdagi energiya tanqisligi muammosini yechishga qaratilgani bilan diqqatli.

3. 1 martdan boshlab kumushni birja orqali ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi joriy etiladi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda kumush 2ta korxona, ya'ni Navoiy kon metallurgiya korxonasi va Olmaliq kon metallurgiya kombinati tomonidan ishlab chiqariladi. Ammo, korxonalar ishlab chiqargan kumush mahsulotini jahon bozoridagi narx bo‘yicha faqat Markaziy bankka sotishga majbur hisoblanadi. Bu boradagi liberalizatsiya, bir tarafdan kumush buyumlari ishlab chiqarish ichki bozorini rivojlantiradi, ikkinchidan, bu ikkita korxona transformatsiyada muhim qadam hisoblanadi.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, pandemiyada biznesni himoya qilish davom etadi.

1. Turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalariga imtiyozlar bir yilga uzaytiriladi. Xususan, 20 mingta tadbirkorlik sub'yektining joriy yil yakunigacha kechiktirilgan 400 milliard so‘mlik yer va mol-mulk solig‘ining to‘lash muddati yana bir yilga uzaytiriladi. Pandemiya boshlanishi bilan biznesga berilgan imtiyozlar, ko‘maklar yana davom ettirilishi ta'kidlandi. Bundan tashqari, 1 milliard so‘mgacha davlat xaridlari doirasida avans miqdori 30 foizga yetkazilib, tadbirkorlar qo‘shimcha 1,5 trillion so‘mgacha aylanma mablag‘larga ega bo‘ladi.

2. Xususiy mulk daxlsizligini ta'minlash bo‘yicha choralar ko‘riladi. Xususan, Biznes-ombudsmanga mulkka doir huquqlarni buzgan rahbarlarni ma'muriy javobgarlikka tortish vakolati beriladi.

«Bir narsani ochiq tan olish kerak, pandemiya davrida iqtisodiyotning barqaror ishlashi uchun tadbirkorlar davlat bilan teppa-teng hissa qo‘shdilar. Shuning uchun barchamiz tadbirkorlarga yelkadosh bo‘lib, ularni doimo qo‘llab-quvvatlashimiz shart”, dedi prezident.

Shu bilan birga, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ularning soni qisqartiriladi hamda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqiladi.

3. Tadbirkorlarni tekshirishga e'lon qilingan moratoriy yana bir yilga uzaytiriladi.  Bundan 4 yil oldin tadbirkorlik sub'yektlarida tekshirishlar o‘tkazishga moratoriy e'lon qilgandi. Buning natijasida o‘tgan davrda tadbirkorlar soni 2 barobar ko‘payib, 400 mingtaga yetdi. Shuning uchun moratoriy muddatini yana bir yilga uzaytirish taklif etildi

Ko‘proq yangiliklar: