Faoliyati mobaynida ma'lum yutuqlarga erishgan ziyoli ham tadbirkor hamyurtlarimiz, «Intellekt» loyihasi doirasida, o‘z hayotiy tajribaci va fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi; yoshlarga o‘z tavsiyalarini berib boradi.
Loyihaning ilk mehmoni – taniqli tadbirkor Hikmat Abdurahmonov bo‘ldi. O‘zbek–Xitoy savdo uyi va «Ground Zero» kovorking-markazlari asoschisi, «Team» universiteti ta'sischilaridan biri bilan suhbatimiz asosan oliy ta'lim, ijtimoiy tadbirkorlik va oila mavzularida kechdi.
Suhbatni tomosha qilish asnosida bir necha yutuqlardan birini ham qo‘lga kiritishingiz mumkin. Bu haqda maqola so‘ngida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
«Keyin tushundimki, biz dunyo universitetlaridan ancha orqada qolgan ekanmiz»
— 16 yoshda Diplomatiya universitetiga, xalqaro iqtisodiyot yo‘nalishiga o‘qishga kirganman. U yerda: «Sizlar oddiy bir universitet talabasi emassizlar, sizlarga dars beradigan odamlar – vazirlik, katta idoralar rahbarlari, ko‘zga ko‘ringan insonlar. Ular bilim berish bilan birga, sizlarni ilhomlantiradi ham. Demak, sizlar ham jamiyatdagi o‘zgarishlarga o‘z hissanglarni qo‘shishinglar kerak», degan lozung ostida bo‘lganmiz.
Bu lozung meni juda ham ruhlantirardi. Lekin keyinchalik, o‘qishni tamomlab davlat ishiga kirganimda, unda o‘zimni topa olmadim. Davlat tashkilotlarida, xususan o‘sha paytdagi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi qoshida ma'lum vaqt ishlab, tajriba orttirdim, lekin baribir qoniqmadim. Baribir sezdimki, davlat ishi – salohiyatimni oshiradigan faoliyat emas ekan.
Shundan keyin O‘zbek-yapon markazida o‘qidim. Unga ham mana, 15 yil bo‘libdi. Bilasiz, yaponcha uslubdagi menejment juda ham mashhur. Shu yo‘nalishda yarim yillik ekspress-MBA'da o‘qiganman. Shu yerda o‘qib, biznes to‘g‘risidagi bilimim juda kamligini yaqqol sezganman.
Vaholanki, bungacha menda ilk tadbirkorlik tajribalari bor edi. 20 yoshimda kichik loyihalar qilib yurardim: kompyuter, qurilish materiallari, mashina ham sotib ko‘rganman. Xullas, qandaydir yo‘l bilan o‘zimga moddiy fundament qurishga harakat qilganman. Chunki sir emas, u payt davlat ishida ishlasangiz, daromadingiz hatto yoqilg‘i xarajatlariga ham yetmasdi.
Yapon markazida o‘qib, biznes asoslari bilan tanishgach, biznes to‘g‘risida olgan bilimim juda ham kamligini yaqqol tushunib yetganman. Bu bilimim bilan faqat kichik savdo-sotiq bilangina shug‘ullanishim mumkinligi, haqiqiy va kattaroq loyiha qilaman desam, yana ko‘proq o‘rganishim kerakligini o‘shanda sezganman.
Shundan kelib chiqib, bir yilga magistratura o‘qishga Buyuk Britaniyaga, turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda ketganmiz. Undan keyin esa, tasavvur qiling, siz iningizda o‘sib ulg‘aygan kichik qush bo‘lsangiz-u, keyin sizni uzoq-uzoq joylarga olib borishsa... Dunyoqarashingiz butunlay o‘zgarib ketar ekan.
O‘qishga 1997 yilda kirgan bo‘lsam, 23 yil o‘tibdi. Oliy ta'limimizda, afsuski, 23 yil ichida yaxshi tarafga katta o‘zgarish bo‘lmadi (ammo oxirgi 2–3 yil ichida dadil qadamlar qo‘yilyapti). Men o‘qigan vaqtda ham Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining nufuzi juda baland edi, lekin baribir hozir taqqoslasam, dunyo universitetlaridan ancha orqada qolgan ekanmiz.
Buyuk Britaniyaning nufuzli universitetiga borganimda, haqiqiy oliy o‘quv yurti nimaligini o‘shanda tushunganman.
«Yaxshi universitet tanlang va u yerda hamfikr insonlarni atrofingizga jamlang»
— Bir narsaga yuz foiz ishonaman: agar hayotda to‘siqlar bo‘lmasa, biror narsaga erishish ilojsiz. Har gal hayotimda to‘siq, qandaydir muammo paydo bo‘lganida o‘sha muammoni yechish orqali ma'lum bir ko‘nikma shakllangan. Keyin esa bu narsa mendagi kuchli taraflardan biriga aylangan.
Yutuqlaringizda jamoaning ahamiyati katta bo‘ladi. Yaxshi universitet tanlang, u yerda hamfikr insonlarni atrofingizga yig‘ing, degan maslahatlar bejiz emas. Chunki butun umringiz davomida ular bilan hamroh bo‘lasiz.
«Jamiyat rivoji uchun eng kuchli omil – oiladagi garmoniya»
— Er-xotin birgalikda rivojlanishi kerakligi – O‘zbekistonda uncha yaxshi yoritib berilmagan mavzu. Afsuski, oilaviy nizolar, er xotinini urgani kabilar haqida tez-tez eshitib turamiz. Erkak kishi ayoliga hurmat bilan muomala qilishi, unga kerakli sharoit yaratib berishi kerak deymiz, lekin men bunga qo‘shimcha tarzda chaqiriq tashlagan bo‘lardim: keyingi qadamni ham qo‘yaylik – er-xotinning birgalikda rivojlanishi g‘oyasini targ‘ib qilaylik.
Bir maqsad tomon intilmagan ikki inson birgalikda baxtli bo‘la oladimi?
Oilalar buzilishining sababini tahlil qiladigan bo‘lsak, asosiy sabablardan biri – eri ishlaydi, ayoli uyda o‘tiradi. Shunda ularning dunyoqarashi o‘rtasidagi farq borgan sari kattalashib boraveradi. Boshida ular bir-birini sevadi, qanaqadir umumiy fikrlar bo‘ladi, lekin keyinchalik, vaqt o‘tib, umumiy qiziqishlar yo‘qola boradi. Bu – oila rivojiga katta minus.
Shuning uchun er-xotin fikr almashishi, bir-birini tinglashi va bir-birining fikrlarini inobatga olishi juda ham muhim.
Men mubolag‘asiz aytishim mumkin, erishgan natijalarimda turmush o‘rtog‘imning roli katta. Chunki biz ko‘p narsalar haqida suhbatlashamiz. Bir-birimizga psixolog vazifasini bajaramiz.
Men ko‘pincha ishimdagi muammolar, qaysidir masalani hal eta olmayotganim haqida aytaman. Xuddi shunday, Aziza ham ishxonasida yoki jamiyatda qandaydir bir narsani ko‘rsa-yu, undan rozi bo‘lmasa, birinchi bo‘lib albatta menga aytadi. Birgalikda tahlil qilishga harakat qilamiz.
Va albatta, bu suhbatlarimizni farzandlarimiz ham kuzatishadi, ular ham qatnashishadi. Menimcha, bu – ular uchun ham to‘g‘ri muhit. Jamiyatdagi muammolar, ularga qanday munosabatda bo‘lish kerakligi, nimalarga e'tibor qilish zarurligini oilada ko‘rishadi.
Menimcha, jamiyatimiz har taraflama rivojlanishi uchun eng kuchli omil – oiladagi garmoniya.
***
Hikmat Abdurahmonov suhbat davomida farzandlar ta'limi, biznesni o‘qitish, TEAM universiteti; Amerika, Angliya va Rossiya ta'lim tizimlari; kovorking markazlar kabi mavzularda ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Intervyuni to‘liq Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qiling.
Nafosat Tojiboyeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Muhammadjon G‘aniyev.
«Intellekt» loyihasi mehmonlari YouTube'dagi video ostida eng yaxshi izoh qoldirgan tomoshabinlarga sovg‘alar taqdim etib boradi.
Siz hayotingizda motivatsiyani kimdan yoki nimadan olasiz? Hayotingizda qaysi voqea keyingi yutuqlaringiz uchun burilish nuqtasi bo‘lgan? Intervyudan qanday xulosalar oldingiz?
Shu kabi savollarga YouTube'dagi izohlarda yozilgan eng yaxshi 3ta javob egalarini Hikmat Abdurahmonov quyidagi sovg‘alar bilan taqdirlaydi:
- TEAM (Toshkent) va LSBU (London) universitetlarining brend suveniri va polo-futbolkasi;
- Hikmat Abdurahmonov dastxati tushirilgan kitob;
- TEAM universitetining ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha Pre-foundation kursida o‘qish uchun sertifikat.
G‘oliblar – suhbat e'lon qilingan kundan boshlab, 2021 yilning 1 yanvarigacha qoldirilgan izohlar orasidan tanlab olinadi. Suhbatni to‘liq tomosha qiling va o‘z fikringizni bildirib, to‘rt xil yutuqdan birini qo‘lga kiriting!