ATB «Qishloq qurilish bank» o‘z mijozlariga ko‘rsatilayotgan barcha turdagi xizmatlar sifatini yanada oshirib bormoqda. Buning natijasida mijozlar uchun qator yangi qulayliklar yaratilmoqda.
Hududlarda tatbiq qilinayotgan loyihalarni tanishtirish maqsadida ATB «Qishloq qurilish bank» tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Qashqadaryo viloyatiga press-tur tashkil qilindi.
Press-tur ishtirokchilari bankning Qashqadaryo mintaqaviy filiali yangi binosi ochilish marosimida qatnashdilar. Filialning yangi binosi «Qishloq qurilish bank» mijozlari uchun yangi yil arafasida o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi deyish mumkin. Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Bank Boshqaruvi, Qashqadaryo viloyati hokimligi rahbarlari filialning yangi binosi respublika bank tizimida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning yana bir samarasi ekanligini ta'kidladilar.
Yangi binoda yaratilgan qulayliklar hisobiga endilikda bank mijozlari buxgalteriya hisob-kitoblari, valuta ayirboshlash, pul o‘tkazmalari hamda turli to‘lovlar bilan bog‘liq zarur xizmatlardan shu yerning o‘zida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Elektron navbat tizimining mavjudligi esa bank xodimlari va mijozlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Filialning zamonaviy bank texnologiyalari bilan jihozlangani esa, sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatini oshiradi.
Bugungi kunda viloyatda «Qishloq qurilish bank»ning Ko‘kdala va Yakkabog‘ filiallari ham mijozlarga xizmatlar ko‘rsatmoqda.
Press-tur doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari bank filiallaridagi sharoitlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan tanishdilar va mijozlar bilan suhbatlashdilar.
Jurnalistlar bank tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan bir qator investitsion loyihalar, Yakkabog‘ tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida mahalliy hokimlik idoralari va bank hamkorligida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar bilan ham bevosita tanishdilar.
Xususan, Yakkabog‘ tumanidagi «Chiroyli mebel» MChJ, «Delta FBS» MChJ korxonalarida va tumanda bank tomonidan tashkil qilingan Tadbirkorlarni o‘qitish markazida qizg‘in muloqotlar bo‘ldi.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari Qarshi shahrida bank moliyaviy ko‘magida faoliyat yuritayotgan «Biolab derma plyus» xususiy tibbiyot klinikasi faoliyati bilan tanishdilar. Bu maskanda viloyat aholisi tashxislash va davolanish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy tibbiy xizmatlardan foydalanmoqda.
“Qishloq qurilish bank” axborot xizmati