Qarshida 13 nafar o‘smirning is gazidan zaharlanishi holatini Qashqadaryo viloyat prokuraturasi nazoratga olgan

Jamiyat 14:55 / 19.12.2020 3853

Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati tomonidan Qarshida 13 nafar o‘smir is gazidan zaharlangani va ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgani haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinovning xabar berishicha mazkur ishni Qashqadaryo viloyat prokuraturasi o‘z nazoratiga olgan. Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv ishlarini olib bormoqda.

«Aniqlanishicha, bugun 19 dekabr kuni soat 06:50 larda Qarshi shahridagi xususiy o‘quv markazlaridan birining yotoqxonasida yashovchi 13 nafar o‘smir yotoqxonaga o‘rnatilgan gaz bilan ishlaydigan isitish qozonidagi nosozlik sababli zaharlanishgan. Ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamdan so‘ng ularning ahvoli yaxshilangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. Tekshiruv olib borilishi ustidan Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan», deyiladi munosabatda.

Ma'lumot o‘rnida, avvalroq, 11 dekabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov 2020 yilda is gazi va gaz portlashidan jabr ko‘rgan fuqarolar haqida ma'lumot bergan edi. Unga ko‘ra, 2020 yilning o‘tgan davrida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq jami 52 ta holat sodir bo‘lib, ularda 69 nafar fuqaro jabrlangan, 61 nafari vafot etgan. Gaz portlashi bilan bog‘liq 12 ta holat kuzatilib, ularda 147 nafar fuqaro jarohatlangan, 19 nafari vafot etgan.

So‘nggi paytlarda mamlakatimizda is gazi bilan bog‘liq eng dahshatli hodisa 9 dekabr Xo‘jayli tumanida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda birdaniga 6 kishi is gazidan zaharlanib vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: