15 dekabr kuni Kun.uz’da «Qamashidagi bozorda chiroq nega uzib qo‘yilyapti? «Dvijok» yoqib o‘tirgan tadbirkorlarning dodini kim eshitadi?» sarlavhasi bilan tanqidiy maqola e'lon qilingan edi. Unda Qamashidagi «Fayz dehqon bozori»da savdo qilayotgan tadbirkorlarning chiroq uzib qo‘yilayotgani bilan bog‘liq muammosi yoritilgan edi.
Bugun, Qamashi tuman hokimligi mazkur maqolaga o‘z munosabatini bildirdi. Unda yozilishicha, «Fayz dehqon bozori»da tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni yechish maqsadida Qamashi tuman Xalq qabulxonasida tuman hokimligi va qabulxona mas'ullari o‘rtasida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unga mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ham taklif etilgan.
Yig‘ilishda «Fayz dehqon bozori»da qarzdorlik ortidan chiroq uzib qo‘yilayotgani haqidagi vajlar tasdiqlangan. Jumladan, tuman elektr ta'minoti korxonasi rahbari N.Jontemirov, bozor hududidagi nimstansiyaga hisoblagich o‘rnatilgani, o‘sha hisoblagich bo‘yicha bozorning 2020 yil 15 dekabr holatiga ko‘ra 9 663 747 so‘m qarzi borligini bildirgan. U bozor ma'muriyati shartnomada ko‘zda tutilgan shartlarni bajarmayotgani va qarzlarni o‘z vaqtida to‘lamayotgani, oqibatda bozor hududida joylashgan nimstansiyaga elektr energiyasi uzatishda cheklovlar o‘rnatilayotganini ma'lum qilgan.
Bozor direktori Azamat Allamurodov esa qarzdorlik ancha paytdan beri yo‘qotishlar va penyalar hisobidan yig‘ilib kelayotganini aytgan. Yig‘ilish so‘ngida tomonlar bir to‘xtamga kelishgan. Bozor direktori 2020 yil 21 dekabrga qadar qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha kafolat xati bergan. Tuman elektr ta'minoti korxonasi rahbari esa 2021 yil 1 yanvardan bozordagi nimstansiyani o‘z balansiga o‘tkazib, yo‘qotishlar o‘rnini chegirib tashlab, so‘ng hisob-kitob qilishini bildirgan.
Munosabatdagi bir holat e'tiborimizni tortdi. Unda «Fayz dehqon bozori»ning yog‘ingarchilik kunlarida loyga botib qolishi, kun issiq bo‘lganda changib yotishi masalasiga izoh berilgan joydagi bir gap biz uchun biroz tushunarsiz bo‘ldi. Yig‘ilishda tuman hokimining o‘rinbosari Q.Haydarov tuman markazida yangi bozor qurilayotgani va u bitsa «Fayz dehqon bozori»ning keyingi taqdiri nima bo‘lishi haqida aniq to‘xtamga kelinmaganini ma'lum qilgan.
Ammo Qamashidagi mazkur bozordagi muammolarni o‘rganayotganimizda tuman hokimligi bosh mutaxassisi Shuhrat Eshmamatov va bozor direktori Azamat Allamurodov yangi bozor bitib ishga tushsa ham «Fayz dehqon bozori» saqlanib qolishini va u ekobozorga aylantirilishini aytgandi. Hatto mazkur bozor ekobozorga aylantirilganda undagi do‘konlar buzilmasligini va zamonaviy ko‘rinishga keltirilib, faoliyatini davom ettirishini ma'lum qilgandi. Endi esa tuman hokimining o‘rinbosari «Fayz dehqon bozori»ning keyingi taqdiri haqida aniq gap ayta olmasligini bildirmoqda.
P.S. O‘zi shundoq ham xalq oxirgi paytlarda «buza-buz»lardan charchab ketdi. Chunki qayerda nimadir buzilsa tovon puli to‘lashda aksariyat hollarda nafaqat adolatga rioya qilinmayapti, balki qonunlar ham oyoqosti qilinyapti. Shuning uchun Qamashidagi «Fayz dehqon bozori»ni ham kelajakda ekobozorga aylantirilsa, maqsadga muvofiq ish bo‘larmidi?!