DXX korrupsiya va firibgarlikka qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazdi

Jamiyat 18:19 / 17.12.2020 19056

Toshkent shahridagi tuman hokimliklaridan birida ishlovchi mansabdor shaxs Navoiy viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan MChJga Toshkent shahri hududidan 16 sotix yer maydonini rasmiylashtirib Toshkent shahar hokimligining tegishli qarorini chiqartirib berish evaziga tadbirkordan har bir sotix yer uchun 22 ming AQSh dollaridan jami 352 ming AQSh dollari talab qilgan.

DXX xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida ushbu shaxs so‘ralgan puldan 35 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

DXX xodimlarining departament xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan boshqa bir tezkor tadbiri davomida Toshkent viloyatidagi shahar xokimliklaridan birida mas'ul lavozimda ishlovchi shaxs mahalliy fuqaroga shahar hududidan 15 sotix yer maydoni olishida yordam berish evaziga undan 15 ming AQSh dollari talab qilib, so‘ralgan pulning 4,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida, mazkur shaxs dastlabki hujjatlarni tayyorlash uchun muqaddam 5,5 ming dollar olgani ham ma'lum bo‘ldi.

Toshkent viloyatida qayd etilgan yana bir holatda esa muqaddam 4 marta sudlangan shaxs Bo‘stonliq tumani Hojikent qishlog‘idagi 1 gektar yer maydonini tuman hokimligidagi tanishlari orqali mahalliy fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 160 ming AQSh dollari talab qilib, shundan 80 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Ushbu 1 gektar yer maydoni 80 ming dollarni olish uchun firibgar shaxs bilan birga kelgan, uning ikki nafar qarindoshi nomiga 2007 yilda dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun rasmiylashtirib berilgani aniqlandi.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand viloyati Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Urgut tuman filialining mutaxassisi tuman hokimining tumandagi «Sariqtepa» massivi hududida joylashgan 15 sotix tashlandiq yer maydoniga egalik huquqini beruvchi qarorini chiqartirib, tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 2000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi suv iste'molchilari uyushmalaridan birining raisi bog‘dorchilikka mo‘ljallangan yer maydonlarini poliz ekinlari ekishga berish orqali shaxsiy moddiy manfaatdor bo‘lish maqsadida vakolatini suiiste'mol qilib, mahalliy fermer xo‘jaligining 4 gektar yer maydonini Guliston shahrida yashovchi fuqaroga ajratib berish evaziga 20 mln so‘m olgan vaqtida DXX hamda departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Jizzax viloyati Zarbdor tumani Yer resurslari va davlat kadastr bo‘limi xodimi Sharof Rashidov tumanida yashovchi fuqaroga chorvachilik fermer xo‘jaligi tashkil etishi uchun Zarbdor tumani hududidan 40 gektar yer maydoni rasmiylashtirib olishiga yordam berishini aytib, xizmati evaziga 2000 AQSh dollari talab qilgan.

DXX Jizzax viloyati boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida kadastr xodimi so‘ralgan puldan 10 mln so‘mni olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu noqonuniy ishlarga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: