Adolat qaror topdi. Oliy sud egalik qilib kelgan kvartira o‘z egasiga qaytdi

Jamiyat 12:10 / 17.12.2020 10254

Fuqaro Rustam Kamalov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Respublika ko‘p tarmoqli Agrosanoat birjasi Toshkent filialiga nisbatan 2011 yil 19 maydagi auksion bayonnomasini haqiqiy emas deb topish va Yunusobod tumani 19-mavze, 32-uy, 48-xonadonni Oliy sud egaligidan qaytarib olish haqida sudga da'vo arizasi kiritgan edi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining shu yil 3 dekabrdagi hal qiluv qarori bilan da'vogar Rustam Kamalovning javobgar Respublika ko‘p tarmoqli Agrosanoat birjasi Toshkent filiali va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga nisbatan 2011 yil 19 may kuni o‘tkazilgan auksion bayonnomasini haqiqiy emas deb topish hamda haqiqiy emaslik oqibatlarini qo‘llash haqidagi da'vo arizasi qanoatlantirildi.

Hal qiluv qarori bilan Respublika ko‘p tarmoqli Agrosanoat birjasi Toshkent filiali tomonidan 2011 yil 19 may kuni o‘tkazilgan auksion savdosi natijasiga oid 204-sonli bayonnoma haqiqiy emas deb topildi va haqiqiy emaslik oqibatlari qo‘llanilishi belgilandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga Toshkent shahar, Yunusobod tumani, 19-mavze, 32-uy, 48-xonadon Kamalov Rustam Muxsiddinovichga qaytarib berish majburiyati yuklandi.

Shuning bilan, hech bir sababsiz uyidan ayrilib, 9 yil davomida ijarama-ijara sarson bo‘lib yurgan oila, nihoyat, uyini qaytarib oladigan bo‘ldi.

“Oliy sud va fuqaro manfaatlari kesishmoqda. Adolat yutadimi yoki manfaat?” deya savol qo‘ygan edik ushbu mavzudagi maqolalarimizdan birida.

Buni qarangki, adolat yutdi!

Ochig‘ini aytganda, Kamalovlarga oid turkum maqolalarimizni yozishni boshlaganimizda, Oliy sudning ushbu vaziyat bo‘yicha munosabati bilan tanisha turib, “masala birorta quyi sudda ko‘riladimi yoki Oliy suddami, yakunda baribir Oliy sud foydasiga qaror chiqarilsa kerak” degan gumonlarga ham borgan edik. Ammo mana, haqiqat bor ekan, ish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bevosita manfaatdor bo‘la turib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining sudyasi hech ikkilanmay haqiqatga tik boqdi va o‘z uyidan nohaq haydalgan oilaning buzilgan huquqlarini tiklab berdi. Sudlar mana shunday adolat bilan ishlasagina odamlarda sudlarga bo‘lgan ishonch yuqorilaydi.

Ma'lumot uchun, joriy yil 6 fevral kuni Kun.uz saytida «Xatolik tufayli uyidan haydalgan fuqaro adolat istamoqda. Uyni esa Oliy sud o‘ziniki qilib olgan» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Unda fuqaro R.Kamalovning Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 19-mavzedagi xonadoni noqonuniy ravishda olib qo‘yilgani va bugungi kunda Oliy sud egaligida qolib, egasiga qaytarilmayotgani haqida so‘z yuritilgandi.

Mazkur maqola e'lon qilingach, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi munosabat bildirib, uyni Oliy sud ixtiyoriga olinishi qonun doirasida bo‘lganligini va u qaytarib berilmasligini ma'lum qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: