O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida “Respublikadagi kamida 10 ta oliy ta'lim muassasasini xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta'lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta'lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish” vazifalari belgilangan. Bu borada Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va barcha OTMlarda maqsadli rejalar bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.
2020 yilning 16 dekabr kuni Quacquarelli Symonds Ltd (QS) xalqaro reyting agentligining “Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari oliy ta'lim muassasalarining (QS World University Rankings: Emerging Europe and Central Asia)” 2021 yilgi reytingi e'lon qilindi.
Ushbu reytingda Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining eng ilg‘or 400 ta universitetlar ro‘yxati e'lon qilindi.
Unda O‘zbekiston tarixida birinchi bo‘lib reytingga kirgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 2019 yildagi 301+ o‘rindan 50 pog‘ona yuqorilab, 251+ o‘rinda qayd etildi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti “351-400” o‘rindan joy olishdi. Quvonarlisi QSning mintaqaviy reytingida qayd etilgan O‘zbekistonning OTMlari soni 4 taga yetdi. Bu esa hozirgi kunda “Yangilanayotgan O‘zbekiston”ning oliy ta'lim tizimidagi samarali faoliyatini, ta'limga bo‘lgan munosabatni yuksalayotganligidan darak beradi.
O‘zbekiston Oliy ta'lim kengashi raisi, professor O‘.Umurzakov “Respublikamizdagi OTMlarining xalqaroligini ta'minlash, ulardagi o‘quv tarzini bosqichma-bosqich xalqaro talablarga mos o‘quv metodikasiga o‘tkazish, talabalarga o‘zlari tanlagan sohada sifatli ta'lim berish faqatgina Konsepsiyada belgilab o‘tilgan universitetlardagina emas balki, har bir OTM muassasasida amalga oshirilishi kerak. OTMlarning maqsadi reytinglardan o‘rin olishgina emas, ularda yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv laboratoriyalari, ta'limning ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘liqligini ta'minlash, xorijlik professor-o‘qituvchilarni respublika Oliy ta'lim tizimiga jalb etish, ular bilan fikr almashgan holda xalqaro nufuzni oshirishga qaratilishi kerak” ligini ta'kidlaydi. Shuning uchun ham barcha OTMlar tomonidan o‘zlarining oldiga baland maqsad va rejalarni qo‘yish, amalga oshirish bilan O‘zbekistonning Oliy ta'limi imijini oshirishga harakat qilinishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Shu o‘rinda, “Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari oliy ta'lim muassasalarining (QS World University Rankings: Emerging Europe and Central Asia) xalqaro reytingidan o‘rin egallagan respublikamizning faol universitetlari jamoasini mazkur natija bilan muborakbod etib, yanada yuqori natijalarga erishishlarini tilaymiz.
TIQXMM Instituti Matbuot xizmati