Moliya vazirligi: jami davlat tashqi qarzining 14,7 foizi energetika sohasiga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keladi

Iqtisodiyot 15:28 / 11.12.2020 2108

Moliya vazirligi 2020 yilning III choragida O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzi holati va dinamikasi sharhini e'lon qildi.

Unda ma'lum qilinishicha, ichki imkoniyatlar cheklangan holatda, davlat tashqi qarzi, asosan infratuzilma, sanoat va qishloq xo‘jaligi loyihalariga yo‘naltirilmoqda. Xususan, 2020 yilning uchinchi choragi yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 14,7 foizi yoki 2,7 mlrd. dollari energetika sohasiga, 13,8 foizi yoki 2,6 mlrd. dollari elektroenergetika sohasiga, 12,6 foizi yoki 2,3 mlrd. dollari transport va transport infratuzilmasiga, 10,5 foizi yoki 2,0 mlrd. dollari uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Davlat tashqi qarzining salmoqli qismi investitsion loyihalarni moliyalashtirishga jalb qilingan bo‘lib, ushbu qarzdorlikka xizmat ko‘rsatish loyihalarni amalga oshirishdan tushgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi. Mazkur kreditlarning katta qismi uzoq muddat hamda imtiyozli foiz stavkalarida taqdim etilgan.

Shuni ta'kidlash joizki, O‘zbekiston hukumati xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan qarz mablag‘larini jalb qilishda konservativ yondashuvga va xatarlarni boshqarish tamoyillariga amal qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: