Xitoy YIning elektromobillar borasidagi qaroriga javoban Yevropa alkogol mahsulotlariga yangi boj joriy etdi

Jahon 20:49 / 08.10.2024 8474

Xitoy Yevropa Ittifoqi tomonidan mamlakatda ishlab chiqarilgan elektromobillarga nisbatan joriy etgan bojlariga javob tariqasida Yevropa brendilari (alkogol mahsulotlari) importiga boj joriy etdi, deb xabar beradi BBC.

Yevrokomissiya Xitoy tomonidan joriy etilgan bojlarni savdo himoyasini «suiiste’mol qilish» deb atab, bu bo‘yicha Jahon savdo tashkilotiga shikoyat kiritishini ma’lum qildi. Ammo Xitoy ushbu qadam «antidemping» chora ekanini va u ichki ishlab chiqaruvchilarni himoya qilishga qaratilganini ta’kidladi.

Fransiyalik ishlab chiqaruvchilarning aytishicha, yangi bojlar Hennessy va Remy Martin kabi yirik brendilarga ta’sir ko‘rsatib, mazkur sohalar uchun «halokatliga» aylanadi. Xitoy e’lonidan keyin ushbu kompaniyalarning aksiyalari tushib ketgan.

Yevropa brendilarga nisbatan yangi cheklovlar YeI tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarga yuqori bojlar joriy etilganidan bir necha kun o‘tib e’lon qilindi. Xitoy Savdo vazirligiga ko‘ra, brendi importi sabab mahalliy ishlab chiqaruvchilar «jiddiy zarar ko‘rmoqda». Importchilar Yevropa brendilari uchun «depozit garovlarini» to‘lashi kerak bo‘ladi.

Xitoy, shuningdek, Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan boshqa mahsulotlar, jumladan, avtomobillar va sut mahsulotlariga ham yangi bojlarni joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Hennessy’ga egalik qiluvchi LVMH kompaniyasi aksiyalari 3 foizdan ortiqqa, Remy Martin’ni ishlab chiqaruvchi Remy Cointreau aksiyalari esa 8 foizga tushib ketgan. Jefferies tahlilchilarining hisoblashicha, yangi tariflar iste’molchilar orasida narxlarning 20 foizga oshishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, Xitoy tomonidan joriy etilgan bojlar tufayli nemis avtomobil ishlab chiqaruvchilarining ham aksiyalari tushib ketgan.

Ko‘proq yangiliklar: