Toshkentliklar va poytaxt mehmonlari shu kunlarda Toshkent kurantlarining o‘ziga xos tarzda bezatilganiga guvoh bo‘lishyapti. Aniqroq aytganda, soatli minoraga alvon lentalar va bant ilingan.
Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilinishi ortidan Madaniyat vazirligi bu bo‘yicha vazirlik huzuridagi Madaniy meros departamenti bilan kelishilmaganini bildirib, bu bezaklarni olib tashlashni talab qildi.
Madaniyat vazirligi bunday talab qo‘yishga haqli. Sababi aniq – Toshkent kuranti madaniy meros obektlaridan biri hisoblanadi va moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xo‘jalik ishlari, asrashga doir ishlarni amalga oshirish hamda ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar o‘tkazishga oid loyihalarga xulosa berish Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamentining Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan amalga oshirilishi zarur.
Lekin masala boshqa tomonda. Toshkent kuranti atrofida bunday ishlarning birortasi amalga oshirilmagan. Na yer qazilgan, na inshoot buzilgan yoki qurilgan va na melioratsiya va boshqa xo‘jalik ishlari amalga oshirilgan.
Shaharning barcha ko‘chalari va binolari singari bayram oldidan vaqtincha bezalmoqda, xolos. Nega yangilikka intilish bu qadar g‘alati qabul qilinyapti? Axir bu bezaklar ham diqqatni o‘ziga xos tarzda jalb qilishga urinish, bunday urinishlar dunyo amaliyotida muntazam qo‘llab kelinadi.
Eng qizig‘i, biz havas qiladigan va sayohatga oshiqadigan rivojlangan davlatlarning hammasida binolarni ma'lum sana yoki bayramlarga xos tarzda bezash an'anasi mavjud. Hatto bino qadimiy bo‘lsada!
Muhimi, bino yoki inshootga zarar yetkazilmasa, chiroyini to‘suvchi holat doimiy xarakterga ega bo‘lmasa bas. Buning uchun alohida ruxsatnoma ham talab qilinmaydi.
Demak, Toshkent kurantlarining qiyofasi bayramona tus olganligidan fojia yasashga hojat yo‘q, kurantlarimiz har qachongidek ulug‘vor va go‘zal. Bayram esa tez orada o‘tib ketadi.
Abror Zohidov