Shu yilning 14 iyulida Kun.uz saytida «Yana Past Darg‘om va yana fermer murojaati. Sayyor sudlar – hokimlar topshirig‘i ijrosi uchun hozir-u nozirmi?» nomli tanqidiy-tahliliy maqola e'lon qilingandi.
Maqolada Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani hokimligi «Do‘stlik» fermer xo‘jaligi bilan yer ijara shartnomasini noqonuniy tarzda bekor qilgani, shunga qaramay tuman iqtisodiy sudi hokimlik qarorini ma'qullagani haqida so‘z borgandi.
Shundan so‘ng, sentyabr oyida viloyat sudi tuman sudi qarorini bekor qildi. Biz voqealarning keyingi rivoji bilan tanishish maqsadida yana Past Darg‘om tumanida bo‘ldik.
«Do‘stlik» fermer xo‘jaligi rahbari Jasur Abduvaliyev tanqidiy maqola e'lon qilingach ro‘y bergan hodisalarni so‘zlab berdi. Uning aytishicha, g‘alla yig‘im-terimida bug‘doy o‘rib olingach, hosil uning xo‘jaligi hisobiga emas, balki «Samarqand Kamalak Invest Tekstil» MChJ hisobiga o‘tkazilgan. 2019 yil kuzida dalaga don sepib, unga ishlov bergan fermer esa hosil pulidan quruq qolmoqda.
«Sizlar kelib ketgach, g‘alla o‘rimi boshlandi. Biz 2019 yil kuzida 45 gektar yerdan 151 tonna g‘alla topshirish bo‘yicha shartnoma qilgan edik. 153,6 tonna g‘alla o‘rib topshirildi, biroq men shartnomani ko‘rsatyapman, ular bunga e'tibor bermasdan, g‘allani klaster hisobiga yozishdi», – deydi fermer Jasur Abduvaliyev.
Ajablanarlisi shuki, Kun.uz saytida tanqidiy maqola e'lon qilingach, «Samarqand Kamalak Invest Tekstil» klasteri rahbariyati 22 iyuldagi xati bilan tumanning 4 sektori rahbarlariga shikoyat yo‘llagan. Xatda «...bir necha bor og‘zaki ogohlantirishlarimizga qaramasdan, sobiq «Do‘stlik» fermer xo‘jaligi raislarining a'zolari mazkur yer maydonlaridan foydalanishda qarshilik ko‘rsatmoqda» deya ta'kidlanadi.
Klaster shikoyati ortidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari fermer xo‘jaligiga safarbar etiladi.
«Men kelsam, bu yerda 150ga yaqin inson bor ekan. Hokimlik, prokuratura, ichki ishlar bo‘limidan. Bu yerda janjal bo‘lyapti, degan ovoza bilan IIB «konvoy» mashinasi ham keltirilgan. Ayniqsa, katta janjal bo‘layotganini eshitib kelgan IIB va prokuratura xodimlari hayron qolishdi. Klaster rahbari nomi qayd qilingan xat ham aslida uning nomidan yozilmaganini keyin aniqladim. Quyosh aka Haqberdiyev [klaster rahbari] shu kunlari bu yerda bo‘lmagan. Hokimlik vakili klaster yuristiga tayyor shikoyat xatini olib borib, imzolatgan xolos», – deya so‘zlab berdi fermer xo‘jaligi raisi.
Bu voqea 22 iyulda ro‘y bergan bo‘lsa, undan bir hafta muqaddam, ya'ni 2020 yil 14 iyulda Samarqand viloyati iqtisodiy sudi Past darg‘om tumani iqtisodiy sudining 2020 yil 27 apreldagi hal qiluv qarori ijrosini to‘xtatib turish bo‘yicha ajrim chiqargan.
Biroq, Abduvaliyevga ko‘ra, viloyat sudi ajrimi Past Darg‘om hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Husan Bo‘riyevga taqdim etilganiga qaramay, u buni inobatga olmagan.
Bundan tashqari, pandemiya tufayli kechiktirilgan bo‘lsa-da, Qashqadaryo viloyati iqtisodiy sudi kassatsiya instansiyasi 2020 yil 24 sentyabr kungi qarori bilan, Past darg‘om tuman iqtisodiy sudining 2020 yil 27 apreldagi hal qiluv qarorini bekor qilgan.
Kassatsiya instansiyasi o‘z qarorini izohlar ekan, quyidagilarni qayd etgan:
«Birinchi instansiya sudi da'vogar (Past Darg‘om tuman hokimligi) tomonidan nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etilmaganiga e'tibor qaratmasdan, taraflar o‘rtasida tuzilgan yer ijara shartnomasini bekor qilish haqidagi da'vo talabini qanoatlantirish haqida xulosa qilib, xatolikka yo‘l qo‘ygan.
... Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Fermer xo‘jaligining yer maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 21-bandi, 1-qismiga ko‘ra, «tuman (shahar) hokimi ... xalq deputatlari tuman Kengashining qarorini, Komissiyaning xulosasini, tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining xulosasini, dalolatnomani va boshqa zarur hujjatlar hamda materiallarni ilova qilgan holda fermer xo‘jaligi rahbari bilan yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini bekor qilish ... to‘g‘risida fermer xo‘jaligi rahbariga taklif kiritadi.
Shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi taklif fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan rad etilganda yoki O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 384-moddasida belgilangan muddatda javob olinmaganda ... fermer xo‘jaligi bilan yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini bekor qilish yuzasidan iqtisodiy sudga da'vo arizasini yuboradi.
Qolaversa, Fuqarolik kodeksining 384-moddasiga binoan, bir taraf shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda ko‘rsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat bo‘lmaganida esa 30 kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin.
Bundan tashqari, taraflar o‘rtasidagi yer ijara shartnomasi shartlarining 20-bandida tomonlarning biri shartnomani bekor qilish mo‘ljali to‘g‘risida ikkinchi tomonni shartnoma bekor qilinishi sabablarini asoslagan holda mo‘ljallanayotgan bekor qilish sanasidan 3 oy oldin yozma ravishda xabardor qilishi belgilanganiga qaramay, hokimlik yer ijara shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida javobgarga belgilangan tartibda taklif kiritmagan va yozma ravishda xabardor qilmagan».
Afsuski, kassatsiya instansiyasi qarori qabul qilingan kundan e'tiboran kuchga kirishi lozim bo‘lsa-da, tuman hokimligi buni ham inobatga olgani yo‘q. Natijada fermer xo‘jaligi yetishtirgan paxta hosilini klaster hisobiga topshirishga majbur bo‘lgan.
29 iyul kuni Past Darg‘om tumani hokimligi Kun.uz maqolasiga javoban «Kun.uz'ning Past darg‘omga bo‘lgan asossiz iddaolari qachongacha?» sarlavhali video e'lon qildi. Fermer Jasur Abduvaliyev bunga munosabat bildirar ekan, lavha noxolis va asossiz ma'lumotlarga boyligini ta'kidladi.
«Hokimlik tumandagi barcha idoralar vakillarini olib kelib gapirtirishgan. Men o‘sha vaqtlarda sudga ariza topshirish ishlari bilan band edim. Mahmud aka degan kishi 2019 yili Past Darg‘omdagi «baliq voqeasi»dan keyin ishdan bo‘shagan edi. Qolaversa, uning fermerlar paxta rejasini 115–120 foizga bajargan degan gaplari – yolg‘on.
Undan oldin Orif aka degan mutaxassisning ro‘y-rost gapirgani mutasaddilarga yoqmagani uchun Mahmud aka xizmatidan foydalanishgan.
Yana bir bola fikrini bildirgan. U 2019 emas, 2020 yildagi, ya'ni o‘sha ondagi holatni so‘zlab bergan, xolos.
Soliq mutaxassisi gapi bo‘yicha esa, biz qarzdormiz, biroq hisoblarni solishtirganimizda biz QQS bilan 2 mln ko‘p to‘lagan bo‘lib chiqqandik. Ular 23 mln qarz deb aytmoqda.
Agroinspeksiyadan Odil aka degan kishi gapirgan. U kuchli dehqon, ammo bir narsani noto‘g‘ri gapirganki, bizda hech qachon kuzgi shudgorlash ishlari bahorga qolib ketmagan. Shuncha agrotexnikalarim bo‘lib, shudgorni bahorga qoldirishimiz mumkin ham emas.
Yana bir masala. «Kommuna»da dadamning yana bir fermer xo‘jaligi bor edi. 2000 yillar boshida u yerlarda hech kim yashamas edi. Otam mexanizatorlar va suvchilar dam olishi uchun dala shiyponi qurgan. Buning hujjatlarini taqdim etaman. Hozir ham fermer xo‘jaligi balansida. O‘sha shiyponni hokimlik sudga beryapti, mening noqonuniy uy qurib olganimni da'vo qilib. Aslida, u hozir ham shiypon. Tuman sudi hokimlik shikoyatini qanoatlantirmadi», – deydi fermer.
Biz Past darg‘om tuman hokimligi munosabatida takror-takror urg‘u berilgan va o‘zboshimchalik bilan qurilgani aytilgan dala shiyponiga bordik va hujjatlarni o‘rgandik. Hujjatlar va shiyponda yashayotgani ta'kidlangan ayol bilan ham suhbatlashdik.
Bundan tashqari, fermerning bir fuqaroga yer sotgani xususidagi fikrga aniqlik kiritish maqsadida shiypon yonidagi uy xo‘jaligi bekasi bilan ham suhbatlashdik.
Shu bilan birga, fermer xo‘jaligi raisi muammoni hal qilish uchun viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgan. 17 avgustda bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda viloyat hokimi yerni tuman zaxirasiga noqonuniy olib qo‘yilishiga doir o‘z qarashini bildirgan.
«Yana bir narsani eslab o‘tmoqchiman. Shu yil avgustda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov qabulida bo‘ldim. Faoliyatimga to‘sqinliklar bo‘layotgani bois, yosh tadbirkor sifatida amaliy yordam so‘rash maqsadida borgandim. Men bilan uchrashuvda Past darg‘om tuman hokimligi tayyorlagan lavha qo‘yib berildi. Men lavhadagi iddaolarga qarshi hujjatlarni olib borgan edim. Barchasini ko‘rsatdim. Lekin Erkinjon Turdimov, agar tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev «Do‘stlik» fermer xo‘jaligi yerlarini zaxiraga olib qo‘ymasa, uning tumanda obro‘si qolmaydi», degan fikrlarni bildirdi», – deydi fermer xo‘jaligi rahbari.
Fermer viloyat hokimi bilan uchrashuvdan 2 kun o‘tgach, ayni fikrni tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyevdan ham eshitganini ta'kidlaydi.
Biz Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari Manuchehr Mirzayevga bog‘lanib, uchrashuvda viloyat hokimi tomonidan yuqoridagi mazmundagi gap aytilganmidi, deya so‘radik. «Bunaqa gapni hech kim aytmaydi», – deya javob berdi Mirzayev.
Xullas, bor gap shu. Ko‘rayotganimiz – qonuniy ishlashga urinayotgan tadbirkorni qon qaqshatib bo‘lsa-da, qonundan chetga chiqib bo‘lsa-da, obro‘ qozonish. Hokimlikning hatto sud qarorlariga bepisandligi kishini ayniqsa o‘ylantiradi.
P.S.: O‘zbekiston Respublikasi "OAV to‘g‘risida"gi Qonuni talablaridan kelib chiqqan holda, mazkur muammo yuzasidan mutasaddi tashkilotlar o‘rganishlar olib borib, o‘z xulosalarini berishsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Tolib Rahmatov
Sherzod Egamberdiyev