Energiya sig‘imi litiy-ion batareyalardan 2 barobar ko‘p yangi batareyalar taqdim etildi

Fan-texnika 21:40 / 09.12.2020 8421

AQShning QuantumScape kompaniyasi hozirda keng qo‘llanuvchi litiy-ion batareyalar o‘rnini bosuvchi litiy-metall batareyalarni taqdim etdi. 

Yangi turdagi batareyalarni ishlab chiqqan mutaxassislarning ta'kidlashicha, batareyalar standart litiy-ion batareyalardan ancha samaraliroq. Misol uchun, ular elektromobillarga hozirdagidan 80 foiz ko‘proq masofa bosib o‘tish imkonini beradi.

Bundan tashqari, yangi batareyalar 800ta quvvatlash siklidan keyin ham o‘z sig‘imdorligining 80 foizdan ko‘prog‘ini saqlab qoladi. Ta'kidlanishicha, yangi akkumulyatorlar oliy sinfdagi litiy-ion batareyalaridan 2 marta ko‘proq energiya sig‘imdorligiga ega bo‘ladi. Ular sovuq haroratlarda ishlamay qolish, nosozliklarda alangalanishga moyil emas va ishlab chiqarishda samaraliroq hisoblanadi.

Kompaniya xabariga ko‘ra, yangi batareyalar uzoq vaqt xizmat qiladi va yuz minglab mil yo‘l yurishga yetadi. Mutaxassislar bunga litiy-ion batareyalardagi anodda suyuq elektrolit va uglerod o‘rtasidagi ikkilamchi reaksiyani bartaraf etish hisobiga erishishgan. Yana bir e'tiborli jihati, yangi batareyalar tezroq quvvatlana oladi: ularni 80 foizga to‘ldirish uchun 15 daqiqa yetadi, vaholanki oddiy akkumulyatorda bunga 40 daqiqa va undan ko‘proq vaqt ketadi.   

Startap direktori Jagdip Singxning ta'kidlashicha, yangi litiy-metall batareyalar quvvati hattoki elektr samolyotlarni energiya bilan ta'minlashga imkon beradi.

Yangi akkumulyatorlarni 2024 yildan Volkswagen avtomobilsozlik konserni bilan birgalikda ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: