Finlar yangi akkumulyator ixtiro qilishdi: uning asosi oddiy qumdan iborat

Fan-texnika 12:06 / 10.07.2022 59789

Turli davlatlar hukumatlari bu muammoni quyosh panellari, shamol generatorlari kabi tiklanuvchi energiya manbalari orqali hal qilishga intilmoqda. Lekin muammo shundaki, qishda quyoshli kun har doim ham bo‘lavermaydi. Ishlab chiqarilgan energiyasi litiydan tayyorlangan akkumulyatorlarda saqlanishi mumkin, u juda qimmatga tushadi va ancha joyni ham egallaydi.

Yaqinda Finlandiyaning Polar Night Energy kompaniyasi ishlab chiqarilgan energiyani saqlashning juda arzon va o‘ta samarali texnologiyasini namoyish etdi. U ishlatilgan qurilish qumi bilan to‘ldirilgan ulkan batareya ko‘rinishida bo‘ladi. Nomidan juda qiziq ko‘rinyaptimi sizga ham?

Qum bilan to‘ldirilgan Polar Night Energy akkumulyatori. Foto: polarnightenergy.fi

Yevropa davlatlarida qish og‘ir keladi

Finlandiya Rossiya chegarasiga eng yaqin davlatlardan biri hisoblanadi. Rossiya gazisiz finlarga qishni o‘tkazib olish juda qiyin bo‘ladi — bu davlatda qish kunlari uzoq davom etadi, ayniqsa dekabr oyidan boshlab kunlar juda sovib ketadi.

Qishning qahraton kunlarida turar joylar qanday isitilishi haqida siyosatchilar ham, oddiy fuqarolar ham hozirdan bosh qotirishmoqda. Quyosh va shamol stansiyalari orqali ishlab chiqariladigan «yashil» energiya manbalari orqali jon saqlash mumkindir, biroq Finlandiyaning quyoshli kunlari kam, shamol ham ko‘p esmaydi, shu sababli ular energiyaning doimiy ishlab chiqarilishini ta’minlay olishmaydi.

Finlandiyada qish juda qattiq keladi. Foto: www.shuttledirect.com

Issiqlikni saqlovchi yangi akkumulyator

Ishlab chiqarilgan energiyani saqlash uchun mo‘ljallangan akkumulyatorlar qimmat turadi va ko‘p joyni egallaydi, shu sababli Polar Night Energy hali o‘xshashi yaratilmagan, arzon va nisbatan ixcham muqobil akkumulyatorni namoyish etdi. U ichiga 100 tonna qum to‘ldirilgan ulkan konteynerni qurgan.

«Qumli» akkumulyatorning ishlash prinsipi juda oddiy: quyosh va shamol orqali hosil qilinuvchi energiya qumli konteynerni qizitadi, u esa bu issiqlikni uzoq vaqt o‘zida saqlab turadi va zarurat tug‘ilganda uni uzatadi.

Akkumulyator asosini oddiy qurilish qumi tashkil etadi. Foto: odnastroyka.ru

Polar Night Energy kompaniyasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, qurilishda ishlatiladigan qumni Tselsiy shkalasi bo‘yicha 500 darajagacha qizdirish mumkin. Qumni isitish juda uzoq vaqt davom etadi, biroq uning harorati so‘nishi ham qariyb shuncha vaqt oladi.

Shu sababli yangi akkumulyator issiqlikni bir necha oy davomida o‘zida saqlab turishi mumkinligi aytilmoqda. Bu esa qishning uzoq va sovuq kunlarini eson-omon o‘tkazib olish uchun yetarli bo‘ladi.

Uylarni isitishning muqobil usuli

Konteynerdagi qum o‘zi bilan maxsus sig‘imdagi havoni isitadi, bu issiqlik suvni qaynatadi va suv uyning isitish tizimiga uzatiladi. G‘oya juda o‘rinli va u turar joylarni isitishning an’anaviy usuli o‘rnini to‘liq bosa olmagan taqdirda ham, aralash ishlatish hisobiga isitish xarajatlarini kamaytirishi mumkin. Texnologiyaning yagona minus jihati — bunday konteynerda elektr energiyasini toza holda saqlashning imkoni yo‘q. Odamlarni arzon elektr energiyasi bilan ta’minlash juda yoqimli bonus bo‘lgan bo‘lardi.

Ayni paytda «qumli» akkumulyator sinov rejimida ishlamoqda — ulkan idish Finlandiyaning Kankaanpyaa shahrida qurilgan. Qurilma mahalliy elektr stansiyasida joylashgan. U yerdan yaqin oradagi uylarga issiq suv uzatiladi. Aytish joizki, akkumulyatorda quyosh va shamol elektr stansiyasi ishlab chiqargan issiqlikning barchasi saqlanmaydi. «Yashil» energiya eng avval elektr tarmog‘ini to‘yintiradi, qumli qurilmaga esa ishlab chiqarilgan energiyaning ortiqchasi yo‘naltirilmoqda.

Elektr stansiyasi direktori Pekka Passining aytishicha, issiqlikni bu tarzda saqlashning chindan ham hech qanday murakkab tomoni yo‘q. Ular bu narsani yasagan ilk kishilar bo‘lganidan xursand. Qandaydir ma’noda bu aql bovar qilmaydigan loyiha, biroq elektr stansiyasi direktori texnologiya muvaffaqiyat bilan yakunlanishiga ishonchi komil. Issiqlikni oddiy yo‘l bilan saqlash usuliga boshqa davlatlar ham qiziqish bildirishi mumkin, hammasi sinov ishlari qanday yakunlanishiga bog‘liq.

Qayd etish joizki, Yevropadagi energetika inqirozi 2021 yilning kuzida — tabiiy gaz va boshqa energiya resurslari narxi keskin osha boshlagan paytdayoq boshlangandi. 

Ko‘proq yangiliklar: