Ishtixon tuman hokimligi esa ikkinchi tomon fikri o‘rganilgan taqdirda ham shu «qolip»dan foydalanishni o‘ziga ep ko‘rdi. Bu shoshma-shosharlik bilan tuman hokimligi axborot xizmati ham yolg‘on ma'lumot tarqatib, o‘quvchilarni chalg‘ityapti, ham mustaqil OAVga tuhmat qilyapti.
Gap shundaki, joriy yilning 4 dekabrida Kun.uz saytida «Ishtixon bozoridagi muzqaymoq do‘konda yashayotgan ona-bola: ular hokimlik uchun shunchaki «boshog‘riq»mi?» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.
Maqola mazmuniga qisqacha to‘xtalamiz. Shu tumanda yashovchi Gulmira Abduxalilova bozor ichidagi 1,5×2 metrli muzqaymoq do‘konida yashab kelmoqda. Boshidan ko‘p qiyinchiliklar o‘tkazgan bu ayol 2012 yilda «Qirqyigit» mahallasida yashovchi Zikrillo O‘tashevdan uy-joy qurish uchun yer sotib olgan. G.Abduxalilova ana shu yerga bor topgan-tutganini sarflab, saxovatpesha insonlar ko‘magida poydevor quradi. Ayol tahririyatga murojaatida hokimlik vakillari u yerga qurilish qilish mumkin emasligini aytib, tiklangan poydevorni buzdirib tashlashganidan norozi ekanini bayon qilgan.
G.Abduxalilovaning qo‘lida unga yer sotgan odam nomiga tuman hokimi imzolagan egalik huquqi berilgan qaror bor. Qarorda Zikrillo O‘tashevga o‘sha yer umrbodga berilgani aks etgan. Demak, Z.O‘tashev uchastkani kimgadir sotishi uchun hech qanday monelik yo‘q. Masala shundaki, ayol olti-sotdini notarial tartibda amalga oshirmagan. Keyinchalik muammo yuzaga kelganida yerni sotgan odam bu haqda tilxat yozib bergan. Holat bo‘yicha MFY vakillari ishtirokida dalolatnoma ham qilingan.
Maqolada aytilganidek, G.Abduxalilovani tezroq muzqaymoqxonadan «olib chiqish» alohida masala. Avvalo, unga o‘zi sotib olgan yer masalasida huquqiy yordam kerak. Chunki, u mazkur yerni sotib olish va poydevor qilish uchun bor mablag‘ini sarflaganini aytmoqda.
Shu sababli biz Ishtixon tumani hokimligida bo‘lib, quyidagi savollar bilan mutasaddilarga murojaat qilgandik:
1. G.Abduxalilova sotib olgan yerdagi poydevor qaysi hujjatga asosan buzib tashlangan?
2. Unga yerni sotgan shaxs taqdim etgan hokim qarori haqiqatan ham shu yerga tegishlimi? (Zikrillo O‘tashev bergan tilxatda aynan shu joy nazarda tutilgan).
3. Agar shunday bo‘lsa, nega kompensatsiya masalasi hal etilmagan?
4. Agar rostdan ham noqonuniy qurilgan bo‘lsa, nega o‘z vaqtida hokim qarori chiqqan u yerga?
Ishtixon tumani hokimligi saytida e'lon qilingan raddiyada Kun.uz muxbirlari mutasaddilarga uchrashmagani iddao qilingan. Vaholanki, yuqoridagi savollar bilan tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Umid Islomov, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha hokim maslahatchisi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Nilufar Yavg‘ochova hamda axborot xizmati rahbari Ilhom Boboyevga bevosita murojaat qilingan.
Odamni ajablantiradigan yana bir holat shuki, Kun.uz tuman mutasaddilariga uchrashmagan bo‘lsa, hokim o‘rinbosarlarining suratini qanday qilib va nega e'lon qiladi? Mantiq qani bu yerda? Aytaylik, mazkur muammo bo‘yicha tumanda shu ikki o‘rinbosardan ko‘proq tasavvurga ega mutasaddi yoki ma'lumot olishda axborot xizmatidan muhimroq shaxs bormi?
Afsuski, oldingi maqola tayyorlanguncha ham, undan keyin ham aynan o‘sha yerga oid hujjat bilan bog‘liq savollarga javob berilmadi. Holbuki, xuddi shu narsaga oydinlik kiritilsa, ayolning uy-joy bilan bog‘liq muammosi bir tomonga hal etilar yoki u yerga egalik qilishi yoki pulini qaytarib olib, boshqa uy qurish harakatiga tushishi mumkin edi. Hokimlik esa qaror haqida bir og‘iz ham lom-mim demasdan, sayt xodimlarining hokimlik mutasaddilariga uchrashmagani haqida yolg‘ondan iborat raddiya e'lon qildi.
Shunday bo‘lsa-da, mazkur raddiyadan so‘ng, sayt xodimlari yana Ishtixon tumanida bo‘ldi. Hokimlik axborot xizmati rahbari yana xuddi oldingi safarda uchrashtirilgan mutasaddilarni suhbatga chorladi.
Ammo bu safar ham Zikrillo O‘tashev nomiga chiqqan hokim qarori aynan qaysi yerga tegishli ekaniga aniqlik kiritilmadi. Na hokimlik va na boshqa tashkilot bu safar ham masalaga oydinlik kirita oldi! Raddiyada muammoli yerning G.Abduxalilovaga aloqasi yo‘qligi haqida intervyu bergan tuman yer-mulk kadastr idorasi rahbari Husniddin Ostonov ham hujjatning aynan qaysi joyga tegishli ekanini bilmasligini aytdi. Ikkinchi tomondan kadastr rahbari bu hujjat haqda ma'lumotga ega emasligi ham tabiiy holat bo‘lishi mumkin — agar qaror davlat ro‘yxatidan o‘tmagan bo‘lsa. Bu esa yana bir savolni o‘rtaga chiqaradi: hokim qarori ro‘yxatdan o‘tganmi?
Modomiki, hali bu qaror haqida aniq ma'lumotga ega emas ekan, nimaga asoslanib G.Abduxalilovaning da'vosi noto‘g‘ri ekanini tarmoqlarda tasdiqlashyapti?!
Umuman, qatorasiga barcha mutaxassislarning asossiz ravishda fuqaroning zarariga xulosa berishi (hujjatga aniqlik kiritmasdan) tuman rahbariyati uchun to‘g‘rimi? Buning o‘rniga holatga oydinlik kiritish eng adolatli va qonuniy yo‘l emasmi?
To‘g‘ri, hokimlik mutasaddilari opaga yashab turish uchun uy taklif etmoqda ekan. G.Abduxalilova haqiqatan ham hozircha bu uyga ko‘chib o‘tmoqchi emasligini aytgan. Chunki u o‘zi sotib olgan yer bo‘la turib, vaqtinchalik boshpanaga ko‘chib o‘tishda mantiq ko‘rmayapti.
G.Abduxalilovaga yer sotgani aytilayotgan fuqaro garchi bu haqda o‘zi tilxat bergan bo‘lsa-da, endilikda hokimlik vakillariga hech kimga yer sotmaganini aytmoqda ekan. Bu holatga esa huquq-tartibot idoralari oydinlik kiritishlari kerak. Chunki opa bu yerni uy qurish uchun sotib olgan, qo‘lida tilxat va dalolatnomasi bor.
Biz yer sotgan Zikrillo O‘tashevdan izoh olish maqsadida u yashayotgan xonadonga bordik. Afsuski, uning uyda yo‘qligini aytishdi, qo‘ng‘iroqlarimizga esa javob bermadi.
Xulosa o‘rnida. Gulmira Abduxalilovani yozuvchi-yu shikoyatchiga chiqarishdan naf yo‘q. U atigi bir narsani so‘rayapti: hokim qaroriga asoslanib sotib olingan yerni meniki, deyapti. Hokimlik esa u yerda uy qurish mumkin emasligini ta'kidlamoqda.
Demak, ikkita savol hamon ochiq qolmoqda:
1. Ishtixon tumani hokimi Shuhrat Negmatov 2008 yil 22 dekabrda Zikrillo O‘tashevga umrbod egalik qilish huquqini berish to‘g‘risidagi qarorini uy qurish mumkin bo‘lmagan joy uchun chiqarganmi?
2. Zikrillo O‘tashev hokim qarorini soxtalashtirib, Gulmira Abduxalilovaga yer sotganmi?
Anvar MUSTAFOQULOV, Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbirlari.
Tasvirchi: Faxriddin HOTAMOV.