Buxoro viloyatining Kogon tumanida toshdan qog‘oz ishlab chiqarishga doir qariyb 4 mln dollarlik loyiha uchun tadbirkorga ajratilgan yer prokuror tashabbusi bilan davlat zaxirasiga qaytarib olingani haqida Kun.uz'da maqola e'lon qilingan edi.
Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov mazkur masala Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilayotganini ma'lum qilgandi.
Idora o‘rganishlarini yakunlab, o‘z axborotini e'lon qildi:
«Joriy yil 7 dekabr kuni Kun.uz saytida «4 million dollarlik loyiha barbod qilinmoqda» sarlavhasi ostida e'lon qilingan maqola hamda videolavha Bosh prokuratura tomonidan o‘rganildi.
Aniqlanishicha, Kogon tuman hokimining 06.04.2019 yildagi 733-sonli qarori bilan Kogon tumani, «Tutkunda» MFY hududidan fuqaro B.Toshevga «Yoshlar kelajagimiz» dasturi doirasida «Qog‘oz ishlab chiqarish zavodi»ni qurish uchun 1 gektar ekin yer maydoni ajratilgan.
Kogon tumani hokimining mazkur qarori Kogon tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilib, fuqaro B.Toshevga ajratilgan yer maydoni sug‘oriladigan yerlar toifasiga kirishi (Buxoro viloyat yer resurslari va davlat kadastr boshqarmasining 03.03.2020 yildagi xulosasida 56 ball bonitetga ega sug‘oriladigan ekin yeri toifasiga kirishi qayd qilingan.) hamda Yer kodeksining 44-moddasiga zid ravishda (Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilmagan) ajratib berilgani sababli tuman prokuraturasining 17.03.2020 yildagi protestiga asosan tuman hokimining 24.03.2020 yildagi 172-sonli qarori bilan bekor qilingan.
Bundan tashqari, Qorovulbozor tuman ma'muriy sudi tomonidan fuqaro B.Toshevning Kogon tuman hokimining 24.03.2020 yildagi 172-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyati asossiz deb topilib, 10.09.2020 yildagi hal qiluv qaroriga asosan rad qilingan.
Buxoro viloyat ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 05.11.2020 yildagi qarori bilan birinchi instansiya qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Shuningdek, murojaatni o‘rganish davomida nizoli yer maydoni ko‘zdan kechirilganda, 1 gektar yer maydoni shlakablok va tunuka devor bilan o‘rab olingani, mazkur devordan tashqari o‘tgan davr mobaynida, ya'ni yer ajratilishi haqidagi qaror chiqqandan (2019 yil 6 aprel) mazkur qaror bekor qilingunga qadar (2020 yil 24 mart) biror-bir qurilish ishlari amalga oshirilmagani, yer maydoniga beda o‘simligi ekilgani va chorva mollari boqilayotgani ma'lum bo‘lgan.
Fuqaro B.Toshevga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tumanning boshqa hududidan, shu jumladan kichik sanoat zonasidan qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonini ajratish bo‘yicha tuman hokimligi tomonidan bir necha bor takliflar bildirilgan bo‘lsa-da, tadbirkor tomonidan ushbu takliflar rad qilingan».
Bayonotda shu yerni tanlab, tadbirkorga ajratib bergan, shuningdek unda qurilish ishlarini boshlashga ruxsat bergan shaxslarga nisbatan qanday choralar ko‘rilgani, tadbirkor ko‘rgan zarar (yerni devor bilan o‘rab olish hamda tegishli hujjatlarni to‘plash uchun sarflangan mablag‘) kim tomonidan va qanday tartibda qoplanishi haqida ma'lumot berilmagan.