Yong‘in xabari Andijon viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik qismiga kelib tushgach, yong‘in xavfsizligi xodimlari hodisa joyiga darhol yetib borishgan va soat 01:16da yong‘in bartaraf etilgan.
Hodisa oqibatida 48-xonadonda yashovchi uch kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Kun.uz muxbiri Qo‘shariq dahasida bo‘lib, yong‘in tafsilotlarini o‘rgandi.
«2020 yil 9 dekabr kuni taxminan soat 01:00larda Andijon viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik qismiga Andijon shahri Qo‘shariq dahasi 24-A uydan yong‘in to‘g‘risida ma'lumot kelib tushgan. Yong‘inni o‘chirish ekipajlari soat 01:07da yetib kelishgan. Soat 01:10da yong‘in chiqqan joy o‘rab olinib, soat 01:16da yong‘in batamom o‘chirilgan. Yong‘inning asosiy sababi xonada tabiiy gaz to‘planib qolgani bilan bog‘liq.
Uy egasi gaz to‘plangan xonada chiroqni yoqib yuborishi natijasida chaqnash hodisasi ro‘y berib, yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘in oqibatida 48-xonadonda yashovchi uch nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi. Ayni paytda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda», dedi Andijon shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Muhammadamin Usmonov.
Andijon shahri hokimi o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Mohinur Qosimova yong‘in oqibatida zarar ko‘rganlar viloyat hokimi tomonidan to‘liq boshqa joyga ko‘chirilib, uylarini ta'mirlash uchun 5ta qurilish brigadasi ish boshlaganini bildirdi.
«Ushbu holat sodir bo‘lganidan keyin shahar hokimi mutasaddilar bilan birga darhol yetib keldi. Bir hafta muddat ichida mazkur xonadonlar to‘liq ta'mirdan chiqarilib, xonadon egalari qayta ko‘chib kirishadi», deydi u.
«Mutaxassislar bilan kelib o‘rganganimizda xonadonning ichidan gaz so‘rg‘ich chiqdi. Tarmoqda bosimning pasayib ketishi oqibatida fuqaro gaz so‘rg‘ichdan foydalangan. Gaz so‘rg‘ichni rezina shlang orqali qo‘ygan. Rezina shlangdan gaz sizib chiqishi oqibatida xonadonga is gazi to‘lib, elektrni yoqqanda chaqnash sodir bo‘lgan.
Hozir magistral quvurlarida gaz bosimi ozgina pasayishi kuzatilyapti. Biz birinchi navbatda shahar hududidagi ko‘p qavatli uylarni gaz bilan ta'minlashga e'tibor qaratyapmiz. Kecha kechki payt me'yorlashtirish ishlarini olib borib, bu yerda gaz ta'minotini bir me'yorga keltirganmiz.
Lekin bu gazga ham qanoat qilmasdan fuqarolar tomonidan gaz so‘rg‘ich qo‘yib olish holatlari kuzatilyapti. Ko‘chada gaz to‘ldirish shoxobchalarini ham belgilangan soatda o‘chirib, bundan tejab qolinayotgan gaz hajmini asosan shahardagi ko‘p qavatli uylarga qaratyapmiz.
Bir narsani aytib o‘tish joiz deb o‘ylayman. Kecha shu xonadonlarda yashovchilar bilan suhbatlashganimizda, bugun o‘rganganimizda elektr ta'minoti uzilgan, ya'ni o‘chgan paytda gaz ta'minoti ko‘tarilayotgani, bir me'yorga kelib, undan ham yaxshi holatda bo‘lib qolayotgani kuzatilmoqda. Hozir ko‘p xonadonlar ichiga gaz so‘rg‘ich qo‘yib olishmoqda. Xonadonlarni berkitib olish holatlarida xodimlarimizga qiyin bo‘lyapti buni bartaraf qilish.
Shuning uchun iste'molchilardan va jamoatchilikdan iltimos qilib, gaz so‘rg‘ich moslamalarini qo‘ymaslikni so‘rar edik», deydi Andijon shahargaz bo‘limi boshlig‘i Xurshidbek Qodirov.