Kun.uz muxbirlari asl holatni o‘rganish maqsadida Xatirchi tumanida bo‘ldi.
Sayyora Abduraimovaning uyi shundoqqina dehqon bozorning yonida joylashgan, uyni bozordan tor ko‘cha ajratib turibdi. Uning aytishicha, turar joyining bir qismi bozorni kengaytirish hisobiga buzilgan. Tuman hokimi G‘ofir Aliyevning 2014 yil 12 avgustdagi qaroriga asosan Sayyora opaga «Damariq» mahallasidan uchastka qurish uchun yer ajratilgan.
Demak, kompensatsiya masalasida muammo yo‘q. Mulk davlat va jamoat ehtiyoji uchun buzilyapti, davlat tomonidan zarar qoplab berilyapti va bugunga kelib o‘sha fuqarolardan olingan joy — avtoturargoh bozor rahbariyati tomonidan boshqalarga berib yuborilyapti.
«2014 yilda tuman markazi – Yangirabot shahridagi buza-buzlar qatoriga dehqon bozoriga yaqin bo‘lgan men va qo‘shnimning uyi ham qo‘shildi. O‘shanda hozir ham amalda bo‘lgan hokimimiz «Bozorga stoyanka kerak, kengaytiramiz. Bu joyni avtoturargoh qilamiz, sotish niyatimiz yo‘q», degan edi. Qolaversa, bizga bosim ham o‘tkazilgandi.
Xullas, uyimizning kichik bir qismini saqlab qoldik. O‘sha vaqtda «Bozorqo‘m» ko‘cha va uylar hisobiga stoyanka qurdi. Endi bu joyni do‘kon qurish uchun beryapti, hech qanday auksionsiz pana-pastqamda kelishib, sotib yuboryapti. Bozor rahbari «men bozorni xususiylashtirdim, xohlaganimni qilaman», deb turib olgan. Bizning esa kirib chiqadigan ko‘chamizga mashinalar turnaqator qilib qo‘yiladi. Hatto darvozamizni ocholmaydigan bo‘lib qolganmiz.
Avtoturargoh esa qurilish maydoniga aylanish arafasida turibdi. Biz mulkimizni davlat va jamoat ehtiyoji uchun berganmiz, o‘zimizga noqulaylik bo‘lishi uchun emas. O‘sha vaqtda tuman hokimligi bu masalaga aralashgan, ularning harakati bilan shartga ko‘ngan edik. Endi esa hokimlik bu masalada sukut saqlashdan nariga o‘tmayapti», dedi Sayyora Abduraimova.
Aholidan olti yil avval avtoturargoh uchun olingan joy bugun tadbirkorlik qilish uchun berilayotgan ekan. Haqiqatan ham stoyankaning bir qismida qurilish ishlari olib borilyapti.
«Xatirchi dehqon bozori» raisi Faxriddin Hamidovdan holat bo‘yicha izoh olmoqchi bo‘ldik. Lekin u qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi, negadir bozor ma'muriyatidagilar ham uni topib berolmadi. Biroz o‘tib telefonini butunlay o‘chirib qo‘ydi.
F.Hamidov hozircha bozorning mutlaq egasi emas, albatta. Ya'ni «Xatirchi dehqon bozori» mas'uliyati cheklangan jamiyatida tuman hokimligining ham ulushi bor. Harqalay, qog‘ozda shunday. Shu sababli bozorning yana bir hissadori — Xatirchi tuman hokimligida bo‘ldik.
Vaziyat bo‘yicha tuman hokimligining bosh mutaxassisi Hojiakbar Otaqulov izoh berdi. U avvaliga stoyanka bozor hududida ekanligi, hokimlik bu masalaga aralashmasligini ma'lum qildi. Dehqon bozorning 59 foiz ulushi tuman hokimligida ekanligi va aynan o‘sha do‘kon qurilayotgan joyni olish uchun davlat bundan olti yil avval tovon to‘laganini eslatdik.
«Shundoq ham bozor rahbari F.Hamidov bozorning asosiy darvozasida do‘konlar qurishga ruxsat berib, yopib qo‘ydi. Bozorning kirish qismida o‘t o‘chirish mashinalari kirishi uchun yo‘l yo‘q, ko‘rdingizmi? «Stoyanka» o‘rnida qurilish qilishga hech kim rasman ruxsat bermagan. Bu muammo 250 foizga tartibga olinadi», dedi Hojiakbar Otaqulov.
Bosh mutaxassis avtoturargoh uchun fuqarolarning uyi buzilmagan, degan qat'iy fikrni bildirdi. Vaholanki, yuqorida tuman hokimi G‘.Aliyevning 2014 yil 12 avgustdagi qaroriga ko‘ra, fuqaroga mulki buzilgani uchun kompensatsiya to‘langani ham tilga olingandi. Ochig‘i, Hojiakbar Otaqulovning masalaga noprofessionallarcha yondashayotgani sezilib qoldi. Shu sababli o‘zidan ko‘ra tajribaliroq xodim bilan uchrashtirishini so‘radik. «Tuman arxitektori viloyat markaziga chaqirilgan, bozorlar bilan o‘zim ishlayman, sizlarga bor ma'lumotlarni beryapman», dedi u.
«Stoyanka» hududida qurilish qilayotgan tadbirkor bilan suhbatlashdik.
«Men bu yerda yengil konstruksiyali savdo do‘koni qurmoqchi bo‘lyapman. Ammo qurilishni o‘zboshimchalik bilan boshlaganim yo‘q. Qo‘limda do‘kon qurish uchun tasdiqlangan taklif-loyiha bor. Ushbu loyihani tuman hokimligi va bozor ma'muriyati tasdiqlab bergan», dedi Valijon Teshayev.
Darhaqiqat, u ko‘rsatgan taklif-loyiha tuman hokimining o‘rinbosari, tuman qurilish bo‘limi boshlig‘i hamda bozor raisi tomonidan tasdiqlangan. Holbuki, hokimlik mutaxassisi Hojiakbar Otaqulov stoyanka hududida qurilish qilishga hech kim rasman ruxsat bermagani haqida gapirgandi...
Valijon Teshayevning qo‘shimcha qilishicha, u savdo do‘koni qurayotgan joy avtoturargoh hududi deyilayotgan bo‘lsa-da, bozor kunlari bu yerga umuman mashinalar kirmaydi. Narsa-buyumlar yerga yoyib sotilayotgan ekan.
O‘sha kuni ham hududda poliz mahsulotlari sotilayotganiga guvoh bo‘ldik.
Qolaversa, katta bir dehqon bozorning avtoturargohi, deb atalayotgan bu hududga nari borsa 40-50ta avtomobil sig‘ishi mumkin. Stoyanka degulik maydoni yo‘q. Umuman, fuqarolardan bu joy olinayotganda nega avtoturargoh qurish maqsad qilinganida ham mantiq ko‘rinmadi.
Nihoyat, bozor raisi Faxriddin Hamidov ham kelib qoldi.
«Bozor hududida yengil konstruksiyali do‘kon qurishga ruxsat berish vakolatim bor. Tadbirkor savdo do‘koni qurish uchun ariza yozgach, zamonaviy loyiha asosida qurilish qilishiga rozilik bildirdim.
Stoyanka masalasiga kelsak, u joy talabga javob bermaydi. Avtomobillarni qo‘yish uchun katta ochiq hududimiz bor. Fuqarolar hozircha u yerga mashinasini qo‘yishga odatlanmagan. Sekin-asta tartibga olamiz, hamma o‘sha hududga avtomobilini qo‘yadi», dedi Faxriddin Hamidov.
Odatda, dehqon bozorlarning asosiy darvozasidan tashqari kichik darchalar ham mavjudligiga odatlanganmiz. «Xatirchi dehqon bozori»da o‘sha darcha ham yopib yuborilgan, o‘rniga do‘kon qurilgan. Bozor raisi yengil konstruksiyali do‘konlar qurishga prezident ruxsat berganini ma'lum qildi. Umuman, bozorning kichik darchalari yopilishi qanchalik me'yorga to‘g‘ri keladi, bu hozircha bizga qorong‘i.
Ko‘rinib turgan bir haqiqat bor: ayni vaqtda hududida qurilish olib borilayotgan kichik avtoturargoh aholi ehtiyojini qondirmaydi. Bozor ishlamagan kunlari ham ko‘cha mashinaga to‘lib ketyapti. Tirbandlik, noqulaylikka guvoh bo‘lasiz.
Bizningcha, Xatirchi tuman hokimligi 59 foizlik hissador sifatida hech bo‘lmaganda, bozor va uning hududini tartibga olishi kerak. Harqalay, hozircha amin bo‘ldikki, hududda kim nimani buzyapti, nimani tuzyapti, bu hokimlikka ma'lum emas.
Darvoqe, Xatirchi tumanining amaldagi hokimi ko‘p emas, olti yil avval fuqarolar mulki davlat va jamiyat ehtiyoji uchun buzilishiga ruxsat bergan, aholiga kompensatsiya to‘lagan. O‘sha tovoni to‘langan joyda avtoturargoh qurilgan va u bugun maqsadga xizmat qilmayapti. Anglashiladiki, hokimning «davlat va jamoat ehtiyoji uchun» degan qarori nomiga, siyosat uchun yoki uzoqni o‘ylamasdan, rejasiz chiqarilgan.
Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Faxriddin HOTAMOV.