Har bir kun g‘animat: Oqqonga qarshi kurashga qaratilgan prezident qarori ijrosi qachon bo‘ladi?

Jamiyat 16:35 / 07.12.2020 4571

Har qanday irodali inson uchun ham juda og‘ir sinov bu. Garchi shifoxonani ta'minlash, yotoq joylar, oziq-ovqat yetkazish davlat tomonidan amalga oshirilsa-da, dorilarning bir qismi bepul berilsa-da, oqqon kasalligiga chalinganlar, ayniqsa, bolalar og‘ir ruhiy iztirobni boshdan kechiradilar, oilalar moddiy jihatdan murakkab vaziyatga tushadilar.

Nihoyat, soha e'tiborga tushdi, bevosita davlat rahbarining bu boradagi qarori qabul qilindi.

Prezidentning 2020 yilning 10 fevralida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida Gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sohada katta umidlar uyg‘otgandi. Yillar davomida davolanib kelayotgan, har qanday kichik xayriyaga ham ilinj bilan qo‘l cho‘zadigan bemorlar katta yangiliklar bo‘lishiga ishona boshladilar.

Qarorda shunday jumlalar borki, ular chindan ham katta islohotlardan darak beradi:

«Aholiga gematologik yordam ko‘rsatishni yangi bosqichga ko‘tarish, kasalliklarning oldini olish va erta aniqlash tizimini yanada rivojlantirish, sohaga ilg‘or tashxis usullarini joriy etish va gematologik kasalliklarni davolashda transplantatsiya usulini rivojlantirish, gematologiya va transfuziologiya xizmatlarining moddiy-texnik bazasi hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni davolashni moliyaviy tomondan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish maqsadida:

  • gematologik kasalliklarga tashxis qo‘yish uchun tibbiyot muassasalarining laboratoriyalarini reagentlar bilan ta'minlanganlik darajasini 7,5 barobarga oshirish;
  • respublika va hududiy tibbiyot muassasalarining gematologik kasalliklarni davolash uchun zarur bo‘lgan dori vositalari bilan ta'minlanganlik darajasini 2020 yilda 6 barobarga va keyingi yillarda bosqichma-bosqich oshirib borish;
  • miyeloma va limfoma kasalligiga chalingan bemorlarda autologik o‘zak hujayralari transplantatsiyasini o‘tkazish;
  • transfuziologiya (qon bilan ishlash) xizmati moddiy-texnika bazasini yaxshilash, qon komponentlari va preparatlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda xavfsizligini ta'minlash, aholi o‘rtasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish.

Dasturga muvofiq, gematologiya xizmatini rivojlantirish uchun 546,5 mlrd so‘m va 70,7 mln AQSh dollari ajratilishi nazarda tutilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin», – deyiladi qarorda.

Oradan deyarli 9 oy muddat o‘tdi, xo‘sh, qabul qilingan qarordan keyin tizimda nimalar o‘zgardi? Bemorlarning qanday og‘irlari yengil bo‘ldi?

Shu savollarga javob topish uchun poytaxtdagi Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida bo‘ldik va bemorlar hamda shifokorlar bilan suhbatlashdik.

Dastlab Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti direktori Abdurahmon Qayumov bu boradagi fikrlarini bildirdi:

– Chindan ham bu qarorning qabul qilinishi faoliyatimiz uchun katta yangilik bo‘ldi. Bemorlarimiz, institutimiz xodimlari uchun bu, albatta, quvonchli xabar. Qarorga ko‘ra, binolarimiz ta'mirlanadi, qo‘shimcha binolar quriladi. Buning uchun bizga yondosh bo‘lgan Chilonzor tumani gaz ta'minoti hududi ham qo‘shib berildi. Ayni paytda tumangaz tashkiloti bu yerdan ko‘chirildi. Loyihalar tuzilmoqda. Faqat pandemiya tufayli ko‘p rejalar kechikdi, tez orada amalga oshirilishiga umid qilamiz.

Shifoxonamiz bemorlari juda nozik, alohida sharoit va parvarish talab qilinadi. O‘ylaymizki, bu loyihalar amalga oshsa, bemorlar uchun juda yaxshi bo‘ladi.

Ma'mura Nigmatova, birinchi gematologiya bo‘lim mudiri, oliy toifali shifokor:

– O‘zbekiston gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutida gematologik kasallar, o‘tkir leykozlar yotadi. Oldin bemorlar davolanishi jarayoni ko‘p hollarda o‘lim bilan tugagan bo‘lsa, hozirda jahon standartlari bo‘yicha davolanib, bemorlarning umri cho‘zildi va tuzalayotgan bemorlar soni oshdi, ularning 80 foizi sog‘ayib ketmoqda. Oldinlari bemorlar dorilarni deyarli to‘liq o‘zlari bilan olib kelishardi, endi esa ularga davlat tomonidan yaxshi dori va kimyoviy preparatlar, zamburug‘ga qarshi dorilar berilmoqda.

Bizda hamma narsa bepul. Masalan, bemorning yotog‘i, ovqatlanishi, dorilari va qon preparatlari ham bepul. Qon preparatlari deganda yangi muzlatilgan zardob, eritrotsitar massa, ya'ni trombokonsentratlar bepul. Lekin bemorlarning qarindosh-urug‘lari donor tashkillashtirishlari kerak. Bir bemorga o‘tkir leykoz bilan 40-50 nafar odamning qon preparatlari ketadi.

Oldinlari bo‘limimizda ishlashga qo‘rqqan bo‘lishsa, endi bo‘limda ishga kirish uchun raqobat kuchli. Bo‘limimizda 45 nafar bemor bor. Bo‘limga talab juda katta va biz hammasini ham qamrab ololmaymiz. Hozir 45ta koyka bo‘lsa, yana 20-25ta koykani bemalol qo‘shish mumkin.

Qaror amalga oshsa, har bir bemorga bitta xona berilishi, har bir bemor to‘la ta'minlangan bo‘limlarda yotishi mumkin. Bemorlarimiz juda nozik. Ularning ich ketishi, kasallanib qolishlari juda oson. Shuning uchun ularga vannasi va barcha imkoniyatlari bo‘lgan alohida xona berilishi kerak. Hozirda biz tibbiyot xodimlari, hamshira va bemorlar mana shu qaror ijrosini kutib, juda katta umid bilan yashayapmiz.

Nargiz Boboxonova, Bolalar gematologiya bo‘limi mudiri, oliy toifali shifokor:

– Prezidentning 2020 yil 10 fevraldagi qarori bo‘yicha o‘tkir leykoz tashxisi qo‘yilgan bolalarga davlat tomonidan dori-darmonlar ta'minoti yaxshilanishi, yangi binolar qurilishi rejalashtirilgandi. Bu loyiha bo‘yicha bolalar uchun alohida onkogematologiya bo‘limi qurilishi kerak. Hozir ham sharoitimiz yaxshi, u bo‘limda yanada qulay sharoit va ayniqsa, dori ta'minoti yaxshi bo‘lishi kerak.

O‘tkir leykoz tashxisi qo‘yilgandan keyin bemor bizning bo‘limga yotqiziladi va bu bepul. Bunday bolalar 4 mahal ovqat bilan ta'minlanadi. O‘tkir leykozlar davlat tomonidan himoyalangan bemorlar hisoblanadi. Dori-darmonlar ham 10-15 foizgacha davlat tomonidan ta'minlanmoqda. Qaror chiqqandan keyin ishga tushsa, bolalarning taxminan 80-90 foizi dori-darmon bilan ta'minlanadi. O‘tkir leykoz tashxisi butun dunyoda ham onkologiya yo‘nalishi bo‘lgani uchun, onkologik kasallarni davolashda juda ko‘p dori-darmonlar ketadi. Bu dori-darmonlar sarflanishining natijasi ham bo‘ladi, albatta. Hozirda bizga kelayotgan bolalarning 60-70 foizgachasi butunlay tuzalib ketyapti.

Ammo davolanish jarayoni 2-3 yil davom etib, bu muddat ichida ularga juda ko‘p dori-darmon ketadi. Hozir ushbu dorilarning ko‘pi ota-onalar hisobidan olinadi. Pandemiya sabab qaror loyihasi biroz kechikdi. Xudo xohlasa, loyiha ishga tushib, barcha bolalarimiz dori-darmon bilan ta'minlanadi, degan umiddamiz. 

Shifoxona kasallikka qarshi kurashish bilan umidlar maskani hamdir. So‘nggi yillarda gematologiya sohasidagi sog‘ayish ko‘rsatkichlari muttasil oshib borayotgani har qanday bemorda ham, uning yaqinlarida ham ilinj uyg‘otishi tabiiy. Prezident qarori qabul qilinishi ham bu boradagi islohotlar tezlashishiga turtki bo‘ladi. Endi bu qarorni tezroq amalga oshirib, hayotga tatbiq etish zarurati bor. Chunki har bir o‘tgan kun qaysidir ma'noda kechikishga sabab bo‘lishi, shuningdek, biror bolajonning sog‘ayib, oilasiga quvonch keltirishiga zamin yaratishi mumkin.

Zero, bu maskanda hadik va umid har vujudda birga yashaydi.

Abror Zohidov,
tasvirchi Nuriddin Nursaidov

Ko‘proq yangiliklar: