Xabarda joriy yil 1 dekabr (!) kuni soat 20:30larda Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari chegarasida joylashgan «Umakay» YPX manzilida davlat raqami 70 W 806 NA bo‘lgan «Neksiya-3» avtomashinasi to‘xtatib tekshirilganida, unda jami 2880 quti (!) «Treniya» pirotexnika vositasi borligi aniqlangani va tegishli tartibda hujjatlashtirib olingani ma'lum qilingan. (Arxiv)
3 dekabr kuni 14:47da Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining rasmiy telegram kanalida «Ichida 60 donadan 1400 quti (!) pirotexnika vositalari ortilgan avtomobil aniqlandi» sarlavhasi bilan xabar e'lon qilindi.
Xabarda joriy yil 2 dekabr (!) kuni soat 20:30larda Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani hududida joylashgan «Umakay» YPX maskanida xizmat olib borgan viloyat IIB YHXB YPX xodimlari tomonidan haydovchi Sh.X. boshqaruvidagi «Neksiya-3» rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, salon qismi va yukxonasida 1400 quti (har bir qutida 60 donadan) «Treniya» (Treniya) nomli pirotexnika vositalari olib ketilayotgani aniqlangani yozilgan. (Arxiv)
Shundan so‘ng Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmati bilan bog‘lanib, 3 dekabr kuni berilgan xabar bo‘yicha batafsil ma'lumot berishlarini so‘radik. Axborot xizmati faqat haydovchi ism-sharifining bosh harflarini ma'lum qildi - Sh.X.U.
Shu o‘rinda bir jihat diqqatimizni tortdi. Ya'ni har ikki xabarda ham hodisa ro‘y bergan joy, vaqt, pirotexnika nomi, mashina markasi va uning rangi, haydovchi ism-sharifining bosh harflari bir xil. Faqat, sana va pirotexnika vositalarining miqdori farq qilyapti. Shuningdek, Qashqadaryo IIB rasmiy kanalida berilgan xabardagi hodisa 1 dekabrda, IIV YHXB rasmiy kanalida berilgan xabardagi hodisa esa 2 dekabrda sodir bo‘lgani yozilgan.
Yuqoridagi ikkita xabardan so‘ng bu holat shunchaki tasodifmi yoki bitta voqea ikki axborot manbasida ikki xil tarzda tarqatilyaptimi, degan savol bizni o‘ylantirib turganida, 5 dekabr kuni soat 9:15da Qashqadaryo viloyati IIB telegram kanaliga “Sevimli” telekanalidan olingan videolavha joylandi. (Arxiv)
Unda joriy yil 2 dekabr kuni soat 20:30larda Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani hududida joylashgan «Umakay» YPX maskanida xizmat olib borgan viloyat IIB YHXB YPX xodimlari tomonidan «Neksiya-3» rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganida, salon qismi va yukxonasida 140 quti (!) pirotexnika vositalari olib ketilayotgani aniqlangani xabar qilindi.
Mazkur videolavhada pirotexnika vositalari aniqlangan «Neksiya-3» rusumli avtomashinaning davlat raqami 70 W 806 NA ekani ko‘rinib turibdi. Shuningdek, lavhada ko‘rsatilgan haydovchi ham Qashqadaryo viloyat IIB telegram kanalida surati berilgan haydovchining aynan o‘zi edi. Videolavhada IIV YHXB telegram kanalida berilgan fotosuratlarda ko‘rsatilgan holatlar ham aks etgan.
Ushbu videolavhadan 3 dekabr kuni Qashqadaryo viloyat IIB telegram kanalida «1 dekabrda», IIV YHXB telegram kanalida «2 dekabrda» deb berilgan xabarlar aslida bitta hodisa ekanligi oydinlashadi.
Qashqadaryo viloyat IIB telegram kanalida aniqlangan 2 880 quti pirotexnika IIV YHXB telegram kanalida berilgan xabarda 1 400 qutiga kamayib qolyapti. Bundan ham qizig‘i, aynan shu holatning xususiy telekanalda berilgan talqinida bu raqam yanada kamayib, 140 quti bo‘lib qolgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: aynan «Umakay» YPX maskanida haydovchi Sh.X. boshqaruvidagi «Neksiya-3» rusumli avtomashinada pirotexnika vositalari aniqlanib, to‘xtatib qolinishi hodisasi aslida qachon sodir bo‘lgan? Nega aynan shu hodisa Qashqadaryo viloyat IIB tomonidan boshqa, IIV YHXB tomonidan boshqa, xususiy telekanallardan birida uzatilgan videolavhada boshqacha talqinda berilyapti?
Nega ushlab qolingan pirotexnika vositalarining bir xabardan ikkinchisiga, ikkinchisidan uchinchisiga qarab “cho‘g‘i” kamayib boryapti? Yuqoridagi xabarlarni o‘qigan, videolavhani tomosha qilganlar kimga ishonsin? «Umakay»da ushlab qolingan pirotexnikani 2 880 quti degan Qashqadaryo viloyat IIBgami yoki uning sonini yarmiga kamaytirib ko‘rsatgan IIV YHXBgami? Balki, uning sonini 140 quti deb berayotgan telekanaldagi videolavha ishonchliroqdir?..
Bu yerda “o‘g‘rini qaroqchi urdi” qabilida ish ketmayapti, shunchaki ichki ishlar organlarining axborot xizmatlari xatoga yo‘l qo‘yishgan, degan yaxshi gumonda bo‘lamiz.
G‘ayrat Yo‘ldosh