Loyishdagi loy bozor: Bu yerdagi muammolar qachon va qanday hal qilinadi?

Jamiyat 11:40 / 03.12.2020 9009

Kun.uz muxbirlari holatga oydinlik kiritish uchun voqea joyida bo‘lib, vaziyatni o‘rganishdi.

Chindan ham ulkan maydon loyga qorishib yotibdi. Bir tomoniga tosh va shag‘al tashlanib, tekislanmoqda hamda texnika ishlamoqda.

«Oqdaryo savdo kompleksi» rahbari suratda aks etgan joy bozor hududiga kirmasligi, bu hudud dehqon bozori qurish uchun ajratilgan yer maydoni ekani va bu joyda faqatgina bir kun — ijtimoiy tarmoqlarga suratlari chiqqan kun savdo bo‘lganini ta'kidladi.

Bozordagi do‘konda faoliyat yuritadigan tadbirkorning so‘zlari esa buning butunlay aksini tasvirladi. Uning aytishicha, bu yer yozda chang-u tuproq, qishda loy bo‘lsa-da, ro‘zg‘or tebratish uchun odamlar shu joyda doimo savdo-sotiq bilan shug‘ullanib kelishadi.

Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bobomurod Aralov bu joyda savdo-sotiq bilan shug‘ullanadiganlarni tanimasligini, hech kim joy so‘rab biror marta ham murojaat qilmaganini, murojaat qilishganda bozordagi bo‘sh do‘konlardan ajratib berilishini ma'lum qildi.

Ammo bizga «bo‘sh» deb ko‘rsatilgan do‘konlarning deyarli hammasi band ekanligi, eshik-deraza qo‘yilmagan do‘konlargina ishlatilmay turganini ko‘rish mumkin. Mutasaddilar bu holni «bu do‘konlar hozircha omborxona sifatida foydalanilmoqda, aslida, bo‘sh turibdi», — deya izohlashdi.

Haqiqatan ham, ular aytganidek, bozor hududidagi ellikdan ortiq do‘konlar bo‘sh, deylik. Xo‘sh, bu do‘konlar qanday tartibda beriladi?

Ta'kidlanishicha, mazkur do‘konlar tadbirkorlar tomonidan qurilgan bo‘lib, bir kvadrat metr joy uchun 11 ming so‘mdan ijara haqi to‘laydi. Hokim o‘rinbosari esa «Iltimos qilamiz, sotuvchilar bir kun – faqat yakshanba kuni savdo qiladigan bo‘lsa, do‘konlarni bepul olib beramiz», — dedi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: bir tadbirkor qurgan do‘konda boshqa bir tadbirkor hech qanday haq to‘lamay faoliyat yuritsa, katta mablag‘ sarflab, do‘konlarni qurgan tadbirkor do‘konni qurish uchun qilgan sarf-xarajatlarini qachon va qanday qoplaydi? Boz ustiga, u hali kvadrat metriga 11 ming so‘mdan ijara haqi ham to‘lash kerak.

Xullas, mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, loyda savdo qilishni xohlamagan savdogar tuman hokimi o‘rinbosariga murojaat qiladi. U esa do‘konni qurgan tadbirkorga iltimos qilib, uni bepul olib beradi. Bir tadbirkorning muammosi boshqa bir tadbirkor hisobidan hal etiladi.

Hozircha mutasaddilar Loyishdagi loyga botgan bozor muammosini muvaqqat hal etishning mana shunday yo‘lini topishgan.

Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Aralov bu joyda dehqon bozori qurilishini, loyiha sentyabr oyida tasdiqlanganini ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, mablag‘ muammo bo‘lgani sababli qurilish ishlari shu vaqtga qadar boshlanmagan. 1 dekabr kuni, ya'ni ijtimoiy tarmoqlarda bu joyning surati tarqalgach qurilishi boshlangan bozorda ishlar qachon tugashi haqida ma'lumot berilmadi.

Mablag‘ masalasida berilgan savolga esa savdo kompleksi bilan hamkorlikda hashar yo‘li bilan qurilishi ma'lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda xuddi shu yerda joylashgan «Oqdaryo Savdo kompleksi» MChJ hududidagi do‘konlarga o‘t ketib, o‘ndan ziyon tadbirkorlarga moddiy zarar yetgani haqida hikoya qilgan edik.

Otabek Sharafov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: