Xayriya va Rasululloh bergan va'da. Rustamjon domla - yetimni kafillikka olish haqida 

Jamiyat 11:14 / 02.12.2020 13702

Birovga ko‘mak berish masalasida musulmon kishi nima qilishi kerak? Holatiga qarasin, unga yordam qilsin va bu doimo moddiy ko‘rinishda bo‘lishi shart emas, deydi andijonlik Rustamjon domla Hamidov.

Baliqchi tumanidagi Oqqo‘rg‘on masjidi imomi Rustamjon Hamidov Kun.uz’ga bergan intervyusida xayriya va muhtojlarga yordam berish masalasida mulohazasini bildirdi.

Ayni paytda kimdir xayriya uchun muhtojlikdan yordam so‘rasa yoki iltimosini bildirsa, odamlar xayriya so‘ragan muhtoj odamga nisbatan tanqidiy ko‘z bilan qarashni o‘rgandi. «O‘zining ikki qo‘li borku, ishlamaydimi, nima uchun mehnat qilib pul topmaydi» yoki «bu tilanchimi», degan ma'noda qarashyapti. Siz bunday munosabatga qanday baho berasiz?

— Bir oddiy dindor sifatida men Qur'oni karimga amal qilaman. Qur'oni karimda bir oyat bor: «Ey, odamlar bir-birlaringga yaxshilikda yordam beringlar». Yordam so‘rash masalasida kelgan odamga musulmon kishi nima qilishi kerak? Holatiga qarasin, unga yordam qilsin, pul bilan emas...

Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday so‘rab kelgan odamga nima deganlar? «Sen nima qila olasan? Uyingda sotgani biror narsa bormi?» Qarang, shu odamning er-xotin yopinib yotadigan narsasi bor ekan. Uni rasululloh sotib yubordilar. Sotib turib, bir bolta olib berdilar. Xudo baraka bersin, deb duo qildilar. Bolta bilan o‘tin qilib, bozorga olib borib sotadigan qildilar.

Musulmon kishi boshqa bir musulmonga yordam so‘rab bordi. «Qornim och qoldi, uyimda narsa qolmadi», dedimi, narigi odam ovqat bersa, ovqat bersin-da, endi buni so‘ramaydigan qilib qo‘ysin. Shu odamning qanday kasbi bor, qanday qilsam, ishi yuradi?

Biz asosan yetim bolalar bilan ishlaymiz. Moddiy va ma'naviy ta'minoti bilan shug‘ullanamiz. Bizga ko‘p savol bo‘ladiki, bu bilan uni tanbal qilib qo‘ymaysizmi? Men aytaman: «Siz ishlaysiz-a? Uyda ayolingiz, uch nafar bolangiz bor. Ishlab, pul topib, ularga oziq-ovqat olib kelasiz. Ular tanbal bo‘lmaydimi?» Bizning bolalar hammasi yosh bolalar, yetim bolalar. Ularga hozir oziq-ovqat, kiyim-kechagini qilib beramiz-da, sal yoshi katta bo‘lishni boshladimi, hunarga, o‘qishga beramiz. Onalarida nima hunar bor? Qishloqda chok tikadigan ayollarimiz ko‘p. Chok mashina, pishiriq pishiradigan olib beradigan yoki ko‘rpa-to‘shak tikadigan ayollar bo‘lsa, shunga dastmoya beradigan. Bu narsa albatta yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Payg‘ambarimiz: (s.a.v.) «Yetimning kafili men bilan jannatda shunday bo‘ladi», — deya ikkita barmoqlarini ko‘rsatganlar. Shundan ilhomlanamiz va barcha musulmonlar shu narsani orzu qilib yurishar edi. Alhamdulillah, hozir ham shunday.

Bizda shu narsaning yechimi topildi: biz xayriya qilmaymiz, balki yetim bolalarni kafillikka olamiz. Bu qanday bo‘ladi? Shu hadisni eshitgan har bir musulmon «Yetim bolani kafillikka olishni qanday qilsam bo‘lar ekan», deb orzu qilib yuradimi? Biz yetim bolalarni, qiynalgan oilalarni topib, yordam taklif qilamiz. Ular rozi bo‘lganidan keyin haligi orzudagi odamga yetim bolani taklif qilamiz. «Mana sizga bola, siz shuni kafillikka oling». Qanday qilamiz? Bizga ular o‘sha bola uchun ro‘zg‘orlik yuborib turishadi. Har hafta 100 ming so‘mlik ro‘zg‘or qilamiz. Bundan tashqari, bir yilda ikki marta mavsumga qarab kiyim qilamiz. Bolalarning o‘qishi, maktab o‘quv qurollari, formalari, hattoki, uydagi issiq-sovug‘igacha qilinadi.

Yuz ming so‘mga biz nimalar qilamiz? Biz bu mablag‘ga haftalik ro‘zg‘or qilamiz, uning ichida kundalik ishlatiladigan oziq-ovqatlar kiradi, lekin go‘sht yo‘q. Biz go‘shtni ilgariroq zaxira qilganmiz. Jumada ma'ruzalaridan birida ma'ruza qilayotgandim, bir fikr keldi, taklif sifatida aytdim: qurbonlikka 10-15 kun qoldi. «Ey birodarlar, sizlar qurbonlik so‘yib, go‘shtini nima qilasizlar», — dedim. «Aytaymi nima qilasizlar? Go‘shtini bizga osh qilib yedirasizlar. Men, siz, bu yerdagi katta hoji buvalar o‘sha kunlari shu darajada go‘shtga to‘ygan bo‘lamizki, go‘shtni ko‘rib ko‘nglimiz ayniydigan vaqt. Shunaqa vaqtda bizga osh qilib berib, savob olaman, deb o‘ylaysizmi? Hech ham.

Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar, «Dinda taom berish savob amal, sharti – narigi tomon och bo‘lsin». «Xohlaysizlarmi, biz sizning qurbonlikka so‘ygan go‘shtlaringizni og‘zi oylab go‘shtga tegmagan yetim bolalarga yetkazib beramiz, shunga biz vakil bo‘lamiz», — deb taklif qildik. Xalqimiz ajoyib, aytdimku, ovozimiz hozir uzoqqa yetyapti. Shu kundan e'tiboran dunyo bo‘ylab o‘z qurbonliklarini bizga yubora boshladilar. Mening  nomimdan bitta qo‘y so‘yib bering deb o‘z ismi, otasining ismini aytadi, ro‘yxatga olamiz. Aka-uka qassob bolalarimiz bor. Qurbonlik so‘yadigan 3 kunlik ichida haligi bolalar 8-9 ta shogirdi bilan 3 kun mol so‘ydi. Ularni muzxonalarga solganmiz. Hozir bir haftada bir marta 180-190 kg go‘sht tarqatamiz. Shu tarqatishda shogirdlarimiz keyingi qurbonlikkacha yetsa kerak deyishyapti. Bitta oilaga 1 kg 200 gr go‘sht qilganmiz.

Yetim bolani kafillikka olish masalasiga biroz to‘xtalib o‘tsangiz. Buning tartib-taomili, dinda, shariatda ruxsat berilgan qoidasi qanday?

— Kafillik — ajoyib narsa. Kafil zimmasiga olgan, degani. Yetim bolaning hayotini, oziq-ovqati, kiyimini zimmasiga olsinda, zimmaga olgan bu odamni bir kishi zimmasiga olgan: «Kim yetim bolaning kafilligini zimmasiga olsa, men uning jannatga tushishini zimmamga oldim», degan kishi bor — Hazrati payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom. Mana shu orzuda bu ishni boshlaganmiz.

Buning majburiyatlari qanday? Bir haftada bir marta yoki bir oyda bir marta bolaga bir oylik yetadigan narsani bizga beradi. Haftalik ro‘zg‘or har hafta o‘sha oilaga yetkazib beriladi. Bu yerda ajoyib bir narsa bor. Ba'zi odamlar 100 ming so‘m kam deyishadi. «Men o‘z uyimdagi farzandim, oilam uchun ko‘p ishlataman», — deydi. «Shuning uchun men kafillikka olgan bolaga haftasiga 500 ming beraman», — deydiganlar bor. Uni nima qilamiz? 100 ming so‘miga ro‘zg‘or qilamiz, qo‘llariga 400 ming so‘m naqd pul beramiz.

Shu yerda yana bir savol paydo bo‘ladi. Bizda ko‘pincha yetim bolani parvarish qilish, uni otaliqqa olish masalalari deganda uni o‘z uyiga olib kelib boqish, ta'lim-tarbiya berish, unga o‘z farzandidek munosabatda qarash tushuniladi. Yoki bo‘lmasam, yetim bola ulg‘ayayotgan oilani o‘z qaramog‘iga olish, beva ayol bo‘lsa, uni nikohiga olish aytiladi. Yetimni kafillikka olish bilan mana shu munosabatlarning o‘rtasida qanday farq bor?

— Tushuncha noto‘g‘ri bo‘lganidan ham bu muammo shu vaqtga qadar yechilmay yurgandi. Yetimni kafili deganda xalqimiz uyiga olib borib, boqishni o‘ylaydi. Yetimning kafili asli unday emas. Yetim bola o‘zining onasini yoki katta onalari qolgan bo‘lsa, shularning qaramog‘ida qolsin. Siz uyingizda turib, hech narsa tama qilmay, jannatni o‘ylab, u bolaga yordam qilishingiz kafillik deyiladi. Nimaga desangiz, uyingizga olib kelsangiz, mahramlik bor: u qiz bola bo‘lsa, sizga nomahram, o‘g‘il bola bo‘lsa, ayolingizga yoki uyingizdagi qizlarga nomahram bo‘ladi-da, keyin noqulayliklar kelib chiqadi. Shundan qo‘rqib, odamlar bu ishdan to‘xtab turibdi.

Umuman xayriya ishlari qachon va qaysi voqeadan boshlangandi?

— Yuqorida aytganimdek, o‘zim qiyin holatda yashaganim uchun faqirlarga yordam berishni doim orzu qilardim. Aslida, islom dinining ko‘p joyida, Qur'onimizda rizq berish, odamlarga yordam berish, infoq qilish haqida ko‘p narsa keladi.

Ajoyib bir voqea bo‘ldi. Ramazonda xalqimiz zakot beradi. Bir ayol, bizga yaqinroq opamiz ramazonda zakotlarini berdilar va uni muhtoj odamlarga bering, dedilar. Muhtoj odamlarning har turi bor. Har turining uylariga kirib, yordam berib turib, bir joyda yetim bolalar bor ekan. Ishonsangiz, shunaqangi og‘ir holatki, biz borgan kuni uylarida hech narsa yo‘q ekan. «Necha kundan beri hech narsalaringiz yo‘q?» desam, «Bir haftadan beri», deydi. Dadalari vafot qilgan, 3 nafar bola onalari bilan qolgan. «Qo‘ni-qo‘shnilarga kirmadingizmi?» desam, «Qo‘ni-qo‘shnilarim bizdan zerikdi-da», deydi. Ona ishga yaramas ekan. Shu kuni qalbimga shu narsa qattiq o‘rnadiki, «bu narsani yo‘qotish kerak». Xalqimizning ichida qo‘shnisidan ham eshigini berkitib oladigan odam qolmasligi kerak.

Mana shu ishlarni davom ettirishda, yana ham qo‘llab-quvvatlashda saxiy odamlarning ham hissasi bor. Ular ham yordamini berib, shu narsaga hissa qo‘shaylik deydi. Lekin ayrim holatlarda biz bilamizki, xayriya so‘rovchi, muhtojligini bildiruvchi odamlar ham topilavermaydi. Siz ularni qanday topasiz?

— Ajoyib narsa bor. Qur'oni karimda xayriya qilmoqchi, bir narsa bermoqchi bo‘lsangiz, shunday odamni topingki, u odam o‘zining iffatidan faqirligini bildirmasin. Shunaqa odamlar bor. Hokimiyat eshigida navbatda turadiganlar boshqa. Xudo bizga buyurgan odamlar o‘zlarining faqirligini bilmaydi, «tishini oqini ko‘rsatmaydi», deydiku. Unaqa odam xohlamaydi, «Yo‘q, men o‘zimni eplayapman», deydi. Bir boramiz, ikki boramiz, uch boramiz. Bir narsa qilib, yalinib yurib. Nimaga yalinasiz boshqa so‘rab turganlar bor-ku? Yo‘q, mana bu qadrli. Hozir shu kunda katta bir oilamizga qo‘shgan 70 tacha oilamiz bor. Bularning bolalarining oziq-ovqati, kiyim-kechagi, issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lib turibmiz.

Odatda yetim bolalarning atrofidagi qo‘shnilari, qarindoshlari tomonidan bizga izhor bo‘ladi. O‘sha oilani keyin topib bordik. Borayotib, men telefon qildim: «Haqiqatan ham sizning eringiz vafot etganmi?» Yonlarida ko‘chada avariya bo‘lgan ekan. Ikkita kichkina bolasi qolgan. «Biz sizga yordam bermoqchi edik». «Yo‘q, hozir kelmanglar, men hozir bir kishidan qarz olgani ketyapman», deb qoldilar. «To‘xtab turing, biz yaxshi bir xabar bilan ketyapmiz», deb bordik. Borib shu narsani taklif qilsak, bu ayol aytadiki, «men ehson ololmayman, men hunarmandman. Hozir bir kishidan qarz olib, chok mashina olib, ish yuritmoqchiman». Keyin biz iltimos qildik: «Chok mashinani biz olib beraylik, siz unda qancha yaxshi ishlar qilsangiz, farzandlaringizni boqsangiz, shogird chiqarsangiz, shu savobingizga sherik bo‘lamiz». Zo‘rg‘a ko‘ndirdik. Mana ajoyib ishlar bo‘lyapti, ko‘plab shogirdlar chiqarishyapti, ikkita yetim bolasini boqyapti. Umid qilamanki, shu ishga kim qancha yordam bersa, sadaqayi joriyaga yordam bergan bo‘ladi.

Kafillikka olish jarayonining bittasini sizga aytib beray. Bu ishlar qanday bo‘ladi? Yaqinda bir ayol telefon qildi. «Domla bir narsa so‘ramoqchi edim: xo‘jayinim o‘tganiga qirq kun bo‘ldi». Odatda muslima ayollar erlari o‘lganidan keyin idda o‘tirishadi. «Yosh bolam «smes» ichadi, erim ancha vaqt kasal bo‘lgani uchun qiynalib qoldik. Agar hozir ishga chiqmasam, bizda oziq-ovqatdan taqchillik kuchli bo‘lyapti», — deb mendan so‘rayapti. «Shunga men ishga chiqsam, gunohkor bo‘lmaymanmi, shuni sizdan so‘ramoqchi edim», — deydi. Xayriya ishimizdan bexabar ekan. Keyin men u ayolga aytdimki, «Singlim, siz ishga chiqmaysiz. Ishga chiqsangiz, gunohkor bo‘lasiz. Dunyoda nechta musulmon erkak: nechta akangiz, nechta ukangiz bor ekan, gunohkor bo‘ladi. Sizni idda o‘tirguningizcha boqib bera olishmasa. Hozir shoshmay turing, yetib boramiz», — dedik. Shom mahali edik. Xuftondan keyin kechroq yetib bordik. Haqiqatan ham bir ajoyib oila ekan: yosh bolalari ham dindor, namozxon, Qur'on o‘qiydigan. Keyin biz o‘zimizni tanishtirdik. Bizni shunday faoliyatimiz ham bor desak, haligi ayol «Yo‘q, men o‘zim ishlab pul topaveraman», — deydi. «Mayli, ishlab pul topavering, faqat idda o‘tirishingiz kerak. Bu eringizning hurmati. Ungacha biz sizni ta'minlab turamiz», — dedik.

Keyin u ayoldan bizga plastik kartasini berishini aytdik. Ularning kimligini hech qayerda aytmaymiz. «Dunyoda nechta musulmon aka-ukalaringiz, birodarlaringiz borligini ko‘ring», — deb ijtimoiy tarmoqqa shu plastik kartani joylashtirdim. Bu ayol bir oyda 800 ming so‘mga ishlarkan. Plastik kartani kechki payt joylashtirgan bo‘lsam, ertasi kuni ertalab soat 11gacha shu ayolning ikki yarim yil ishlab topadigan puli kartaga tushdi. Aksiyani yopdik, to‘xtatdik. Pulni ayolga berdik. Endi iddadan keyin yana ikki yil  bolalarining yonida emizikli bolasini boqib o‘tirsa bo‘ladigan bo‘ldi, alhamdulillah.

Bundan asl maqsad nima: ularning holidan xabar olish, barchasidan ko‘zlangan maqsad nima?

— Asosiy maqsad – Allohning roziligi. Payg‘ambarimiz alayhissalomning ruscha aytganda «missiyasi» bor edi. Missiya – Allohning roziligini topish va odamlarni o‘sha yerga yetaklash. Bizning ham maqsadimiz shu – Allohning roziligini topish va orqamizdan juda ham ko‘p odamlarni yetaklab borish.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustalari Nuriddin Nursaidov, Asad Allanazarov.

Ko‘proq yangiliklar: