Urganchda sudya 1200 dollar pora bilan ushlandi. Oliy sud voqea tafsilotlarini ochiqladi

Jamiyat 19:00 / 02.12.2020 29318

Oktyabr oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining sudyasi A.S. 10 ming dollar pora so‘rab, shundan 1200 dollarini olgan vaqtda hibsga olingan.

Oliy sud matbuot xizmati Kun.uz'ga voqeaning ayrim tafsilotlarini ochiqladi.

Ma'lum bo‘lishicha, sudya A.S. fuqaro X.R.ning 3 oktyabrda Xorazm viloyat prokuraturasiga bergan arizasi asosida, 4 oktyabr kungi tezkor tadbirda qo‘lga olingan.

U fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudida ishlovchi hamkasbi, sudya J.M.ga pora berish orqali, J.M. ko‘rib chiqayotgan ishni X.R. foydasiga hal qilib berishini aytgan.

Ushbu sud ishi X.R.ning da'vo arizasi asosida ochilgan bo‘lib, u suddan Xiva shahri, Lolazor mahallasi, Zuhra ko‘chasida joylashgan, 800 kv metr yer maydonidan iborat, qurilishi tugallanmagan uy-joyning oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni so‘ragan.

4 oktyabr soat 14:30larda prokuratura va ichki ishlar xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda, fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining sudyasi A.S. fuqaro X.R.ning Urganch shahridagi uyida, talab qilingan 10 ming dollardan kimyoviy ishlov berilgan 1200 dollarni olgan vaqtida, ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ertasiga, 5 oktyabr kuni Sudyalar oliy kengashi A.S.ni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a», «v» bandlari va 28, 211-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berish to‘g‘risida xulosa bergan. Shu kuni Oliy sud Plenumining A.S.ni jinoiy javobgarlikka tortish va qamoqqa olishga rozilik berish to‘g‘risidagi qarori chiqqan.

Shuningdek, Sudyalar oliy kengashining 5 oktyabrdagi qarori bilan, A. S. lavozimidan ozod etilib, vakolati muddatidan ilgari tugatilgan.

«Hozirgi kunda ushbu jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda», – deyiladi Oliy sud axborotida.

Korrupsioner sudyalarning ko‘rinib qolgan qilmishlari

Qayd etish joiz, yuqorida tafsilotlari keltirilgan jinoyat haqida jamoatchilikka Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva ma'lum qilgan edi. U bir necha kun oldin Oliy suddagi konferensiyada bu haqda qisqacha to‘xtalib o‘tgandi.

Bundan tashqari, To‘xtashevaning chiqishi ortidan aholi Toshkent shahar ma'muriy sudidagi jinoyatdan ham xabar topdi. Poytaxt ma'muriy sudi sudyalari va yordamchilari haydovchilar jarimasi ortidan 5 mingga yaqin soxta qarorlar chiqarib, 8 mlrd so‘mni talon-toroj qilgani aytilmoqda.

Yana bir holatda, Toshkent viloyatida uy qamog‘idagi shaxsning ziyofatida qatnashgan sudya ko‘p o‘tmay uni ozodlikka chiqargan.

Shu va boshqa holatlar Antikorrupsiya agentligi tomonidan oshkor etilishi ortidan, Oliy sud izoh berdi va faqat korrupsion holatlar gapirilib, ko‘rilgan choralar haqida gapirilmaganiga e'tibor qaratdi.

Oliy sud ma'lumot o‘rnida keltirdiki, 2020 yilning 11 oyi mobaynida o‘z faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 27 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 8 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilgan.

«Jamoatchilik korrupsioner sudyalar haqidagi xabarlarni sud tizimidan emas, boshqalardan eshitar ekan – bu tizimga ishonilmaydi»

Telegram'dagi «davletovuz» blogi muallifining fikricha, huquq idoralari o‘z tizimlarida sodir bo‘layotgan jinoyatlar haqida noxolis ravishda sukut saqlamoqda.

«Oddiy o‘qituvchi yoki shifokor pora olsa, bankir qo‘lga tushsa, huquq-tartibot idoralari butun elga jar soladi; biror jurnalist qonunni buzsa, birinchi bo‘lib qoralanadi, izza qilinadi. Lekin oxirgi paytlarda ko‘rayapmizki, sud va huquq-tartibot organlari saflaridagi poraxo‘r, firibgar va qonunbuzarlar tiqilib yotibdi. Shunchaki, ular o‘z safidagi «ayrim adashib qolgan» ishlarini «yopdi-yopdi qiladi», og‘iz birlik qilib, bu haqda batafsil axborot bermaydi. Uzog‘i bilan yil oxirida tizimdagi 5 yoki 6 nafar nopok xodimdan voz kechildi, deyiladi xolos.

Masalan, «Ark buloq» bojxona posti boshlig‘ining uyida o‘tkazilgan tintuvda, pora sifatida olingan 311 ming dollar naqd pullar olingan. Jinoiy yo‘l bilan topilgan pullar evaziga Bo‘stonliq tumanida 8 sotixli dala hovli qurgani, «Toshkent siti» majmuasidan 2 ta xonadon va bitta noturar joy hamda «Captiva» avtomashinasini sotib olgani aniqlangan. Prezident va Bosh prokuror aytmasa, biz bundan bexabar qolar edik.

Yoki kecha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtashevaning sharofati bilan korrupsioner sudyalar haqida bilib oldik. Sudyalar karantin payti sud hukmi bilan ozodligi cheklangan shaxsning tug‘ilgan kunida qatnashadi. Mazkur sudya mahkumga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqib, uni ozodlikka chiqargan.

[…] Sud tizimi o‘zining mustaqilligiga, qonunchilik ko‘p holatlarda ular tarafda ekanligiga urg‘u berib, jamoatchilik nazoratidan qochishga harakat qiladi, sud ishlariga jurnalistlarni kiritmaslikka intiladi, aybsizlik prezumpsiyasini pana qilib, o‘zining huquq bilimdoni sifatida ko‘rsatadi. Sudning obro‘si, ishchanlik nufuzini ro‘kach qiladi. Vaholanki, ularning orasida adolatga, manfaatlar to‘qnashuviga tupurib qo‘ygan, milliardlab mablag‘larni o‘zlashtirishda bevosita ishtirok etayotgan sudyalar ham tiqilib yotibdi.

Sud va huquq-tartibot organlari o‘z tizimlaridagi korrupsionerlarga nisbatan murosasiz, toqatsiz bo‘lishi kerak. Buning uchun tizimdagi har bir nojo‘ya xatti-harakat haqida u aniqlanishi bilanoq jamoatchilikka quruq emas, batafsil axborot berilishi lozim. Aybsizlik prezumpsiyasi va tergov siri hamda boshqa qonun normalari ro‘kach qilinmasligi kerak. Jamoatchilik korrupsioner sudyalar haqidagi xabarlarni sud tizimidan emas, boshqalardan eshitar ekan – bu tizimga ishonilmaydi, hamkasblarining qilmishlarini «mundir sha'ni» tarzida xaspo‘shlash bo‘layapti, degan shubhaga boriladi», – deb yozadi bloger.

Ko‘proq yangiliklar: