Toshkent shahar prokurori prokuratura sohasidagi asosiy kamchiliklar haqida fikr bildirdi

O‘zbekiston 20:26 / 29.11.2020 19470

24 noyabr – 1 dekabr kunlari Toshkentda ommaviy qabullar haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Bosh prokuratura va Toshkent shahar prokuraturasi mutasaddilari qabuli – murojaatchilar eng ko‘p to‘plangan qabullardan biri bo‘ldi.

Jarayon davomida Kun.uz muxbiri Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev bilan suhbatda bo‘ldi

«Shahar prokuraturasida fuqarolar har kuni qabul qilinadi, seshanba va payshanba kunlari esa katta qabullar uyushtirib kelyapmiz. Bir marta, sidqidilgan tekshirib, oxirigacha yetaylik, qancha vaqt talab qilsa ham, deb prokuratura xodimlari o‘zimiz kelishib olganmiz.

Agar murojaatlari qonuniy bo‘lsa, biz oxirigacha kurashyapmiz. Lekin qonunsiz talablar bo‘ladigan bo‘lsa, unda ham takroriy murojaatlar bo‘lishining oldini olish uchun bir marta jiddiy tekshirib chiqib, aytyapmiz: «Mana, biz tekshirdik, sizning murojaatlaringizni qanoatlantirib bo‘lmaydi, bu qonunga to‘g‘ri kelmaydi», deya tushuntirishlar berib kelyapmiz.

Lekin to‘g‘risini aytganda, ko‘proq sud ishlari bo‘yicha... Fuqarolik sudi, jinoiy sud, umuman ancha vaqtlardan beri sudralib kelayotgan ishlar ham yo‘q emas. Buning ichida shahar prokurorining vakolatiga kirmaydigan ishlar ham bor. Birinchi instansiya sudida ko‘rilgan, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyalarida ham ko‘rilgan ishlar bo‘yicha murojaatlarni o‘rganib, agarda lozim deb topsak, murojaatni qonuniy deb hisoblasak, sudlar tomonidan qabul qilingan qaror yoki hukmlarni bekor qilish to‘g‘risida Oliy sudga protest kiritishni so‘rab, bosh prokurorga taqdimnomalar ham kiritib boryapmiz.

O‘zimizda ham kamchiliklar ko‘p. Shahar prokuraturasida ham va umuman prokuratura sohasida. Kamchiliklar bo‘yicha ishlashimiz kerak. Kamchiliklar deganda qonunbuzilishlarni nazarda tutmayapman, asosiysi – muomalada kamchiligimiz bor, o‘zimizning ustimizda ishlashimiz kerak, qonunlarni oxirigacha bilmasligimiz bor.

Bu borada ham xodimlarni o‘rgatish ishlarini olib boryapmiz. Lekin besh qo‘l baravar emas. 250dan ziyod xodimimiz bor. Hammasini bir xil darajada bilimdon deb ayta olmaymiz. Shu sababli har juma kuni o‘qishlarimiz bor», – dedi Bahriddin Valiyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent shahar prokuraturasiga har yili 10–15 nafargacha yangi xodimlar ishga qabul qilinadi. Ular bosh prokurorning buyrug‘iga asosan qo‘yilgan talablarga binoan tayyorlab boriladi.

Ko‘proq yangiliklar: