“Mendan ketguncha, egasiga yetguncha...” – yangi uyning “siri” qanday ochilgani haqida

Jamiyat 16:48 / 28.11.2020 18340

Ma'lum bo‘lishicha, Nukus shahrida yangi bunyod etilgan 5 qavatli uydan xonadon xarid qilgan fuqaro, ko‘p o‘tmay bino shifti loyihadagidek yopilmaganini bilib qoladi.

“Ba'zi pudratchilar tomonidan qurilayotgan uylar go‘yo “mendan ketguncha, egasiga yetguncha…” qabilida qurilayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Nima bo‘lgan taqdirda ham uylar pishiq-puxta, aniq loyiha asosida qurilishi shart. Axir uydan insonlar uzoq yillar davomida foydalanishadi, unda xavfsiz va xotirjam yashashlari zarur.

Qoraqalpog‘istonlik A.A. joriy yilning mart oyida Nukus shahridan 5 qavatli uyning yuqori qavatidan xarid qilgan uyi bilan shunday holat yuzaga keldi”, – deyiladi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabarida. 

Iste'molchi o‘z uyini estetik va o‘ziga xos ko‘rinishga keltirish uchun “cho‘zilgan shift” usulida bezashni maqsad qilgan. Usta uyga kelib, shiftni o‘lchagan va buyurtmani qabul qilgan. Ammo belgilangan kunda keltirilgan buyurtmani shiftga joylashtirishning iloji bo‘lmagan. 

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga murojaat qilishga qaror qilgan fuqaro A.A. qurilish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatishda yordam berishlarini so‘radi. 

Qo‘mita huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan mazkur murojaat joyiga chiqib o‘rganildi”, – deyiladi Agentlik xabarida.

Ushbu qurilishga mas'ul bo‘lgan tashkilot hujjatlarda ko‘rsatilgan asosda jami 27.5 mln so‘mlik ta'mirlash ishlarini amalga oshirgan.

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi qurilish ishlarini nazorat qilish inspeksiyasi, “Universal proyekt smeta” MChJ vakili va pudratchi “Shahzada Nөkis” MChJ vakillari bilan murojaat joyiga borib o‘rganildi va haqiqatda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ma'lum bo‘ldi. Qurilish ishlarini sifatsiz olib borgan “Shahzada Nөkis” MChJga topshiriqlar berildi.

Mazkur MChJ iste'molchining xonadoni tepa qismiga 15 232 060,0 so‘m, xonaning ichki qurilish ishlaridagi kamchiliklarga 12 352 315,0 so‘m qo‘shimcha loyiha-smeta hujjatlari asosida jami 27 584 375,0 so‘mlik ta'mirlash ishlarini amalga oshirishga majbur bo‘ldi. Pudratchining yo‘l qo‘ygan kamchiliklari bartaraf etildi. O‘rganish natijasi bo‘yicha huquqiy baho berish yuzasidan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organga kiritildi”, – deyiladi Agentlik ma'lumotida.

Ko‘proq yangiliklar: